09:56 / 07.09.2018
8 170

Erkak qachon yigʻlaydi?

Erkak qachon yigʻlaydi?
Baʼzilar, er degan yigʻlamasligi kerak, deydilar. Ularning nazdida erkak jinsiga mansub insonlar koʻz yoshlari qotib qolgan, qalblari esa toshdanda qattiq jismga aylangan maxluqlar hisoblanadi. “Oʻgʻil bolasanku, yigʻlama!” deb koyiymiz gohida endigina piqirlashga tushgan bolamizni.

Biroq, dunyoni tiyran kuzatar ekansiz, ayolning yigʻisiga qaraganda erkakning yigʻisi qattiqroq ekanini bilasiz. Uning dod-faryodidan togʻlar larzaga keladi, ustunlar qulaydi. U uvvos solganida, dunyoning mana-man degan koʻngilchan ayollari ham hayratdan yoqa ushlab, bu borada er zoti bilan kurasha olmasliklarini anglab yetishadi. Chunki erkakning yigʻisi rostakam boʻladi, uning yigʻisidan yolgʻon boʻlmaydi. Ayollar yigʻlayotgan boʻlsalar, “ha, endi dardini toʻkib olyaptida” deyishingiz mumkin. Biroq, erkak koʻz yoshi toʻkayotgan boʻlsa, borib qaragingiz keladi uning oldiga. Chunki bilasiz-ki, bu odam bekorga yigʻlamaydi. U yigʻlasa, nimadir roʻy bergan boʻladi. Kamida, quyosh nurini soʻndirgan boʻladi. Hayron qolyapsiz-a gaplarimga?! Hayron boʻlmang. Zero bu haqiqat.

“Erkakni yigʻlatadigan voqealar taxminan qanday boʻladi?” deb soʻrashadi mendan. Men hayolimga kelgan voqealarni sanashga oʻtaman. Shularning oʻziyoq sizni yigʻlatishi kerak.

Erkak nomusga botsa yigʻlaydi, deyishadi qadimgilar.

Baʼzilar nazdida, mard er xotini xiyonat qilganida hoʻng-hoʻng yigʻlaydi. Yoʻq, yoʻq, “menga beparvolik qilding” deb, xotinining qilgan ishidan emas, balki unga ushbu eshikni oʻzi bilinar-bilinmas ochib berganidan yigʻlaydi.

Undan ham qattiqroq yigʻlaydi agar qizining fohisha degan nom olganini eshitib qolgan ota. “Bundan koʻra oʻlganim yaxshimasmidi?” deydi. Aniqki, bu ota bu xoʻrlik oʻrniga chindanda boshini kundaga ham qoʻya olardi.

Bolasining tobutini koʻtarib ketyotgan ota yigʻlaydi, hammani oʻziga qoʻshib yigʻlatib. Bolasiga achinib yigʻlaydi, desangiz, xato qilasiz. Chunki uni yigʻlatgan narsa boshqa – oʻgʻlini salohiyatli qilib tarbiyalashga urinmagani uni yigʻlatadi, “endi buning javobi qanday boʻladi?” degan oʻy otani qaqshatib yigʻlatadi.

Baʼzan oʻgʻil yigʻlaydi... otasining tobutini koʻtarib ketayotganda, demoqchimisiz? Aslo! Otaning tobuti ortidan yigʻlash u qadar katta fojea emas, balki undanda kattaroq musibat yigʻlatadi bu oʻgʻilni. U oʻrtoqlari bilan kulishib uyga qaytayotganida, otasining koʻchada mast-alast kelayotganini koʻrib qolganida yigʻlab yuboradi alamdan dod solib.

Singlisi haqida koʻchadan xunuk gap eshitganda, uyga kirib ketadida, hech kimga bildirmay yigʻlaydi bu “ish” ning oldini ololmaganidan hoʻngrab bechora aka. Yoʻq, yoʻq, singlisining or-nomusi, kelajagi deb emas, balki aka boʻlib bu musibatning oldini ololmaganidan yigʻlaydi xoʻrlanib.

Doʻst yigʻlaydi eng yaqin birodari doʻstlik nomidan soʻz ochib aldab ketganida. Uning yigʻisiga sabab doʻstini malomat qilish emas, balki “nahot men haqiqiy doʻst boʻlishga arzimadim, nahot meni u doʻst sifatida qabul qila olmadi, qusurlarim shunchalik koʻp edimi?” deb yigʻlaydi haqiqiy birodar.

Shuncha yigʻilarning oldida bir holatga boʻlgan yigʻi koʻngillarni eritib yuboradi. Bu holatni tinglash uchun tayyor turgan boʻlsangiz, qoyil qoldik jurʼatingizga: bir otaxonning yigʻisi-ki, bu yigʻi koʻngillarni zir titratadi. Oʻgʻillari uni hajga borishini taʼminlashgan, unga turli-tuman marosimlar tashkil etishgan, ammo “otam bizning qizil toʻylarimizni koʻrmay qoʻya qolsin!” deb oʻzlarining toʻylari oʻtayotganda, restoranga olib ketmay, uyga yolgʻiz tashlab ketishganida, otaxon dardini kimga yorarini bilmay yigʻlaganini eshitgan edik. Bundanda hasratlik kun boʻlmasa kerak qariya odamga?!

Taxminan mana shunaqa voqealar. Bu voqealarni davom ettiradigan boʻlsak, uning adogʻi koʻrinmas. Biroq, mazmun esa bittadir.

Haqiqiy erkak yigʻlamaydi, deyish ayni xatodir. Balki u uchun dunyoning turgan-bitgani yigʻidan iborat. Faqat buning sharti – oʻsha biz aytayotgan inson erkak boʻlishi shart. Agar yuqoridagi holatlar koʻz oʻngida sodir boʻlsa hamki, indamaygina ketayotgan va koʻz yoshi qalqimayotgan boʻlsa, xitobimiz ul kishiga qaratilmagan. Haqiqiy erkak aslida ayollardan koʻproq yigʻlaydi bu dunyoda.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkak qachon yigʻlaydi?