06:31 / 05.12.2018
8 994

Qish mo‘minning bahoridir

Qish mo‘minning bahoridir
Mana o‘lkamizga qish fasli kirib keldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu faslning fazilatlari haqida bunday xabar berganlar:

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish mo‘minning bahoridir. Kunduzi qisqa bo‘ladi, ro‘za tutib oladi, kechasi uzun bo‘ladi(tahajjudga) turadi”, dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Askariy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida quyidagilarni yozgan: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Qish mo‘minning bahoridir”, deyishlari bahor fasli arablarda eng yaxshi fasl hisoblangani uchundir. Chunki bu faslda suvlar va o‘t-o‘lanlar mo‘l bo‘lishi sababli serobchilik bo‘ladi. Arablar yetimlarga xayr-ehson qiladigan sersaxovat kishini ham “yetimlarning bahori”, deyishadi”.

Demak qish fasli unda nafl ibodatlar ko‘p bo‘lgani e’tiboridan o‘t-o‘lanlari serob bo‘lgan bahorga o‘xshatilgan. Shu ma’noda qish fasli mo‘min kishi uchun eng yaxshi fasl hisoblanadi. Chunki bu fasldakechalari turli nafl ibodatlarni ado etish oson bo‘lgani singarikunduzlari ro‘za ibodatini ado etish ham nihoyatda yengil bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallambu faslni g‘animat bilishga undab bunday deganlar:

Omir ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qishdagi ro‘za salqingina o‘ljadir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Ya’ni odatda o‘ljani qo‘lga kiritish uchun ter to‘kib harakat qilinadi. Ammo ba’zi vaqtlarda uni ter to‘kmasdan, qiyinchiliksiz qo‘lga kiritish ham mumkin bo‘ladi. Qish fasli ana shunday qiyinchilik va mashaqqatlarsiz ko‘plab ajr-mukofotlarni qo‘lga kiritish fursatidir.

Bu fasl ayniqsa tolibi ilmlar uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Shu ma’noda bahor faslini dehqonlar uchun urug‘ qadash mavsumi bo‘lganidek, qish faslini tolibi ilmlar uchun ilm egallash mavsumidir deyish ham mumkin.

Mo‘minlar bahori bo‘lgan ushbu faslni go‘zal amallar bilan o‘tkazish baxtiga Alloh taolo barchalarimizni muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi
Abdulqodir ABDUR RAHIM

Manba: Islaminstitut.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qish mo‘minning bahoridir