19:50 / 01.02.2021
2 937

Eski tish cho‘tkasi qo‘l keladigan holatlar

Eski tish cho‘tkasi qo‘l keladigan holatlar
Kollaj: «Daryo»
Tish cho‘tkasi faqat tish va milklarni tozalash uchun mo‘ljallangan deb o‘ylaydiganlar qattiq yanglishadi. Uy ishlarini bajarish hamda yig‘ilib qolgan kir va changlarni tozalash uchun undan yaxshisi yo‘q.

Gaz plitasini tozalash mumkin
Eski tish cho‘tkasi bilan gaz plitasini tozalash mumkin. Uning cho‘tkalari kichkina ekani hisobiga gubka va latta tozalay olmagan kirlarni bartaraf qilishga yordam beradi.

Kafellar orasini tozalash mumkin
Tish cho‘tkasi yordamida oshxona, vanna, shuningdek, hojatxonadagi kafellar orasiga yig‘ilib qolgan kir va chirklarni tozalashingiz mumkin. Buning uchun cho‘tkani xlorli aralashmaga botirib olish kerak bo‘ladi. Tozalab bo‘lgandan keyin toza suv bilan artib tashlang.

Suv kranidagi filtrni tozalash mumkin
Suv kraniga o‘rnatilgan filtrni tozalash uchun tish cho‘tkasidan yaxshisi yo‘q. Bakteriya va mikroblardan tozalagandan keyin sovunli suv bilan yuvib tashlang.

Mel va rangli qalamlardan qolgan dog‘larni ketkazishga yordam beradi
Farzandingiz devor yoki eshiklarga rangli qalam bilan ijod qilganining guvohi bo‘ladigan bo‘lsangiz hech ham xavotirlanmang, bu borada sizga tish cho‘tkasi yordam bera oladi. Buning uchun unga soqol olishda ishlatiladigan ko‘pik yoki tish yuvish pastasini surting va aylanma harakatlar bilan tozalang. Ustidan qog‘oz sochiq bilan arting.

Kompyuter klaviaturasi orasida yig‘ilgan kirlarni tozalash uchun
Klaviaturada yig‘ilgan kirlarni oddiy salfetka yoki latta bilan tozalash oson qiyin. Shuning uchun qattiq tish cho‘tkasidan foydalanib ko‘ring. Klaviaturani ko‘tarib turing va cho‘tka bilan tozalang.

Pishloq qoldiqlari qolib ketgan qirg‘ichni tozalang
Qirg‘ichni quruq tish cho‘tkasi bilan tozalang so‘ngra idish yuvadigan vosita bilan yuving.

Makkajo‘xorini tozalash uchun
Makkajo‘xori pishirishdan avval uning orasidagi «kokillar»ni tozalash uchun tish cho‘tkasidan foydalaning.

Soch bo‘yash uchun foydalaning
Sochingizni uy sharoitida bo‘yaydigan bo‘lsangiz va maxsus cho‘tkangiz bo‘lmasa, jarayonni tish cho‘tkasi yordamida amalga oshirsangiz bo‘ladi.

Sochni tartibga keltirishingiz mumkin
Yomg‘ir yog‘ganidan keyin sochingiz tartibsiz ko‘rinadigan bo‘lsa, soch laki sepilgan tish cho‘tkasi bilan masalaga yechim topish mumkin.

Sabzavotlarni tozalash uchun
Po‘sti yupqa sabzavot va qo‘ziqorinlarni artish uchun yumshoq tish cho‘tkasidan foydalanish mumkin. Kartoshka artish uchun esa uning qattig‘i kerak bo‘ladi.

Rakovinani tozalash mumkin
Rakovinaning chetlarida yig‘ilgan kirlarni ketkazish uchun tish cho‘tkasiga soda sepib, chetlari bilan yaxshilab tozalang va ustidan toza suv bilan yuving.

Fenni tozalasa ham bo‘ladi
Fenning ochiq qismini quruq tish cho‘tkasi bilan tozalab ko‘ring. Unga yig‘ilgan kir uskunaning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Fenni uzoq vaqt xizmat qilishini istasangiz 1-2 haftada bir marta tozalab turishga harakat qiling.

Ventilyatsiyani tozalash
Tish cho‘tkasi yordamida vanna va mashinadagi ventilyatsiya panjarasini tez va oson tozalash mumkin. Bunday kir va chang yig‘ilgan joylar bakteriya va zamburug‘lar o‘sishi uchun yaxshi muhit ekanligi sabab ham tez-tez tozalab turish kerak. Ventilyatsiyaning himoya panjarasini yechib quruq cho‘tka bilan tozalang keyin esa nam latta yoki ko‘pikli antiseptik bilan arting.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eski tish cho‘tkasi qo‘l keladigan holatlar