15:57 / 25.12.2019
4 653

Ayolingizning qadriga yetyapsizmi?

Ayolingizning qadriga yetyapsizmi?
Erga itoat borasida o‘zbek ayollariga yetadigani dunyoda yo‘q bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.
Malayziyada bir ukam bor. Taqdir taqozosi bilan malay qizga uylangan. Shu ukam aytadi:
– Onalarimiz, umuman o‘zbek ayollari tilloga teng. Charchab ishdan kech kelaman, uyga kelganingda suyuqmi, quyuqmi ovqat tayyor bo‘lsa, bunga nima yetsin. Mayli, ovqat qilib kutib olmasin, qornim och, ikki dona tuxum pishirib ber, desam, xotinimga erish tuyulib kuladi. O‘zim pishirib yeyman. Hech shu narsalarni o‘rgatolmayapman...

Dubayda ishlaydigan do‘stim aytadi:
– Dubayda qurilish qildik, ishchilarga har kuni uydan ovqat olib kelaman. Bir kuni yonimizdagi qo‘shni arab so‘rab qoldi:
– Bu ovqatni qayerdan olib kelyapsan?
– Uydan, xotinim tayyorlab beryapti
– Qo‘ysang-chi, aldama, xotinim menga ovqat pishirib bermaydi-yu, sening xotining butun jamoangga ovqat qilib beradimi? Mashaalloh, subhanalloh, deb takrorlashdan boshqa gapga o‘tolmay qoldi...

Turkiyadagi tanishim aytadi:
– Turklar ayolidan hasrat qilganini ko‘p eshitib qolaman. Erining qo‘lida puli bormi-yo‘qmi, umuman qiziqtirmas ekan. Er ishdan kelishiga "Bizni falon restoranga olib bor, shunaqa ovqat yegimiz kelyapti", deb farzandlarini kiyintirib, tayyor bo‘lib olar ekan. Qo‘limda pulim yo‘q, oyligim chiqsa boramiz, desa ham qaysarlik qilib turib olar ekan...

Bularni yozib, boshqa millat ayollarini yomonlash emas maqsadim. Shunchaki o‘zbek ayollarimizning qadrini bilmayotganimiz va bizdagidek ayollar hech yerda yo‘qligini eslatmoqchiman, xolos.
Ertalab namozga uyg‘otsa, nonushta tayyorlasa, farzandlaringizni oq yuvib-oq tarab maktabga jo‘natsa, kiyimlaringizni dazmollab taxt qilib qo‘ysa, aytganingizni qilsa, gap qaytarmasa, ishdan kelishingizga jilmayib kutib olsa, uyda doim mazali issiq ovqatingiz tayyor bo‘lsa.

Bunaqangi ayollar qayerda bor?

Ayolingiz mehnatini qadrlang, hadyalar berib xursand qilib turing.
Inson ne’mat qadrini faqat yo‘qotgandagina his qilar ekan. Keyin kech bo‘lib afsus qilib qolmang, deyman-da...

Abu Zubayr

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayolingizning qadriga yetyapsizmi?