18:03 / 25.12.2018
10 766

Suyukli ayol bo‘lishning 12 usuli

Suyukli ayol bo‘lishning 12 usuli
Dunyoda turmush o‘rtog‘ining muhabbatiga sazovor bo‘lishni istamaydigan ayol bo‘lmasa kerak. Chunki baxtning asosiy mezoni er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbatdir. Qolaversa, ikki dunyo saodatiga erishmoqchi bo‘lgan soliha ayol birinchi galda erining yuksak sevgisiga sazovor bo‘ladi.

Quyidagi tavsiyalar ayollarning baxtga erishishlarida ko‘maklashadi.

1. Tinglang, itoat eting. Eriga itoat etish – farz. Sizning umr yo‘ldoshingiz – oila boshlig‘i. Unga ana shu tuyg‘uni his etish imkonini bering. Shunda hurmat qozonasiz.

2. Eringiz mol-mulkini, uy-joyini ko‘z qorachig‘idek asrang. Chunki uning mulki sizning mulkingiz.

3. Biron joyga borsangiz, albatta eringizdan ruxsat so‘rang. Iznsiz ostona xatlab ko‘chaga chiqa ko‘rmang. Chunki eringiz sizga javobgar.

4. Eringiz uchun jozibali bo‘ling. Alloh taolo barcha ayollarni erlari uchun pardoz-andoz qilishga, doim go‘zal, pokiza, orasta bo‘lib yurishga buyurgan. Alloh amr etganidek, eringiz yuragini zabt etish uchun chiroyingizni ishga soling. Begona erkaklar e’tiborini tortishga urinmang.

5. Yaxshi kayfiyat bilan qarshi oling. Tasavvur qiling: eringiz ishdan qaytdi. Qarshisida saranjom-sarishta uy, shirin kalom, yaxshi kayfiyat bilan kulib qarshi olgan go‘zal ayoli, sevib iste’mol qiladigan mazali taomlar, aqlli farzandlar. Shunda ham eringizda salbiy munosabat kuzatilarmikan?!

6. Uyingizda zeb-ziynatga burkaning, eringiz uchun bezaning. Barcha ayollar bolaligidan nafis sirg‘alar, bilakuzuklar taqadi, chiroyli kiyimlar kiyadi. Ana shu odatni endi uyingizda davom ettiring. Bu, eringizga ma’qul keladi.

7. Hazillashing, kayfiyatini ko‘taring, eringizning jinsiy ehtiyojini qondirishga harakat qiling.

8. Oilasi uchun qilayotgan barcha ezgu harakatlari, mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib turing. Jannatiy ayolning bezagi erini doimiy qo‘llab-quvvatlash, oilasi farovonligi uchun qilayotgan ishlariga ijobiy baho berish, rahmat aytishdir. Zero, erining topganiga qanoat qilish, unga minnatdorchilik bildirish ayolning saodat kalitidir.

9. Oilaviy sirlarni, jinsiy hayot bilan bog‘liq ishlarni zinhor ko‘chaga olib chiqmang. Bunday gaplar er-xotin o‘rtasida qolsin. Bu, oila mustahkamligida juda muhim sanaladi.

10. Bahs paytida, aybingiz bo‘lmasa-da, “Kechiring”, “Uzr” deyishni lozim tuting. Har bir xonadonda kelishmovchilik, qo‘ydi-chiqdilar bo‘lib turadi. Bu – tabiiy holat. Ana shunday paytda bahslashmang, olovga moy sepmang, vaziyatni kuting, “Kechiring, jahlingizni chiqardim. Iltimos, bahslashmaylik, dadasi”, desangiz, olam – guliston.

11. “Jannat kaliti” bo‘lgan eringiz ko‘nglini olishga doim harakat qiling.

12. Nikohingiz mustahkam, oilaviy munosabatlaringiz yaxshi bo‘lishini Allohdan so‘rang .
“Baxtli hayot sari” kitobidan

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Suyukli ayol bo‘lishning 12 usuli