17:15 / 05.02.2021
2 090

Irsiyatmi yoki marketing: Vazn ortishining 10 sababi

Irsiyatmi yoki marketing: Vazn ortishining 10 sababi
Foto: Freepik
Vazn ortishi salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Metabolizm yomonlashishi, qon bosimi va yurak faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar shular jumlasidan. So‘nggi o‘n yil davomida olimlar semirishga turli omillar sabab bo‘lishi mumkinligini aniqlagan. Ular orasida eng ko‘p uchraydiganlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Irsiyat
Semirish nasldan-naslga o‘tishi, to‘ladan kelgan ota-ona farzandlari semirishdan aziyat chekishi mumkin. Bu semirishdan qochib qutilib bo‘lmasligini bildirmaydi. Shunchaki, iste’mol mahsulotlari genlar ekspressiyasiga ta’sir qilishini anglatadi. Ratsionida notabiiy mahsulotlar ko‘p ekani sabab ham ayrim mamlakat aholisida semirish holati ko‘p kuzatiladi. Ularning geni emas, shunchaki genlar atrof-muhitdan qabul qiladigan signallar o‘zgargan.

Sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan nosog‘lom mahsulotlar
Qayta ishlangan mahsulotlarga qo‘shimcha aralashma, ziravor, shakar va ta’m kuchaytiradigan vositalar qo‘shilgan bo‘ladi. Mahsulotni mazali qilish, saqlash muddatini cho‘zish uchun qo‘shilgan qo‘shimchalar vazn ortishiga ham olib keladi. Yuqori texnologiyalar haqidagi tadqiqotlar, test va hisoblarning bari iste’molchini qarmoqqa ilintirishga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Taomga qaramlik
Yog‘li nosog‘lom ovqatlarning miyaga ta’siri aksariyat hollarda narkotik, spirtli ichimlik, kokain va nikotinga o‘xshatiladi. Nosog‘lom taom, moyilligi bor odamlarda qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda iste’mol qilishda nazorat yo‘qolishi kuzatiladi. Odam nimagadir qaram bo‘lib qolsa, tanlov erkinligi yo‘qoladi. Bundan foydalanib miya biokimyoviy jarayoni jilovni o‘z «qo‘li»ga oladi.

Agressiv marketing
Zararli mahsulot ishlab chiqaruvchilar agressiv marketologlar hisoblanadi. Ba’zi vaqtlarda ular o‘z mahsulotini foydali, sog‘lom va sport bilan shug‘ullanadiganlar uchun ayni muddao deb sotishga urinadi. Eng yomoni bunday kompaniya marketingi asosan, zararliligini hali tushunib yetmaydigan bolalar uchun ishlab chiqarishga qaratilgan bo‘ladi. Shu sabab ham bugungi kunda yosh bo‘lishiga qaramay ortiqcha vazn, qandli diabet singari kasalliklardan aziyat chekadigan bolalar ko‘p.

Insulin
Energiya to‘planishi uchun muhim bo‘lgan mazkur gormonning yana bir vazifasi hujayralarga yog‘ni saqlash va ushlab turishga ko‘rsatma berishdan iborat. Hujayralarning insulinga «quloq solmay» qo‘yishi esa ushbu gormon miqdori ortishi va energiyadan foydalanish o‘rniga, yog‘ hujayralarida to‘planishiga olib keladi. Insulin miqdorini kamaytirish uchun oddiy va tozalangan uglevodlarni iste’mol qilishdan tiyilish hamda ko‘proq kletchatkaga boy mahsulotlarni yeyish kerak.

Dori vositalari
Antidepressantlar, qandli diabetni davolaydigan va antipsixotik singari dori vositalarining nojo‘ya ta’siri vazn ortishiga olib kelishi mumkin. Ularni qabul qilgandan keyin ishtaha ochilishi va moddalar almashinuvi buzilishi hisobiga ham shunday holat yuz beradi.

Leptin gormoni
Semirishda muhim rol o‘ynaydigan yana bir gormon leptin yog‘ hujayralari tomonidan ishlab chiqariladi hamda uning qondagi miqdori organizmdagi yog‘ foizi bilan birga oshadi. Sog‘lom odamlardagi leptin miqdori ko‘pligi, ishtaha pasayishi bilan bog‘liq bo‘ladi. To‘la insonlarda esa aksincha leptin yetarlicha ishlamaydi.

Zararli ammo mazali taomlarning arzonligi
Ishlab chiqaruvchilar marketingiga ko‘ra, aynan zararli ovqat va mahsulotlar ko‘proq e’tibor tortadi. Ularning foydali mahsulotlardan arzon ekani esa vaziyatni yana ham yomonlashtiradi.

Shakar
Qo‘shimcha shakarning yarmi glyukoza qolgani esa fruktozadan iborat bo‘ladi. Me’yoridan ortiq iste’mol qilingan shakar, vazn ortishiga olib keladigan gormonlar va tanadagi biokimyoviy jarayonlarga ta’sir qiladi. Organizmga glyukoza turli mahsulotlar bilan, fruktozaning katta qismi esa qo‘shimcha shakar bilan kiradi. Fruktozaning me’yordan ortiq iste’moli insulin miqdorining oshishiga olib keladi.

Dezinformatsiya
Sog‘lom ovqatlanish haqidagi siz duch kelgan barcha ma’lumotlar ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini sotish uchun noto‘g‘ri ma’lumot tarqatadi. Yangilik saytlari esa ilmiy tadqiqot natijalarini noto‘g‘ri talqin etadi. Gap shundaki, ko‘p hollarda berilgan ma’lumot eski yoki isbotlanmagan konsepsiyalarga asoslangan bo‘ladi. Bunday ma’lumotlardan kelib chiqib vazn tashlashga urinish ijobiy natija bermaydi. Organizm va miya biokimyosini nazorat qila olmaganingiz bilan ovqatlanish bilan bog‘liq odatlar, qolaversa hayot tarzingizni o‘zgartirishingiz hamda kutilgan natijaga erishishingiz mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Irsiyatmi yoki marketing: Vazn ortishining 10 sababi