2 972
«Inson o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishi kerak» — AQSHdagi o‘zbekistonlik senior dasturchi
Saidbek Arislonov 27 yoshda. Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maxsus ta’limni tibbiyot yo‘nalishida olgan bo‘lsa-da, hozirda AQSHda MasterCard kompaniyasida full-stack dasturchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Saidbekning «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida ofitsiant yordamchiligidan senior dasturchilikkacha bo‘lgan yo‘li, AQSHda dasturchilar qancha daromad ko‘rishi, sohasining murakkabliklari haqidagi fikrlarini taqdim qilgan edik. Intervyuning ikkinchi qismida Kremniy vodiysidagi muhit, jamiyatga foyda keltirish va ustuvorliklarni to‘g‘ri belgilay olish xususida so‘z boradi.
«Kremniy vodiysidagilar ham o‘qishni tavsiya qilishadi»
— Ko‘pchilik dasturchi bo‘lish uchun oliy ma’lumot kerakmi-yo‘qmi, degan savol bilan qiziqadi. Bizda odamlar universitetga oliy ta’lim emas, diplom uchun kirishadi. Chunki kattalar shunaqa shart qo‘yishadi.
Universitetga kirishni men ham tavsiya qilaman. Kremniy vodiysiga borib gaplashganimda, ular ham oliy ta’limda o‘qishni doim tavsiya qilishadi. Chunki bunda noldan boshlab o‘rgatiladi, birov tepangizda turib o‘rgatadi. O‘zi izlanganda esa ko‘pchilik dangasalik qiladi.
Avvalo sohamni o‘rganaman deb niyatni to‘g‘ri qilish kerak. Nomi uchun, diplom uchun o‘qishga kirish kerak emas.
Marketga rezyume qo‘yganimda bir startapdan aloqaga chiqishdi. Universitetlarni bitirib ketganlar haqida ma’lumot jamlasharkan. Ma’lumotni yig‘ib, statistika chiqarib berishadi. Bu muayyan universitetni bitirib chiqqanlarning qanchasi ishga kirdi va qanday ishga kirdi degan savollarga javob bo‘ladi. Hamma bunga pul tikishga tayyor. Qaysi universitetning bitiruvchilari natijalari baland bo‘lsa, maqomi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Statistikasi ham halol bo‘ladi. Yana ham yaxshiroq ishlashga, zo‘r ta’lim berishga harakat qiladi.
«Dinga xizmat qilish faqatgina diniy bilim bilan bo‘lmaydi»
— «Ummatga qanchalik kerakli ekanliklaringizni bilganlaringda, uxlamasdinglar», deyilgan. Bu hammaga tegishli. Maqsadlar borasida shunchalik maydalashib ketganmizki, katta narsalar qolib ketyapti.
Dinga xizmat qilish faqatgina diniy bilim bilan bo‘lmaydi. Boshqa sohada ham din uchun xizmat qilsa bo‘ladi. Misol, mening qo‘limdan keladigani dasturlash. Mana shu qobiliyatim bilan dinimga, ummatimga xizmat qilaman deb o‘ylaganman. Hali maqtanadigan hech narsam yo‘q. Lekin kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham boshlab oldim. Odamga shijoat beradigan narsa – ummatga keraklilik hissidir.
AQSHda IT sohasida yurtdoshlarimiz ham ko‘payib qoldi. Ularning ko‘pchiligi o‘qishga kelgan, shundan keyin ishlab qolgan. Ammo qo‘lida grin-kartasi bor, komfort zonasiga tushib olganlar ham anchagina. UBER'da ishlashadi, fura haydashadi. Lekin ko‘p mehnat qilishadi, oilasidan uzoqda bo‘ladi. Agar o‘sha insonlar ozgina harakat qilib, yaxshilab o‘qisa, uyda o‘tirib ham ko‘proq pul topsa bo‘ladi. Faqat ozgina harakat qilish kerak.
Muvaffaqiyatning asosiy omili haqida
— Muvaffaqiyatning asosiy omili bu – Allohning bergan barakasi. Atrofimdagi insonlar doim meni ruhlantiradigan kishilar bo‘lishgan. Nyu-Yorkda ishlaganimda o‘zim kabi ishlarda ishlaydigan xonadoshlarim bo‘lardi. Ularni ko‘rib, men ham yaxshi ishlayapman degan o‘yga borardim. Virjiniyaga borganimda esa ko‘rdimki, hamma IT'da. Yaxshi pul topishadi, shanba-yakshanbada oilaviy dam olishga ketishadi. Ularning gap-so‘zlarini eshitib, ularga o‘xshashga harakat qilganman. Mening ham qo‘limdan keladi degan umid bo‘lgan.
Ya’ni atrofingizdagilar o‘sishingizga hissa qo‘shmayotgan bo‘lsa, ularni o‘zgartirish kerak. Ular bekorchiligingizga sababchi bo‘layotgan bo‘lsa, bu davradan chiqish kerak.
Doim o‘zimdan kattalar bilan yuraman. Chunki ular menga yanada o‘sishimga yordam berishadi. Men tengi yigitlar choyxonaga borib gap sotib o‘tirishadi. Bir oyda bir bo‘lsa, yaxshi. Lekin bunaqa o‘tirishlar har kuni bo‘lsa, intilish bo‘lmasa, bu yaxshi emas. Choyxona bo‘lganda ham foydali suhbatlar bo‘lishi kerak.
«O‘zbekistonda ham Kremniy vodiysini yaratsa bo‘ladi»
— Kremniy vodiysiga borganimda meni qoyil qoldirgan narsa – u yerda ishlayotganlarning ko‘pchiligida grin-karta bo‘lmagan.
Grin-karta ancha yo‘llarni tayyor ochib beradi. Ko‘pchiligi harakat qilib avval shu yerdagi institutga hujjat topshirgan. Bitirgach, bir yillik ishlash huquqini beruvchi shartnoma beriladi. Shu bo‘yicha ishga kirishgan. Yirik kompaniyalar sizni yoqtirib qolsa, qolgan hammasini o‘zi to‘g‘rilab beradi. 6–7 yillik, 10 yillik reja qilishadi. Shundan keyin nimaga erishaman degan maqsad qo‘yishadi.
Birinchi oyligingizni olguncha qancha vaqt ketgan desangiz, «2–5 yil» deyishadi. Bizda esa «necha oydan keyin pul topaman» degan savol qiziqtiradi faqat. Ular maqsadni katta qo‘yishgan. Harakat qilsa, hamma narsa bo‘ladi.
Men Kremniy vodiysiga borganimda karantin vaqti bo‘lgani uchun ofislarning hammasi yopiq edi. U yerda eng zo‘r narsa – dasturchilarning muhiti. Ko‘chada hamma noutbuk bilan o‘tiradi. Kompyuteriga yopishtirilgan nakleykalardan qayerda ishlashini bilib olishingiz mumkin. Netvorking juda zo‘r. Kofeshopda o‘tirib, o‘zaro g‘oya almashishadi.
Narxlar ikki baravar qimmat bo‘lsa ham, borib yashashga arziydi. Starbucks'ga kirsangiz, hamma kuchli dasturchilar o‘tiradi. Bu muhit to‘lqinlantiradi.
O‘zbekistonda ham Kremniy vodiysini yaratsa bo‘ladi, lekin bunga vaqt kerak. Yaxshi kadrlar chiqaversa, O‘zbekiston dasturchilar vatani sifatida tanilsa, kompaniyalarning o‘zi kelishni boshlaydi.
«Kattaroq marralarni ko‘zlash kerak»
— Nega o‘zbeklardan katta ixtirolar chiqmaydi, deyishadi. Chunki maqsadni katta qo‘ymaymiz. Bitta uy olsam, oqib turadigan biznes ochsam, bo‘ldi deymiz. O‘zim ham shunaqaman. O‘zgarishim kerak. Maqsadni katta qo‘yish kerak.
Maqsading nima desa, «Rossiyaga borib ishlash», deydiganlar ham yo‘q emas. Bu narsani o‘zgartirish kerak. Kimga qarab intilishni ham to‘g‘ri belgilab olish kerak. Hozir yoshlarga kimlarni o‘rnak qilib ko‘rsatishayotganini esa ko‘ryapsiz.
Musulmon kishi dinda ham, dunyoda ham birinchi bo‘lishi kerak. Faqat dinga berilib, dunyoni esdan chiqarish yo teskarisi bo‘lmasligi kerak. Ikkalasini ushlay oladiganlar kam.
Inson eng mukammal qilib yaratilgan. Shuning uchun har bir ishda mukammallikka intilish lozim. Hatto videoo‘yin o‘ynayapsanmi, shunda ham eng zo‘ri bo‘lishga intil.
Men YouTube'dagi kanalimga har xil videolar olib qo‘ysam bo‘ladi. AQSH haqida video qilaman desam, mavzu ko‘p. Ammo har bir videoni qo‘yganimdan keyin bu video mening vafotimdan keyin savob keltirib turadimi yoki gunohmi – shuni o‘ylab ko‘raman. Juda ko‘pchilik shu haqida o‘ylab ko‘rmaydi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Filippinda amaldor prezident va rafiqasini o‘ldirish uchun qotil yolladi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Maksim Shatskix "Istiqlol"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
Xalqaro moliya bozori sharhi...
Italiyadagi xushmanzara qishloq Tramp boshqaruvidan norozi amerikaliklarga 1 dollardan uy taklif qilmoqda