00:13 / 09.10.2020
3 407

Ota-onalar farzandlariga tanbeh berayotganida yo‘l qo‘yadigan 7 ta xato

Ota-onalar farzandlariga tanbeh berayotganida yo‘l qo‘yadigan 7 ta xato
Foto: «Liza»
Ziddiyatli daqiqalarda hissiyotlar yengib chiqadi. Shuning uchun nizo chiqqan paytda farzandlarga bo‘lgan munosabatni buzmaydigan tarzda o‘zni tutishni o‘rganish ota-onalar uchun muhimdir.

Bolaga uning yomonligini aytish
Agar bola noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa, unga «Sen yomon bolasan» yoki «Buni faqat tarbiyasiz qizlar qiladi» deb aytish mumkin emas. Ota-onalar bunday vaziyatda farzandlarini emas, balki ularning xatti-harakatini baholashi kerak. Shuningdek, muhim qoidani unutmaslik lozim: farzandlaringizga dakki berishdan avval o‘zingizni tahlil qilishga odatlaning.

Aybni bolaga yuklash
Tasavvur qiling, xonaga kirganda devorga qalam bilan suratlar chizilgan. O‘ylab ko‘ring-a, bola bo‘yoqni qayerdan olgan bo‘lishi mumkin? Balki uni yuqoriga qo‘yish kattalarning yodidan chiqqandir. Demak, ayrim vaziyatlarning kelib chiqishiga ota-onalarning o‘zi ham sababchi bo‘lishi mumkin. Bu kabi holatda kichik va himoyasiz bolajonlarni emas, albatta, o‘zingizni koyishni ham o‘rganing.

Bosim o‘tkazish
Masalan, farzandga berilgan planshet qurilmasini ma’lum vaqtdan keyin uning uxlashi yoki ovqatlanishi uchun tortib olib qo‘yish bolada qattiq xafagarchilik, g‘azab uyg‘otishi mumkin. U o‘zini xuddi nuqsonli yoki hammadan ortda qolgan deb o‘ylay boshlaydi. Shuning uchun ota-onalar farzandlari bilan muzokara olib borishni o‘rganishi kerak. Yaxshisi, unga qurilmani berishdan avval qancha muddat foydalanishi va vaqt tugagandan so‘ng shartlarni bajarishini aytish kifoya.

Moddiy yetishmovchilikni ko‘rsatish
Ota-onalar ko‘pincha bolalarining xulq-atvori bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun o‘zining mavqeyidan foydalanadi. Masalan, «Ulg‘aysangiz o‘zingiz sotib olasiz, lekin hozircha qarorni men qabul qilaman» qabilidagi gaplar. Ammo negadir aynan shu uslubdan foydalangan holda bolaga ota-ona va uning vakolatlarini hurmat qilish o‘rgatilmaydi. Shu sababdan boladagi ichki norozilik yillar davomida to‘planib, voyaga yetganida yuzaga chiqadi va ota-onasiga qanday munosabatda bo‘lishini tasavvur qilish mumkin.

O‘zni tajovuzkor tutish
Ko‘pincha ona va bola o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lganda onalar o‘zini qanday tutishni unutib, baqirishni boshlaydi. Ammo ishxonada boshliq qandaydir yoqimsiz ish qilsa, unga nisbatan ovoz ko‘tarilmaydi. Demak, o‘sha vaziyatda qanday qilib o‘zingizni bosgan bo‘lsangiz, uyda ham buni amalga oshirishning iloji bor. Bu, albatta, his-tuyg‘u va aql-idrokni boshqarish qobiliyatiga bog‘liq.

Bolani kechirim so‘rashga majbur qilish
Ko‘pincha ota-onalar bolalaridan har qanday arzimas ish uchun ham kechirim so‘rashni talab etadi. Bola esa nima tufayli aybdorligini bilmay, ota-onasining kayfiyatini yaxshilash uchun darhol yod olingan jumlani takrorlaydi. Endi o‘ylab ko‘rish vaqti keldi: muhimi kechirish so‘rashmi yoki aybini tushunib yetish? Tanlov har kimning o‘zida.

Qarama-qarshi munosabat
Bola ota-ona yoqtirmaydigan ishni bajarishi bilan unga nisbatan teskari munosabat olib boriladi. Bunday vaziyatda, aslida, sukut saqlagan ma’qul. Ammo jazo sifatida bolani yomonga chiqarish mutlaqo mumkin emas. Har qanday jazo adolatdan bo‘lishi va shaxsiyatni kamsitmasligi kerak. Aziz ota-onalar, farzandingizga har qanday holatda ham hurmat bilan munosabatda bo‘ling. Shundagina kelajakda o‘zingiz faxrlanadigan insonni tarbiyalayotgan bo‘lasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ota-onalar farzandlariga tanbeh berayotganida yo‘l qo‘yadigan 7 ta xato