00:20 / 25.11.2018
14 752

Payg‘ambarimizni tushda ko‘rishni istaysizmi?

Payg‘ambarimizni tushda ko‘rishni istaysizmi?
Robi’ul avval oyida Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam xotirasining shabodalari esa boshlaydi va har mo‘min insonning qalbida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan sog‘inch uyg‘onib hayajonga keladi. Bu oyda u zotga salavotlar yo‘llash, ishtiyoqni kuchaytirish, ixlosni oshirish uchun U zotning hayotlari bilan bog‘liq asarlarni o‘qish va siyratlarini yana ham mukammalroq o‘rganish harakatida bo‘ladilar.

Alloh subhanahu va taolo «Ahzob» surasida:

«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salavot ayting va salom yuboring», degan (56-oyat).

Ushbu oyati karima Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning qadr-qimmatlari Alloh taoloning huzurida qanchalar ulug‘ ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Boshqa birov emas, Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishi ta’kidlanmoqda.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Imom Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan hadisda:

«Kimning huzurida men zikr qilinsam-u, u menga salavot aytmasa, o‘sha odam baxildir», deganlar. U zotning hayotlari, siyratlari, sifatlari va sunnatlarini o‘rganish lozimligi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga iymon keltirish, itoat etish, muhabbat qilish va u zotdan o‘rnak olish vojib bo‘lganidan u zotning hayotlari, siyratlari, sifatlari va sunnatlarini o‘rganish ham vojib bo‘ladi.

Ushbu voqea U zot sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimizni yanada ziyoda qilibgina qolmay, balki har doim U zotni eslashga undaydi.

Damashq shahrida bir taqvodor onaxon istiqomat qilar edi. Bir kuni u farzandlaridan biriga: «O‘g‘lim! Yurtimizda diniy bilimga ega eng katta ulamolardan so‘raydigan bir muhim masalam bor edi», deb iltimos qiladi. O‘g‘il onasining iltimosi bilan shayx Butiy hazratlarining oldiga borib, onasining gaplarini aytib, holatni tushuntiradi.

Ramazon Butiy ko‘p o‘ylab o‘tirmay, borishga rozilik bildirib, onaxonning uyiga tashrif buyuradi. Onaxon olimga:

– Men yoshlik chog‘imdan har kuni tushimda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassalamni ko‘rib kelaman. U zotni tushimda ko‘rmagan kecham yo‘q. Biroq, negadir so‘nggi kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi vassalam tushlarimga kirmay qo‘ydilar. Shundan bezovta bo‘lyapman. Umrim bo‘yi u zotni tushimda ko‘rib kelib, endi nega ko‘ra olmay qoldim? Shuning javobini ayta olasizmi?

Bu gapni eshitgan Shayx ko‘z yoshlarini tutolmay qoldi, xo‘ngrab yig‘lab yubordi. Onaxonning gaplaridan ta’sirlanib: «Biz ham sizga o‘xshab Allohning Rasulini har tun tushimizda ko‘ra olmaganmiz. Siz baxtli inson ekansiz, bizga sizdek bo‘lishga ancha bor ekan. Shu bilan birga, savolingizga javob berish juda qiyin, men bunga qodir emas ekanman», deb bor gapni aytadi.

Shayx Butiy ertasi kuni o‘zi ustozlik qiladigan madrasada dars chog‘ida shogirdlariga o‘sha ayol haqida hikoya qilib beradi. Dars so‘nggida qiziqqan ikki shogirdi o‘rinidan turib:

«Ustoz, ruxsat bersangiz, shu ayolning manzilini bizga aytsangiz. Biz uni ziyorat qilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vassalamni har kuni tushda ko‘rish baxtiga qanday muyassar bo‘lganini, buning uchun nimalar qilish kerakligini so‘rab, bilib olsak», deyishdi. Butiy hazratlari shogirdlariga onaxonning manzilini aytib beradi.

Talabalar mazkur taqvodor ayolning uyini topib borib, buning sabablarini bilmoq uchun kelganlarini aytishadi.

«Bolalarim, buni bilishni istasangizlar, erta tongda shu yerda bo‘linglar. Faqat kelishdan oldin nonushta qilmay, och qorin bilan kelinglar», deydi ayol va bunga qarshi emasligini ham bildirib qo‘yadi.

Talabalar ertasi kuni tong otishi bilan ayolning uyida hozir bo‘lishadi. Onaxon bo‘lsa, ikki talabani uyining bir xonasiga kirgazib: «Shu yerda bo‘linglar, men o‘zim aytmaganimcha, bu xonadan hech qayerga chiqmanglar», deb tayinlaydi.

Uy egasi qachon eshigimizni ochib, bizga va’z-nasihat aytar ekan, deb kutib o‘tiraverishdi. Biroq, onaxondan darak yo‘q, vaqt esa o‘tib borar edi. Bir mahal onaxon talabalarga tushlik uchun taom keltirdi-da, hech nima demay, qaytib chiqib ketdi.

Ertalabdan beri tuz tatimagan talabalar ovqatni paqqos tushurishdi. Taomning sho‘rligini ham sezishmadi, achchiqligiga ham parvo qilishmadi. Qizig‘i shundaki, xonadon sohibasi taom olib kirganida, ichgani na choy, na suv bergandi.

Shunday qilib, kech ham kirdi. Sho‘r va achchiq taom suv talab qilib, talabalarning tinkasini quritardi. Tashqariga chiqib suv ichayin deyishsa, onaxonning «Mening ruxsatimsiz xonadan chiqmanglar», degan buyrug‘i bor. Buyruqni qanday buzish mumkin?! Shu bois, tashnalik ichlarini qanchalar kuydirmasin, sabr bardosh bilan o‘tiraverishdi.

Onaxondan esa hali ham darak yo‘q. Ikkovlari uni kuta-kuta charchab, ko‘zlari ilinib, shu xonada uyquga ketishdi. Erta bilan xonaga onaxon kirib keldi.

– Yaxshi uxladinglarmi?

– Ha, Alhamdulillah, yaxshimiz, ona!

– Tushlaringizda nimalarni ko‘rdingiz?

– Onaxon, kecha bergan taomingiz ham sho‘r, ham achchiq bo‘lib qolgan ekan. Tashnalikdan ichimiz yonsa ham, bir amallab chidadik. Oxiri uxlab qoldik. Hozir gaplashib turgandik, ikkalamiz ham tushda suv ko‘ribmiz. Suvni shimirib ichib yotibmiz ekan, qancha ichsak ham, qonmayapmiz. Qisqasi, biz tushimizda faqat suv ko‘ribmiz.

– Mana, ko‘rdinglarmi, bolalarim! Sizlarga shuni aytmoqchi bo‘laganim ham shu edi. Sizlar kecha kun bo‘yi tashna bo‘lib, faqat suvni o‘ylagansizlar, shuning uchun ham tushlaringizda suvni ko‘rgansizlar. Suvni qancha ichsangizlar ham qonmaydigan holga tushgansiz. Men Allohning habibi, bashariyat sayyidi, Payg‘ambarim Muhammmad sollallohu alayhi vassalamni qancha o‘ylasamda, qanchalik sog‘insamda, unga bo‘lgan muhabbatga to‘ymayapman. Biror kunim yo‘qki, uni o‘ylamasam. U zotning siyratlari, nurafshon yuzlari, hikmatli so‘zlari, hadisi shariflari har doim qalbimda, ko‘z o‘ngimda turadi. Hech qachon u zotni yodimdan chiqargan emasman. Ul zotni taniganim sayin muhabbatim ortib boradi. Shuning uchun, men kun har kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. Sizlarni hayratga solgan sirim aslida shundan iborat, xolos.

Talabalar hayajondan yuragi og‘ziga tiqilib, qotib qolishdi va hamma gap Allohni va Rasulini sevishda ekanini amalda ko‘rib, butun vujudlari bilan his qilishdi. Haqiqatda, bu hikoya suv tomchilari uyqudagi yuraklarni uyg‘otgandek, mo‘minlarnig Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini junbushga keltirsa, ajab emas.
Rahmatillo MADAMINOV
Qo‘shtepa tumani “Eshonguzar”
masjidi imom-noibi

Manba: O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Payg‘ambarimizni tushda ko‘rishni istaysizmi?