15:08 / 25.01.2019
8 552

Sir saqlash xususida

Sir saqlash xususida
“Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) meni bir ish bilan jo‘natgandilar. Shu sabab onamning oldilariga kech qoldim. (Uyga) kelganimda onam so‘radilar:

– Nega kechikding?
– Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) meni bir ish bilan jo‘natgandilar, – dedim.
– Qanday ish? – deb so‘radilar.
– Bu – sir!
– Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning sirlarini hech kimga aytma! – dedilar”. (Muttafaqun alayh)

Sharhni boshlashdan avval hadisni Imom Buxoriy “Sir saqlash” bobida keltirganini aytish lozim. Ba’zi olimlar bu sir Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) oilalariga oid ekanligi, aks holda, uni yashirish Anasga halol bo‘lmasligini ta’kidlaganlar. Ibn Battol aytadi: “Ahli ilmning fikricha, sohibiga zarar keltiradigan sirni ochish muboh emas, lekin odam o‘lgach, tirikligida yashirilgan narsalarning sir tutilishiga zarurat yo‘q”. Bunda u odamning obro‘yiga putur yetmasligi va kamsitilmasligi shart.

Ibn Hajar bu borada shunday deydi: “Ma’lum narsa shuki, birovning sirlarini vafotidan keyin ochish yoxud ochmaslik borasida aniq hukm yo‘q. Bunda quyidagi holatga qarab ish tutiladi:

1. Muboh holatlar: bu mustahab ham bo‘lishi mumkin. Hatto sir sohibi istamasa ham. Agar gap kishining taqvosidan xabar beruvchi karomat, manqaba va hokazolar borasida ketayotgan bo‘lsa.
2. Makruh holatlar. Bular ba’zida harom bo‘lishi ham mumkin. Bunga ibn Battolning fikri asos.
3. Vojib holatlar. Gap bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyat va burchlar haqida ketayotgan bo‘lsa”.

Sir saqlash haqida Anasdan yana bir qancha hadislar rivoyat qilingan: “Sirimni saqla, ishonarli bo‘l!”.
“Bir-biriga ishonib suhbatlashayotganlarning hech biri sherigi istamagan narsani oshkor qilmog‘i halol bo‘lmaydi!”.

“Birov bir narsa deb, atrofiga qarab qo‘ysa, bu omonat bo‘ladi”.
Binobarin, sir saqlash do‘stlik odoblaridan biridir. Og‘zi bo‘shlik qilish yaxshi bo‘lmagani kabi, og‘zi bo‘shlar bilan juda yaqin bo‘lish ham durust emas.
Bahodir MUHAMMADIYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sir saqlash xususida