“Maqtalgan davr” deganda, hadisda maqtalgan, salafi solihlar yashagan uch asr nazarda tutilgan. “Salafi solihlar” deyilganda, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisda maqtagan uch davr – sahobalar, tobeinlar va tabaʼa tobeinlar davri tushuniladi. Quyida mazkur zotlarga tegishli hikmatli fikrlarni taqdim etamiz.
Baʼzi ulugʻlar shunday deyishgan: “Alloh taolo farishtalarni yaratganda, ularga aqlni berdi, shahvatni bermadi. Hayvonlarni yaratganda, ularga shahvatni berdi, aqlni bermadi. Odamni yaratganda, unga shahvatni ham, aqlni ham berdi. Kimning aqli shahvatidan ustun kelsa, u farishtalar maqomiga yetadi. Kimning shahvati aqlidan ustun kelsa, hayvonlar darajasiga tushib qoladi”.
Sufyon Savriy rahimahulloh bunday deganlar: “Nafsimdan koʻra men uchun ashaddiy dushman bilan olishmadim. Bir safar men taraf boʻlsa, bir safar menga qarshi boʻldi”.
Molik ibn Dinor rahimahulloh dedilar: “Oʻz nafsiga: “Sen shu insonning sherigi emasmisan? Sen shu insonning sherigi emasmisan?” deb, nafsini yomonlab, tanbeh berib, urushib, soʻngra unga Alloh taoloning Kitobini yuklab, oʻzi unga yoʻlboshchi boʻlgan kishiga Alloh rahm qilsin!”
Abu Bakr Varroq rahimahulloh dedilar: “Alloh taolo sari borayotgan yoʻlingda seni Alloh taolodan chalgʻitadigan narsalarni tark etish bilan yurishga kuch ol. Koʻksingda joylashgan nafsingchalik seni Alloh azza va jalladan chalgʻitadigan narsa yoʻq”.
Mujohid rahimahulloh dedilar: “Kim nafsini aziz qilsa, dinini xor qilgan boʻladi. kim nafsini xor qilsa, dinini aziz qilgan boʻladi”.
Yaʼni nafs insonni doim gunoh, maʼsiyatga boshlaydi. Demak, kim nafsining soʻziga kirsa, unga ergashsa, dinining koʻrsatmasiga teskari ish qilgan, gunohlarga qoʻl urgan boʻladi. Kim nafsining soʻziga kirmasa, uning havosiga uchmasa, dinining koʻrsatmasini ustun qoʻygan, gunohdan uzoq yurgan hisoblanadi.
Yunus ibn Ubayd rahimahulloh dedilar: “Men yaxshi xislatlarning yuztasini topdim. Oʻzimda oʻsha xislatlardan bitta boʻlsa ham borligini bilmayman”. Yaʼni u zot bu gapni kamtarlik bilan yaxshi inson boʻlolmadim, axloqni oʻzlashtirolmadim degan maʼnoda aytganlar.
Ulugʻ zotlardan birlari shunday deganlar: “Allohning bandadan yuz oʻgirganining alomati – uni befoyda narsalarga mashgʻul qilib qoʻyishidir”.
Yaʼni inson dunyosiga ham, oxiratiga ham foydali boʻlmagan gaplarni gapirishi, ishlarni qilishi haqida aytilyapti.
Maʼruf rahimahulloh dedilar: “Bandaning foydasiz narsalar haqida gapirishi – Alloh azza va jalla tarafidan kelgan xorlikdir”.
Yahyo ibn Muoz rahimahulloh dedilar: “Qalblar – ichidagi bor narsasi ila qaynayotgan qozonlarga oʻxshaydi. Tillar uning choʻmichlaridir. Bir kishi gapirayotganida unga nazar sol: uning tili qalbidagi narsani senga chiqarib beryapti. (U narsa) shirin... achchiq... chuchuk... shoʻr... va boshqa holatda boʻladi. Shunday qilib, tili chiqarib bergan narsa qalbining taʼmini senga bayon qiladi”.
Molik ibn Dinor rahimahulloh dedilar: “Albatta, yaxshilarning qalblari solih amallarni qilish istagi bilan qaynaydi. Yomonlarning qalblari buzuq ishlarni qilish istagi bilan qaynaydi. Alloh taolo sizlarning xohish-istaklaringizga, nimani oʻylab gʻam qilayotganingizga qaraydi. Shunday ekan, gʻamu istaklaringiz nimaligiga qarab qoʻyinglar, Alloh sizlarga rahm qilsin!”
Oisha roziyallohu anho dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin paydo boʻlgan bidʼat – toʻqlikdir. Agar qavmning qorinlari toʻysa, nafslari ularni dunyo sari (yaʼni dunyo topishga mukkasidan ketishga) boshlaydi”.
Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: “Havoi nafsiga tobe boʻlganlar bilan birga oʻtirmanglar! Chunki, ular bilan birga oʻtirish qalbni kasal qiluvchi omildir”.
Ibn Asiyr rahimahulloh dedilar: “Amalini odamlar koʻrishini yaxshi koʻrish – yashirin shahvatdir”.
Bishr ibn Horis rahimahulloh dedilar: “Shuhratni, mashhurlikni yaxshi koʻrgan odam Allohga taqvo qilmagan hisoblanadi”.
Ali roziyallohu anhu dedilar: “Ilm amalni chaqiradi. Agar amal kelsa, keldi. Aks holda ilmning oʻzi ham ketadi”.
Bishr Hofiy rahimahulloh dedilar: “Hadisning zakotini ado etinglar: oʻrgangan ikki yuzta hadisingizdan beshtasiga amal qilinglar!”
Muhammad ibn Abdulboqiy rahimahulloh dedilar: “Umrimning bir soatini ham befoyda, oʻyin-kulguga ishlatib, zoye qilmadim”.
Zahabiy rahimahulloh dedilar: “Albatta, ilm rivoyatning koʻpligi emas. Lekin u Alloh qalbga soladigan nurdir. Ilmning sharti – Qurʼon va Sunnatga ergashish, havoi nafs va bidʼatdan qochishdir”.
Ahmad ibn Hanbal rahimahullohdan “Yolgʻonchi-kazzoblarni qayerdan taniysiz?” deb soʻralganda, u kishi: “Vaʼdalaridan (yaʼni vaʼda berib, bajarmasliklaridan)” deb javob berdilar.
Samoh Muhammadning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi