14:30 / 09.08.2020
3 458

Tarvuz haqida 8 ta kutilmagan qiziqarli fakt

Tarvuz haqida 8 ta kutilmagan qiziqarli fakt
Foto: Marie Claire
Avgust oyida g‘arq pishgan tarvuzlar quyosh bilan to‘yingan, tabiiy va sog‘lik uchun juda foydali. Fransiyada chop etiladigan Marie Claire ayollar jurnali tarvuzning kutilmagan xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.

Tarvuz sportchilar uchun foydali
Agarda sog‘ligingiz uchun jismoniy mashqlar bilan faol shug‘ullanishga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda sizga tarvuzning ajoyib xususiyatlarini bilish foydadan xoli emas.

Bu poliz mahsuloti mushaklar og‘rig‘ining oldini olishga yordam beradigan L-sitrullin – aminokislotasidan iborat. Kuchli mashg‘ulotdan so‘ng mushaklarda achishish paydo bo‘lmasligi uchun, mashqdan oldin yangi tarvuzning 1/3 qismini sharbat qilib iching. Bu og‘riq va tashnalikni pasaytirishga yordam beradi.

Tarvuz po‘sti va urug‘larini yeyish mumkin
Qanchalik be’mani tuyulmasin, biz tarvuz po‘stini tashlamaslikni tavsiya qilamiz. Birinchidan, ular mazali. Ularni mayda bo‘laklarga kesib, limon, bodring va maydalangan tuz bilan birga blenderga joylashtiring. Xohishga qarab, unga shakar va ko‘katlar qo‘shishingiz mumkin. Natijada sizning stakaningizda nafaqat tetiklantiruvchi ichimlik, balki C, B1, B2 vitaminlari, karotin, foliy va pantoten kislotasi kokteyli ham bo‘ladi. Ichimlikka urug‘larni qo‘shishni maslahat bermaymiz, ammo uning ichini yeyish yaxshi.

Tarvuz – bu deyarli suv
Bilamizki, tarvuz asosan suvdan iborat. Unda suyuqlik miqdori 91 foizni tashkil qiladi. Tarvuz shirinlik kaloriyasi eng kam poliz mahsuloti hisoblanadi. 100 gramm tarvuz tarkibida jami 38 kaloriya mavjud.

Tarvuz ko‘zlar va miya uchun foydali
Olimlar tarvuzda A va B6 vitaminining yuqori miqdorini topib, bir yo ikki bo‘lak tarvuz ko‘z va aqliy qobiliyatni yaxshilaydi, degan xulosaga kelgan. A vitamini ko‘zni turli infeksiyalardan himoya qilib, xushyorlikni yaxshilaydi. B6 vitamini esa xotirani mustahkamlab, fikrlash tezligini oshiradi.

Tarvuz ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi
Tananing ultrabinafsha nurlariga chidamliligini oshirishda tarvuz juda foydali. Uning tarkibida quyosh nurlarining zararli kuchiga qarshi tura oladigan kuchli likopin antioksidantlari mavjud.

Tarvuz shakar yig‘adi
Pishgan tarvuzda 5 % dan 13 % gacha oson hazm bo‘ladigan shakar mavjud. Pishish arafasidagi tarvuzda fruktoza va glyukoza sintezlana boshlaydi. Saxaroza esa tarvuzda keyinchalik, mevani saqlash paytida paydo bo‘ladi. Shuning uchun qandli diabet bilan og‘riganlarga faqat pishgan tarvuzdan oz miqdorda yeyish tavsiya etiladi.

Tarvuz organizmni shlaklardan tozalaydi
Tarvuz hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, yurak-qon tomir tizimiga foydali ta’sir ko‘rsatib, buyrak va jigarni tozalaydi. Shuningdek, organizmda xolestrinni yo‘qotishda yordam beradi. Tarvuz organizmida tosh paydo bo‘lish muammosiga duch kelgan kishilarga ham tavsiya etiladi.
Agarda tarvuzni taomnomangizdan chiqarib tashlash uchun yetarli sabab bo‘lmasa, unda siz kuniga 2-3 kg tarvuz iste’mol qilishingiz mumkin.

Tarvuz nitrat bor-yo‘qligini oson aniqlaydi
Tarvuz po‘stlog‘i atmosferadan turli zararli moddalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq so‘nggi yillarda nitratlar yordamida yetishtirilgan tarvuzlar soni keskin ko‘paydi. Sotib olingan tarvuzning «sog‘ligini» tekshirish aslida juda oddiy. Kichik tarvuz bo‘lagini kesib oling va suvga botiring. Agar bir yarim soatdan keyin suv biroz loyqa bo‘lsa, unda hammasi yaxshi, lekin suv yorqin pushti, qizil yoki to‘q sariq rangga kirsa, bu tarvuzni yemaslik zarur.

Mazali tarvuzni qanday tanlash mumkin?
- Og‘irligi 5-7 kilogramdan oshmaydigan o‘rtacha kattalikdagi tarvuzlarni tanlang;
- Eng shirin tarvuzlar cho‘zilmagan, biroz tekislangan va urug‘i bo‘ladi;
- Tarvuzning dumi quruq va sariq bo‘lishi kerak. Yashil dum tarvuz hali pishmaganligi belgisidir;
- Pishgan tarvuz urilganda xira tovush chiqaradi. Siqilganda yoriladi;
- Yaxshi tarvuzda yoqimli porlash va bir tomonida sariq dog‘i bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)