Muqaddima
Mehribon va rahmli Allohning nomi ila boshlayman. Barcha maqtov, shukrlar olamlarning tarbiyachisi Allohga bo‘lsin. Nabiy va rasullarning eng sharaflisi bo‘lgan payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga, u zotning ahli oilalariga va ashoblariga salotu salomlar yog‘ilsin!
Alloh taolo Qur’oni Karimning ko‘p o‘rinlarida O‘zining haqqini ota-onaning haqqi bilan yonma yon keltiradi. Alloh taolo marhamat qiladiki:
“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uf» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt”. (“Isro” surasi, 23, 24-oyatlar)
Ularga yaxshilik qilishni esa jannatga kirishga sabab qilib qo‘ydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan sahih hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: «Xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!» Shunda sahobiylar: «Yo Rasululloh, kimni aytayapsiz?» – deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ota-onasining ikkalasi yoxud biri keksayib qolgan vaqtida hayot bo‘lib, so‘ngra jannatga kirmaganni», – dedilar. (Muslim rivoyati)
Bu boradagi oyat va hadislar ota-onaning o‘rni va fazli haqida umumiy shaklda kelgan bo‘lsa, onaning haqqi ulug‘ligini alohida bayon qilib beradigan boshqa hadislar bilan xoslanadi. Ona bunday sharafga homiladorlik va dunyoga keltirish qiyinchiliklari, tarbiyalash va shu yo‘lda duch kelinadigan qiyinchiliklarni matonat bilan bo‘yniga olgani uchun sazovor bo‘ldi. Ona insonlarning yaxshilik qilishga eng loyiqrog‘idir.
Bahz ibn Hakim roziyallohu anhu otasi va bobosidan rivoyat qildi, bobosi aytdi: «Ey Rasululloh, men yaxshiligimni kimga qilsam bo‘ladi?» – deb so‘radim. «Onangga!» – dedilar. Men shu savolimni uch marotaba qaytarsam ham, Rasululloh «Onangga» deyaverdilar. To‘rtinchi marotaba so‘raganimda: “Otangga va yaqin bo‘lgan qarindoshlaringa”, – dedilar.
Qo‘lingizdagi kitobda, onaga nisbatan, turli holat va vaziyatlarda qilinadigan muomalaning 150 yo‘li berilgan bo‘lib, endilikda onaga amaliy tarzda yaxshilik qilish va farzandlarning Allohning izni ila onalarining roziliklariga noil bo‘lishlari ko‘zda tutilgandir. Xususan, shar’iy ta’limotlardan xabardor farzandlar bu ta’limotlardan ham voqif bo‘lib, kundalik hayotlarida ularni tatbiq qilishga yo‘l qidirishlari ayni muddao bo‘ladi.
Men o‘sha yo‘llarni mavzular asosida tartiblamasdan yozdimki, kishi turli sharoitlarda hayot kechirarkan, o‘ziga munosibini tanlab olsin. Har xil yerlarda yasharkan, muayyan holatlarning ayni o‘ziga xoslashdan malollanmasin. Shuningdek, bu kitobdan nafaqat o‘g‘il farzandlar, balki qiz farzandlar ham foydalana oladilar. Yana bu kitobdan faqatgina qiz farzandlarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan nuqtalar ham o‘rin olgan.
Alloh taolodan ota-onalarimiz haqlariga rioya qilishimizga madad berishini, barchamizni ota-onalarimiz bilan firdavs jannatlarida birga bo‘lishimizni, bizga o‘z lutfi ila ularga mehr-muhabbat, shafqat va yaxshilik qilishni nasib qilishini va O‘zining roziligiga muvaffaq qilishini so‘rab qolaman.
Kirishishdan oldin
Ota-onalariga yaxshilik qilishga muvaffaq bo‘lganlarning ko‘pchiligining holatlarini taammul qilib ko‘rdim. Ularning qilayotgan ishlarini oson, ularning roziligiga erishish uchun qilgan harakatlari yengil, ishlarini xursandchilik bilan qiladilar. Ular ko‘p mehnat qilib, katta mashaqqatni ko‘tarmaydilar. Ular doimo uch narsani tashiydilar: ziyrak (farosatli) qalb, kulguvchi yuz (tabassum) va ixlos. Ixlos har qachon yuqoridagi ikkalasini oziqlantirib turadi. Muvaffaqiyat ularning hamrohlari, tavfiq esa yo‘ldoshlaridir.
Aziz birodarlar!
Bu kitobda mening atrofimdagi onalariga yaxshilik qilayotganlarni kuzatish asnosidagi mushohada va mulohazalarim o‘rin olgan bo‘lib, shoyad ularga ergashishga sabab bo‘lsa, ularning yo‘llariga ergashishga, muvaffaq bo‘lsak degan umidda taqdim qilyapman.
Quyida yaxshilikning 150 yo‘li turibdi, ular orasida tatbiq qilishga loyig‘ini topsangiz, shoshilib qoling, shoshiling... Agar loyig‘ini topmasangiz ham, birodaringizni duodan benasib qilmasligingizni so‘rayman.
(Davomi bor...)
Sulaymon Soqir
"Onaga yaxshilik qilishning 150 yo‘li" kitobi
"Onaga yaxshilik qilishning 150 yo‘li" kitobi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”