11:43 / 31.10.2018
4 023

Er-xotinning o‘rtasiga kim tushadi?

Er-xotinning o‘rtasiga kim tushadi?
Gohida turmushimizda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, kimningdir maslahatiga, ko‘magiga ehtiyoj sezamiz. Har kim ham o‘z xatti-harakatlarini chetdan baholay olmaydi. To‘g‘ri, oiladagi sir sirligicha qolishi kerak. Ammo o‘sha oilaning o‘zi jar yoqasida turgan bo‘lsa-chi? Tahririyatimizga ana shu kabi mazmunda maktublar keladi. Ulardan ayrimlariga ekspertlarimiz yordamida chora izlashga harakat qilamiz...

“OILAMNING BUZILIShINI ISTAMAYMAN, AMMO...”

“Hozir juda mushkul vaziyatdaman. Yoshim o‘ttizda. Turmushga chiqqanimga bir yarim yil bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imning fe’liga hech ham tushunolmayapman. Qandaydir qizlar bilan tez-tez telefon orqali gaplashadi, “SMS”lar yozadi. Bir kuni telefonini titkilab ko‘rsam, ko‘plab qizlarning nomeri yozilgan ekan. “SMS”larni-ku, aytmasam ham bo‘ladi. Har birida erkalaydigan so‘zlar. Yaqinda bir tanishining tug‘ilgan kuniga tort bilan guldasta olib borib, eshigi oldida soatlab kutibdi. Mening tug‘ilgan kunimga bir dona gul ham sovg‘a qilmagan. Bu menga juda alam qildi. O‘zi haydovchi, yaxshi topadi.

Lekin menga pul sarflashni istamaydi. Shubhalarimdan xabar topgach, telefonini blokka qo‘yibdi. Bu xaqda qaynonamga aytsam, “O‘g‘limning ishlariga arlashmang”, deb urishib berdi. Hozir homiladorman. Erimning bu qilig‘ini qanday tushunishni ham bilmayman. Ayrimlar “Farzanding uchun yashashing kerak”, deydi. Ammo uy zindon, ko‘cha xandon bo‘lgan inson bilan qandayyashashim mumkin. Farzandimga qanday otalik qiladi? Nima men ko‘chada qolganmanmi? Iltimos, maslahat bering, erimning bu fe’lini qanday o‘zgartirsam bo‘ladi. Oilamning buzilishini istamayman…”
Muattar, Toshkent viloyati


TO‘TI AYaDAN 6 TAVSIYa
  • Avvalambor hamma narsaga sabr bilan erishiladi. Mana ko‘rasiz, eringiz sizning oldingizga qaytib keladi. Erinigzdagi bu vaqtinchalik ko‘ngilxushliklar o‘tib ketadi. Eringiz sizni yaxshi ko‘rmaganida, o‘z oilasining bekasi qilib olmas edi.
  • Farzand kutayotgan ekansiz, bu ham sizlarning baxtingiz. Farzand oilani bog‘lovchi zanjir deyishadi. Hademay, hammasi iziga tushib ketadi, meni aytdi, deysiz. Siz faqat biroz sabr qiling, ko‘proq o‘zingizga ahamiyatli bo‘ling.
  • Hozir faqat eringizga insof so‘rab, tug‘ilajak farzandingiz haqida o‘ylashingiz kerak.
  • Ayrim erkaklar yoshliklarida xato qilib,vaqti-soati bilan o‘zlarini o‘nglab olishadi. Ungacha ayolga yaratgan sabr bersin, deymiz.
  • Ba’zilar “Erim oldin qanaqa bo‘lganini bilmaysiz-da!” deb qolishadi. Bu ham turmushning osoyishta o‘tgunicha bir qancha sinovlarni yengib o‘tish kerak, degani emasmi? Aytishadi-ku, «Suv bir loyqalanib, keyin tinadi», deb.
  • Yaqinda farzandli bo‘lar ekansiz, bolali bo‘lgach, eringizda otalik mehri uyg‘onib, “Qilib yurgan noma’qul ishlarimning kasri bolamga urmasin”, deb ko‘zi ochilar. Nima bo‘lganda ham, oilangizni saqlab qolishni istayotganingiz yaxshi. Ammo sabrqiling, bir kun kelib hammasi joyiga tushadi.

MIRABBOS OTADAN 4 MASLAHAT
  • Bu vaziyatda sizga yagona maslahatim, o‘zingizni avaylang. Siqilib, tushkunlikka tushib o‘zingizni ham, bolani ham qiynamang.
  • Sizni hozirgi eng asosiy vazifangiz — yuragingiz ostidagi mitti odamchani eson-omon dunyoga keltirish. Qolgan muammolarni chetga surib turing.
  • Eringiz bilan munosabitingizga kelsak, birgalikdagi hayotingizning ilk kunlaridan hozirga qadar nimalar bo‘lganu qaysilari e’tiboringizdan chetda qoldi, shu haqda ham o‘ylab ko‘ring. Axir birinchi kundan shunday bo‘lmagandir. U bilan bu haqda gaplashganmisiz? Sizni “hurmat” qilmasligining sababi nimada?
  • Ba’zi erkaklar ayoliga shunday muomala qilishni to‘g‘ri deb biladi, kimdir o‘z hurmatini ko‘rsatishni istamaydi. Bunday vaziyatlarda oldingizda hamisha ikki yo‘l turadi. Shu inson bilan toqat qilib yashash yoki oilaviy hayotga nuqta qo‘yish. Ammo siz bu ikkisidan tashqari uchinchi yo‘lini ham izlang. Ehtimol farzandingiz tug‘ilgach, eringiz bunday odatlarini tashlar.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Er-xotinning o‘rtasiga kim tushadi?