07:07 / 20.01.2019
8 660

Juftingiz sizni qaytadan sevsin!

Juftingiz sizni qaytadan sevsin!
Vaqt o‘tishi bilan hayotdagi turli bosimlar, ish va farzandlar tarbiyasi sababli er‑xotin aloqasi kuchsizlanib qoladi. Er‑xotin orasidagi barcha narsalar zerikarli bo‘la boshlaydi. Turmushning ilk kunlarida hukm surgan jo‘shqin tuyg‘ular topilmay qoladi.

Ko‘p oila bekalari turmushdan bir necha yillar o‘tgach, turmush o‘rtoqlarining muomalasi o‘zgarib qolganidan shikoyat qiladilar. Juftlar orasida sevgi, ehtiroslar yo‘qolib borayotganidan tashvishga tushadilar. Ammo bu muammoning muolajasini ko‘pchilik bila olmaydi. Ana shu e’tibordan biz oila bekalariga ba’zi tavsiyalarni taqdim etishni lozim topdik. Shoyad turmush qurganlaridan qancha yillar o‘tmasin, turmush o‘rtoqlari bilan oralaridagi muhabbat o‘z haroratini yo‘qotmasa, balki tuyg‘ular yangilanib tursa.

1. Aloqalarni mustahkamlash.
Avvalo, ayol eri bilan aloqasini yaxshilash yo‘llarini izlashi kerak. Aloqaning kuchsizlanishiga olib boradigan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishi lozim. Bu omillar iqtisodiy, ijtimoiy yoki ayolning qusuridan bo‘lishi ham mumkin. Aloqa zaiflashishining sabablarini aniqlash, holatni muolaja qilishda nihoyatda zarur.

2. Ba’zi odatlarni o‘zgartirish.
Ayol o‘zining ba’zi odatlarini o‘zgartirishi kerak. Eriga yoqmaydigan tasarruflaridan kechishi lozim. U, bu ishni xursandlik bilan qilishi, ayni paytda eriga saodat baxsh qiladigan narsalarni mahkam ushlashi darkor. Ayolning erini rozi qilishdagi sa’y‑harakati ikkovlarining orasidagi munosabatning o‘z tabiiy yo‘liga tushib ketishiga yordam beradi.

3. Jalb qilish vositalarini qo‘llash.
O‘tmishda turmush o‘rtog‘ingizning e’tiborini jalb qilish, o‘zingizga tortish uchun ishlatgan uslublaringizni qayta ishga soling. Yillar o‘tganiga qaramay, ushbu uslublar uning qalbiga ishq o‘tini qayta yoqishi mumkin.

4. Erkak va ayol orasidagi farqlarni hisobga olish.
Erkak va ayol fikr va tuyg‘uda turlichadir. Buni inobatga olib ish ko‘rish ayni hikmatdir. Qolaversa, turmushda vaqt o‘tishi bilan turmushning ilk kunlariga qaraganda erkak kishining fikri va o‘lchovlari ham o‘zgarib boradi. Shu sabab siz uning qanday fikr yuritishini tushunishingiz zarur. Siz ikkalangizning orangizdagi tafakkur tafovutlarini ajratib olishingiz darkor. Bu esa munosabatingizni yaxshilashingizda sizga qo‘l keladi.

5. Suhbat yo‘lini oching.
Siz bilan turmush o‘rtog‘ingiz orasida doimiy shaklda suhbat oynasi ochiq turishi kerak. Bu oyna orqali siz unga hislaringizni bayon qilishingiz, u bilan fikr almashishingiz kerak. Jimlik hech qanday muammoni hal qilmaydi. Balki ishlarni yanada chigallashtiradi.

6. Eng unumli vaqtingizni juftingiz uchun bag‘ishlang.
Uy ishlari va farzandlarning tarbiyasi sizni erga e’tibor berishdan chalg‘itib qo‘ymasin. Erkak sizning sevgingizga, unga bo‘lgan e’tiboringizga va uni qadrlashingizga muhtoj. Shuningdek, bunday munosabat eringiz sizga ham ayni shuni qo‘llashi uchun zarurdir.

7. Bir xillikni bartaraf eting.
Avval aytib o‘tganimizdek, hayotdagi zerikarli bir xillik er‑xotinlik aloqasida muhabbatning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bois eringiz uchun har kuni bir yangilik yoki kutilmagan bir tortiq tayyorlash orqali bir xillikdan qutuling. Masalan, alohida taom hozirlash, sayohat, yangicha izhor va hokazo.

8. Yangi chilla uyushtiring.
Yangi chilla rejalashtiring, ya’ni turmushingizning birinchi haftalaridagi xotiralarni hayotga qaytarishga ahyonda bo‘lsa ham yangidan uyushtiring. Bu rejani o‘sha kunlarni o‘tkazgan yerlaringizda amalga oshirsangiz ham bo‘ladi.

9. Eringizning xatolarini kechiring.
Eringizning kichik xatolari uchun dashnom berib, uzilish, uzoqlashishga borib qolishdan hazir bo‘ling. Chunki nafratga u ham nafrat bilan javob qilishi mumkin. Natijada orangizda sovuqchilik paydo bo‘ladi. Balki mabodo uni xatolaridan ogohlantirmoqchi bo‘lsangiz ham, hurmatiga munosib ko‘rinishda, tuyg‘ularini jarohatlamagan holda tanbeh bering.

10. Uni otangiz yoki boshqa erkaklar bilan solishtirmang.
Eringizni otangiz yoki boshqa erkaklarga solishtirmang. Balki uni yaxshi sifatlari bilan maqtang. Salbiy odatlarini tark qilishiga yordam bering. Solishtirish na o‘zingizga, na eringizga foyda keltirmaydi. Balki orangizda doimiy tortishuv kelib chiqishiga olib boradi. Shuningdek, u ham sizni boshqa ayollarga solishtirib, sizdan ayb axtarishga o‘tib qoladi.
Odinaxon Muhammad Sodiq tarjimasi

Manba: Muslimaat.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Juftingiz sizni qaytadan sevsin!