Xiaomi kompaniyasi oshxona uchun aqlli va xavfsiz Mijia Timed Gas Stove 3 gaz plitasini chiqardi

Xitoyning texnologik giganti Xiaomi oʻzining maishiy texnika ekotizimini kengaytirishda davom etmoqda. Bu gal kompaniya oshxonada ovqat tayyorlash jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradigan va xavfsizlikni yangi bosqichga olib chiquvchi Mijia Timed Gas Stove 3 White 5200W rusumli yangi gaz plitasini taqdim etdi. Qurilma nafaqat oʻzining zamonaviy dizayni, balki yuqori issiqlik quvvati va aqlli funksiyalari bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi modelning eng asosiy ustunligi uning har bir konforkasi uchun alohida oʻrnatiladigan taymer funksiyasidir. Foydalanuvchilar ovqat pishirish vaqtini 1 daqiqadan 180 daqiqagacha belgilashlari mumkin. Belgilangan vaqt tugashi bilan tizim avtomatik ravishda gaz uzatishni toʻxtatadi va olovni oʻchiradi. Bu funksiya, ayniqsa, uzoq vaqt qaynatishni talab qiladigan taomlarni tayyorlashda uy bekalarining ishini yengillashtiradi va xavfsizlikni taʼminlaydi.
Yuqori quvvat va energiya tejamkorligi
Mijia Timed Gas Stove 3 modeli 5200 W quvvatga ega boʻlib, bu koʻrsatkich mahsulotlarni juda tez qizdirish imkonini beradi. Xiaomi muhandislarining taʼkidlashicha, qurilmaning issiqlik samaradorligi (foydali ish koeffitsiyenti) 70 foizga yetadi. Bu Xitoyning energiya samaradorligi boʻyicha birinchi toifali standartiga toʻliq javob beradi va gaz sarfini sezilarli darajada tejashga yordam beradi.Issiqlikni bir tekis taqsimlash uchun qurilmada ikki konturli alanga tizimi qoʻllanilgan. Ichki halqa jadal qizdirishga javob bersa, tashqi halqa idish tubining barcha qismlariga olovni teng tarqatadi. Barqaror yonish jarayonini esa ikki konturda joylashgan 168 ta maxsus teshikchalar tizimi taʼminlab beradi.
Dizayn va oʻrnatish qulayligi
Tashqi koʻrinishiga koʻra, plita oq rangli teksturali shisha panel bilan qoplangan. Ushbu yuza nafaqat estetik jihatdan chiroyli koʻrinadi, balki kirlanishga chidamli va tozalash uchun juda qulaydir. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, qurilmaning asosi sozlanishi mumkin boʻlgan konstruksiyaga ega, bu esa uni turli oʻlchamdagi oshxona stoleshnisalariga moslashtirish imkonini beradi.Hozirda yangi mahsulot Xitoyning yirik savdo platformalarida, jumladan JD.com saytida sotuvga chiqdi. Qurilmaning tavsiya etilgan chakana narxi taxminan 205 dollarni tashkil etadi, biroq dastlabki sotuvlar davrida xaridorlar uni 175 dollar atrofida xarid qilishlari mumkin. Xiaomi mahsulotlarining Oʻzbekiston bozoridagi ommabopligini hisobga olsak, ushbu aqlli gaz plitasi yaqin oylarda mamlakatimizdagi doʻkonlarda ham paydo boʻlishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…