15:18 / 19.09.2019
2 736

Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qisqartirish bo‘yicha 18 maslahat

Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qisqartirish bo‘yicha 18 maslahat
Tariflar oshishini to‘xtatib qololmaymiz, ammo kvitansiyalarda qayd etiladigan raqamlarni kamaytirish qo‘limizdan keladi. Kommunal xizmatlarga kamroq pul sarflashning bir necha choralari bilan tanishtirib o‘tamiz.

1. Termoizolyatsiya tizimlarini tekshiring
Hozirgi kunda aksariyat xonadonlarda eski yog‘och derazalar o‘rnini plastik romlar egallamoqda. Ular ishonchliroq, ammo vaqt o‘tishi bilan montaj ishlarida foydalanilgan ko‘pik quriydi, rezina-zichlagichlar dag‘allashadi. Derazadan shamol kirmayotganiga aminmisiz? Javob qoniqarsiz bo‘lsa, tirqichlarni berkiting, aks holda qishda ko‘chani isitasiz. Shuningdek, kirish eshiklari termoizolyatsiyasini ham ko‘zdan kechiring.

2. Xona haroratini nazorat qiling
Ushbu tavsiya mustaqil isitish tizimiga ega xonadonlar uchun amal qiladi.
Ishga ketishdan yoki kichik safar oldidan radiatorlarni pasaytiring. Bo‘sh xonalarni isitishdan nima foyda? Qaytishingiz bilan batareya ventilini burib xonani qulay haroratgacha isitib olasiz. Taymerli termostat yordamida issiqlikni nazorat qilish eng qulayidir.
Uy isib ketsa, derazani ochish o‘rniga batareya haroratini pasaytirish maqbulroq ish.

3. Cho‘g‘lanma lampalar o‘rnini LED egallasin
Bu mablag‘ talab qiladi, ammo chiqimni oqlaydi. LED turidagi chiroqlar oddiy lampalarga nisbatan 8-10 barobar kam energiya sarf qiladi.

4. Chiqayotganda chiroqlarni o‘chiring
Siyqasi chiqqan tavsiya, ammo biz bu qoidani tez-tez buzib turamiz. Buni bolalarga o‘rgatish ayniqsa muhim. Uyda bo‘lmagan vaqtingizda hamma xonani yoritishmasin.

5. Harakat datchiklarini o‘rnating
Bu qurilmalar nafaqat ko‘p qavatli uylar yo‘laklari uchun qulay, balki hovlilardagi terras (peshayvon) va cherdak, yo‘laklar, balkon, omborcha va boshqa kam tashrif buyuriluvchi va chirog‘i ko‘p yoniq qoluvchi joylar uchun ham foydali.

6. Maishiy texnikadagi quvvat tejash samaradorligini tekshiring
Zamonaviy maishiy texnika vositalari quvvat unumdorligi sinflariga bo‘linadi.

U qancha yuqorilagan sari (A++, A+, A) uskuna soatiga shuncha kam quvvat sarflaydi. Agar sizdagi muzlatgich va kir yuvish mashinasi S’dan past belgiga ega bo‘lsa, ularni almashtirish haqida o‘ylab ko‘rishingiz kerak. Ha, bu ham pulga borib taqaladi, ammo uzoq yillik muddatni inobatga olsangiz, foyda anchagina miqdorni tashkil etishini sezasiz.

7. Muzlatgichni taftish qiling
Eshikchalardagi rezina qoplamasi va muzxonani tekshiring. Sintetik qistirmalar chala yopilsa, sovutish besamar ketadi. Mahsulotlar sarxilligi yo‘qoladi va elektr energiyasi isrof bo‘ladi.
Muz qatlamlari ham muzxonadagi, ham sovutish bo‘limidagi samaradorlikni pasaytiradi. Muzlatgichni muntazam eritib turishga harakat qiling, jarayon gigiyenadan boshqa maqsadlar uchun ham o‘tkaziladi.

8. Muzlatilgan mahsulotlarni ertaroq olib qo‘ying
Birinchidan, tabiiy muzdan eritish foydaliroq. Ikkinchidan, mahsulot bir necha soatda o‘zi erishi mumkin bo‘lganda mikroto‘lqinli pechni yoqishga na hojat?

9. Elektr-plitani ertaroq o‘chiring
Elektroplitaning ustki qismi, odatda, keramik materiallardan ishlab chiqarilishi sababli issiqlikni ancha uzoq vaqt saqlab turadi. Shuning uchun tayyorlanayotgan taom retseptining oxirida «yana 5-10 daqiqa past olovda dimlang» deb yozilgan bo‘lsa, plitani qo‘rqmasdan o‘chiraverishingiz mumkin. Qoplama soviguncha, ovqat pishishga ulguradi.

10. Tez qizuvchi materialdan tayyorlangan idish ishlating
Keramika, shisha va mis buyumlar quyma temir va po‘latga nisbatan tez qiziydi. Fizika qonuni. Tovangiz qancha tez isisa, shuncha kam gaz ketadi. Iqtisod qonuni.

11. Elektrochoynakni hozir kerak bo‘lgan miqdordan ortiq suv bilan to‘ldirmang
Elektrochoynak quvvatni ko‘p sarflaydi. To‘la 2 litrli choynakni qaynatish uchun 5 daqiqa atrofida vaqt ketadi. Ammo doim ham qaynoq suvning hammasini birdaniga ishlatasizmi?

12. Changyutgichni tozalang
Changyutgich ham ko‘p elektr sarflaydi. Chang va chiqindi xaltasi to‘lgan vaqtda esa yana ikki barobar ko‘p quvvat talab qiladi, samaradorlik esa aksincha nolga tushib ketadi. Bitta joyda o‘n martalab qayta-qayta tozalashga urinasiz. Bu nafaqat qo‘shimcha vaqt, balki qo‘shimcha kilovattni ham sovuradi.

13. Kir yuvish mashinasini kam quvvatli rejimda ishga tushiring
Biz ko‘pincha kir yuvish mashinasini yorliqlariga befarq holda ishga tushiramiz.
Suvni 60 °S’ga isitish 30 °S’ga qaraganda 4 barobar ko‘p elektr tokini talab qiladi.

Kirni ketkazish uchun qaynoq suv (60 °S va undan yuqori) doim ham zarurat emas. Keyingi safar shu haqida o‘ylab ko‘ring.
Yana bir tejamkorlik usuli — kamroq aylanishlar soni bilan siqish (1200 o‘rniga 600 yoki 800). Ha, kiyimlar nisbatan namroq bo‘ladi, lekin kamroq pulingiz ketadi.

14. Santexnik chaqiring
Jo‘mrak tomchilayotgan yoki suv sizib chiqayotgan vaqtda quvurdan suv emas sizning mablag‘ingiz oqyapti. Muammolarni mustaqil yoki o‘z ustasi ko‘magida kechiktirmasdan bajaring.

15. Suvni tejab ishlating
Eshik taqillab qolganda yoki telefon jiringlaganda shoshilib yugurmang, avval jo‘mrakni berkiting.

17. Faqat ro‘yxatda turuvchilar uchun to‘lang
Ko‘pincha, liftdan foydalanish, yo‘laklarni tozalash, maishiy chiqindilar va «kapremont» uchun xonadonda ro‘yxatda turuvchilar soniga qarab to‘lov summasi belgilanadi. Akangiz yoki qaynonangiz yoxud o‘g‘lingiz allaqachon boshqa shaharga ko‘chib ketgan bo‘lsa ham ro‘yxatdan o‘chirilmagan bo‘lsa, ular uchun ham to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Shu kabi rasmiyatchilik ishlarini vaqtida bajaring va mahalla faollarini bundan xabardor qiling.

18. Kommunal hisob-kitob daftari tuting
Aksariyat iste’molchilar kommunal xizmatlari sifatidan emas, uning yuqori to‘lovidan aziyat chekishadi.
Doimo to‘lov qog‘ozidagi raqamlarni uskuna ko‘rsatkichlari va amaldagi tarif bo‘yicha taqqoslang.

Energiya ta’minoti kompaniyalaridan qayta hisob-kitob qilib berishni so‘rashdan tortinmang. Eng asosiysi kommunal to‘lovlarni penyasiz to‘lashga odatlaning.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qisqartirish bo‘yicha 18 maslahat