Menimcha, millat darajasini shu millat ayolining darajasi belgilaydi. Chunki xalq ayolidan baland boʻlolmaydi. Negaki, xalq ayolning mahsulidir. Xuddiki, meva ogʻochidan ortiq boʻlolmaganidek, farzand ham onasidan uzoqqa ketolmaydi. Oʻzbekdagi: “Alpni ham, olimni ham ona tugʻadi”, degan hikmat bejiz emas. Ayolning oʻzi-ku har qayerda ham tabiatning bir sirli xilqati, yaratigʻi. Lekin oʻzbek ayoli bugun qay sirlar pardasi tagida. U dunyodagi koʻpgina xalqlarning ayolidan tamomila farq qiladi. Oʻzbek ayoli har qanday muhit va sharoitda yashab keta oladi.
Shu bois ham butkul notanish xonadonga kelin boʻlib tushgan qiz bir necha oyning ichida oʻsha oʻtboshiga singishib, birini “ota”, birini “ona” qilib oladi, bir umr shu uyda yashaganday ularning oʻziniki boʻlib ketadigina emas, balki bu uydagilarni oʻziniki qilib oladi ham. Endi biror sabab bilan kelinchagining xonadonida yashashga majbur boʻlgan har qanday erkak holatini tasavvur qiling. U umrining oxiriga qadar ham begona joyga singishmaydi, oʻzining “sigʻindi” ekanini bir daqiqa boʻlsin unutolmaydi. Men quyida sirtdan qaraganda nozikkina, ammo sirli qudratga ega oʻzbek ayoli maʼnaviyati qirralari borasidagi qarash va orzu-oʻylarimni bayon etishga harakat qilaman.
* * *
Nima uchun Sharq ayollari azal-azaldan butun dunyo eʼtiborini tortib kelgan? Uning yechimi yoʻq tenglama, oson boshqariladiganday tuyulsa-da, aslida boshqarish imkonsiz boʻlgan murakkab xilqat sanalishi sababi nimada? Feminizatsiyaning ommaviyligi jinslar oʻrtasidagi mutlaq huquqiy tenglikni taʼminlagan Botish (Gʻarb) oilasida eru xotin “qoʻsh hoʻkiz” emas, ularning munosabatida shaxsiy manfaat va qonunga muvofiqlik birinchi oʻrinda turadi. Mazkur tenglik qonun doirasida belgilangani va unga amal qilish huquqiy muammo boʻlgani uchun u yerdagi ayollarning erni “boshqarish”ga urinishlari zugʻum tusini oladi. Zero, teng kuchga ega tomonlarning xatti-harakatlariga faqat qonun hakamlik qilishi mumkin. Bu oʻrinda maʼnaviy qarashlar tizimi chetga surib qoʻyiladi.
Oʻzbek ayoli esa qonunda belgilab qoʻyilgan tengliknida daʼvo qilib oʻtirmaydi, oʻziga alohida eʼtibor kutmaydi. Lekin eridan hech narsani talab qilmagani holda hamma sohada unga oʻz taʼsirini oʻtkaza biladi. Chunki ayolning martabasi bizda yuridik muammo emas, balki maʼnaviy aktdir. Shu bois ham oʻzbek oilasida deyarli hamisha ayolning aytgani boʻladi. Chin erkak mavqe talashmagan, tenglik daʼvo qilmagan “ojiza” bilan qonunlashib yurishni oʻziga ep koʻrmay, ayol aytganiga koʻnib qoʻya qoladi. Rostdan ham, ojizligini, zaifligini oʻzi tan olib turgan odam bilan tortishishning nima keragi bor?
Qudratli sanalgan kishida ojizni ayash tuygʻusi kuchli boʻladi. Bu tuygʻu odamni yuksaltiradi. Butun kuch-qudrati ojizligida ekanini yaxshi anglagani tufayli oʻzbek ayoli ojiz koʻrina olish sanʼatini puxta egallashga harakat qiladi. Va oʻzbek ayoli maʼnaviyatining aynan shu qirrasi millatdoshlarimiz hayotiga oʻzgacha maʼno, oʻzaro munosabatlariga oʻzgacha joziba baxsh etadi. Shuning uchun ham ayrim genderchi faollar tomonidan kelinlarning biror joyga kuyovlaridan ruxsat soʻrab borishlari inson huquqlarining toptalishi tarzida talqin etilib, oilada hech kim hech kimga boʻysunmasligi kerakligini targʻib etilishi milliy qadriyatlarni bilmaslik, uni oyoqosti qilib, milliy oʻziga xoslikni yoʻqotishga urinish, oʻzbek oilasi mustahkamligiga zarar yetkazishdan boshqa narsa emas.
Qozoqboy YOʻLDOSHЕV
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”