13:14 / 23.07.2020
3 184

Tojikistonlik shifokor: «Bizda ham vahimali davr bo‘lgandi»

Tojikistonlik shifokor: «Bizda ham vahimali davr bo‘lgandi»
Koronavirus pandemiyasi og‘ir kechyapti. Har kuni jon talvasasida azob chekayotgan bemorlarni, vafot etayotganlar haqidagi ma’lumotlarni, dafn etilayotganlar videolarini kuzatyapmiz.
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridan bo‘lgan shifokor Rahimjon Ibragimov bilan Tojikistondagi vaziyat, ikki davlatdagi kasallik kechishi bo‘yicha o‘xshashliklar va farqlar haqida gaplashdik, deb yozadi Kun.uz nashri.

– Rahimjon aka, O‘zbekistondan salom. Bizdagi vaziyatni kuzatib boryapsizmi?
– Sizlarga ham Dushanbedan salom. Ha, O‘zbekistondagi vaziyatni muntazam kuzatamiz. Nafaqat kuzatamiz, balki duolarimizda eslaymiz, Allohdan shu sinovlar tezroq arishini so‘raymiz. Bu ikki davlat, ikki millat hamisha bir-biri haqida qayg‘urgan.

Albatta, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan holatdan xavotirdamiz va bu manzara bizga juda yaxshi tanish. Chunki bizning Tojikiston ham bunday kunlarni, vahimali onlarni boshdan o‘tkazdi.

– Tojikistonda kasallik ortda qoldi, deb o‘ylaysizmi?
– Bunday deyishga hali erta. Lekin keskin ko‘payish, sarosimali davr ortda qoldi, deb aytish mumkin. Eng muhimi – odamlarimizda xotirjamlik va bu kasallikni yengish mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi. Pandemiyada esa bu nihoyatda muhim.

O‘zbekistondagi yangiliklarni internet orqali kuzatib borarkanman, yaqinda o‘tkazgan kunlarimizni eslayman. Yoshlari ulug‘ ota-onam, akam, kelinoyim, jiyanlarim, qo‘yingki oilamizning aksariyat qismi bu kasallikka chalindi. Ayniqsa, ota-onamdan xavotir oldim. Shukr, bugun nafaqat ular, balki ko‘plab boshqa tanishlarim ham shifo topishdi.

– Ayni paytda juda ko‘pchilik bizda kislorod ballonlari, oksigeneratorlar qidirib yurishdi. Sizlarda bu vositalarni xarid qilish muammo emasmi?
– Aytganimdek, o‘sha vahimali kunlarda bizda ham shunday bo‘ldi. Men o‘zim oliy ma’lumotli shifokor bo‘lsam-da, davolash ishlari bilan shug‘ullanmayman. Tibbiy uskunalar yetkazib beruvchi firmam bor. Bizga ham juda ko‘p uskunalar buyurtma berishdi, borlarini ham sotib olib ketishdi. Hatto soppa-sog‘ odamlar ham sun’iy ventilyatsiya moslamalarini xarid qila boshladilar. Aytishim mumkinki, bu davr uzoq davom etmaydi. Hammasi vahima tufayli.

– Dori-darmonlar bilan vaziyat qanday? Tanqislik kuzatilmadimi?
– Dorilar ham shunday bo‘ldi, vahima davrida hamma o‘zini dorixonaga urdi va tushunib-tushunmay sotib ola boshladi. Lekin keyin anglab yetildiki, har bir dori albatta shifokor nazoratida qabul qilinishi kerak. O‘z holicha dori qabul qilish esa vaziyatni og‘irlashtirishi ham mumkin, bizda bunday holatlar afsuski kuzatildi. Yana bir jihati – ko‘pchilik bu kasallikni darhol, 2-3 kun ichida o‘tib ketishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo uning o‘ziga yarasha davriyligi bor va o‘sha o‘rtacha 7-10 kunni sabr va ehtiyot bilan o‘tkazish kerak. Tabiiy vositalardan foydalanish eng to‘g‘ri usul. O‘zim ham oilamga shunday qildim, Xudoga shukr, hammalari sog‘ayib ketishdi.

– O‘zbekistonliklarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
– O‘zim ham o‘zbeklarga begona emasman, bu millatdan qarindosh-urug‘lar juda ko‘p. Qardoshlarimizning har biri uchun qayg‘uraman. Boshidan o‘tkazgan odamning gapiga ishoning – bu vahimalar o‘tkinchi! Bu virusning o‘zi odamni o‘ldirmaydi, xuddi grippdek o‘tadi. Albatta, o‘lim holatlari bo‘lmaydi deya olmayman, ular bor va anchagina. Lekin e’tibor bersangiz bu bemorlar surunkali kasalliklari zo‘rayishidan vafot etadilar.

To‘g‘ri va balanslashtirilgan ovqatlanish, tabiiy ne’matlarga e’tibor qaratish, sog‘lom turmush tarzi, ko‘p suyuqlik ichish, vahimaga tushmaslik – mana shular bu virusga qarshi eng samarali vositalar. Axir O‘zbekiston, Tojikistonda tabiiy ne’matlar, vitaminlarga boy meva-sabzavotlar serob. Ana shularni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Eng muhimi – kasallikka chalinsangiz ham o‘zingizni yo‘qotmang. Fikrimcha, hamma baribir shu kasallikni bir marta boshidan o‘tkazib, immunitet hosil qilib olishi kerak. Bu kasallik o‘tganidan keyin ham ma’lum muddat umumiy holsizlik, qon quyuqlashishi kabi holatlar kuzatilarkan. Buni ham ko‘p suyuqlik ichish, tez-tez, foydali ovqatlanish bilan yengish mumkin.

– Umuman, virusga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida qanday farqlar, o‘xshash jihatlarni ko‘rdingiz?
– Asosiy o‘xshash jihati – har ikki davlat hukumatlari qo‘llaridan kelganicha harakat qilishyapti. To‘g‘ri, qiyinchiliklar bor, lekin bu virus kuchini ham hisobga olish kerak. Bu ikki davlat nisbatan kam qurbonlar bilan o‘tkazmoqda, ishqilib shunday bo‘lib qolsin. Bizda boshida u darajada qattiq karantin qilinmadi, ya’ni uydan chiqishlarga qarshiliklar bo‘lmadi. O‘shanda, kasallik ko‘paya boshlaganda qo‘rquv bo‘lgandi.

Albatta, har bir davlat o‘zidagi vaziyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib chora ko‘radi. Masalan O‘zbekistonda aholi bizdan ko‘ra ancha ko‘p va shaharlar zich. Har qanday davlat sog‘liqni saqlash tizimi esa ma’lum bir darajadagi yuklamadagina bir me’yorda ishlaydi. Qattiq karantin taktikasi ham shunga ko‘ra tanlangan bo‘lsa ajab emas. Lekin bizda bunday qilinganining ham bir hikmati bor ekan – juda ko‘pchilik kasallikka chalinib, sog‘ayib, immunitet hosil qilib oldi. Immunitet muddati qisqa deyishyapti, buni endi vaqt ko‘rsatadi.

Barcha o‘zbekistonliklarga o‘zingizni, yaqinlaringizni asrang va sog‘ bo‘ling, deb qolaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tojikistonlik shifokor: «Bizda ham vahimali davr bo‘lgandi»