18:18 / 25.02.2021
2 115

Tishlar salomatligi uchun zararli va foydali mahsulotlar

Tishlar salomatligi uchun zararli va foydali mahsulotlar
Foto: Getty Images
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tishlar gigiyenasida nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida tavsiyalar beradi.

Sog‘lom tishlar to‘g‘ri ovqatlanish va tishlar gigiyenasiga asoslangan. Ovqatlanganimizda tishlar orasida va tish chuqurchalarida ovqat qoldiqlari tiqilib qoladi, bu qoldiqlarda og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar rivojlanib organik kislotalar hosil qiladi, kislotalar ta’sirida tishlar ustida yupqa chirk hosil bo‘ladi va mineral modalar bilan reaksiyaga kirishib, tish toshlariga aylanadi. Tish chirklari va tish toshlari tarkibidagi bakteriyalarga shakar, tarkibida shakar bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Tishlarning asosiy dushmani — shakar
Og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar uglevodlarni kislotaga aylantiradi. Ushbu kislotalar tishlarga «hujum» qiladi va qattiqlik uchun javob beradigan minerallarni yo‘q qiladi. Natijada tish qoplamasi yumshaydi va kariyes paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, shakar parodontitni qo‘zg‘ashi mumkin. Shakar paradontitni qo‘zg‘aydigan bakteriyalarni ko‘payishi uchun ideal ozuqa hisoblanadi. Tishlarning kasalligi shakarning miqdoriga emas, kun davomida qayta-qayta iste’mol qilishimizga bog‘liq va har safar hosil bo‘lgan kislota tishlarimizga qayta ta’sir qilaveradi.

Yaxshi chaynab yutish kerak bo‘lgan sabzavotlar, mevalar va boshqa oziq-ovqatlar so‘lak ishlab chiqarishni ko‘paytiradi. So‘lak tishlarning sog‘lomligi uchun juda muhimdir, chunki u himoya vazifasini bajaradi: zararli kislotalarni zararsizlantiradi, tish sirti qattiqligini tiklaydi va og‘iz bo‘shlig‘ini tozalaydi. Masalan, ovqatdan keyin yeyilgan olma, tish cho‘tkasi vazifasini bajaradi va tishlar ustida chirk paydo bo‘lishining oldini oladi.

Ikkinchi raqamli tish dushmani — limon kislotasi
Limon kislotasi tishlar bilan aloqa qilganda tish emalini yumshatadi va erroziyaga olib keladi. Coca-Cola, sitrus sharbatlari kabi ichimliklar tish erroziyasiga olib kelishi mumkin. Bu jarayonni qo‘zg‘atish uchun kuniga atigi ikki piyola ichimlik ham kifoya qiladi. Ko‘pgina hatto «sog‘lom« ichimliklarda ham limon kislotasi mavjud. Ichimliklar va ba’zi tayyor oziq-ovqatlar tarkibidagi limon kislotasi ularni saqlash muddatini oshirish uchun qo‘shiladi. Zararli ta’sirining oldini olish uchun bu ichimliklarni naycha orqali ichganingiz ma’qul.

Tish uchun nima foydali?
Kariyes tug‘ma kasallik emas, balki orttirilgan kasallikdir. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda kariyesga olib keluvchi bakteriyalar yo‘q, ular ota-onalar va boshqalar bilan aloqa qilishi orqali og‘iz bo‘shlig‘iga kiradi. Shuning uchun bolalar o‘z qoshiqlariga ega bo‘lishligi kerak, bola so‘rg‘ichlarini tozalagandek bo‘lib, yalab bolaga berish noto‘g‘ri.

Sut va suv tishlar uchun ideal ichimlikdir. Choy va qahva zararli emas, biroq so‘lak ishlab chiqarishni kamaytiradi, bu og‘iz tozalanishini susaytiradi.

Kalsiy tishlarni shakllanishida va ularning sog‘lomligini saqlashda muhim rol o‘ynashini bilamiz . Kalsiyga boy mahsulotlarga tvorog, pishloq, kunjut, bodom, baliq kiradi. Voyaga yetgan odamning kunlik kalsiyga bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun 100 gramm pishloq iste’mol qilishi kifoya.

Ovqatlanish odatlarini o‘zgartirish deyarli mumkin emasligini e’tiborga olib, olimlar kariyes paydo bo‘lishni sabablarini o‘zgartirish yo‘llarini izlashmoqda. Tish ustini qoplagan yupqa chirkka ta’sir qilish yo‘li bilan kislotani ishlab chiqarish bosqichida to‘xtatish mumkin ekan. Gap shundaki, tish ustini qoplagan yupqa chirk mikroflorasi nafaqat kislota hosil qiluvchi, balki ishqor hosil qiluvchi bakteriyalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu bakteriyalarga ozuqa bo‘lib arginin xizmat qiladi. Buning natijasida tishni qoplagan yupqa chirk va og‘iz bo‘shlig‘ida kislota kamayadi va tish emaliga ta’siri sustlashadi.

Arginin – bu tabiiy aminokislotadir. U so‘lak va ko‘plab oziq-ovqatlarda mavjud. Oziq-ovqat qo‘shimchasi sifatida ko‘pgina, shu jumladan, bolalar oziq-ovqatlariga qo‘shiladi. Amerika Oziq-ovqat va farmatsevtika nazorati boshqarmasi tomonidan argenin oziq-ovqat mahsulotlarida xavfsiz tarkibiy qism sifatida tan olingan. Argininni shu xususiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy tish pastalariga erimaydigan kalsiy, ftoridlardan tashqari arginin ham qo‘shilmoqda. Natijada kariyes deyarli 30 foizga kamaygan. Kariyes paydo bo‘lishning oldini olishdagi tadqiqotlar davom etmoqda.

Keksalikka qadar tishlaringizni sog‘lom saqlash uchun og‘iz gigiyenasining asosiy qoidalariga rioya qilish kerak. Tishlarni kuniga ikki mahal tish pastasi bilan tozalang, tish tozalagich iplaridan foydalaning. Stomatologga murojaat qilib, tish toshlari va chirklaridan tozalatib turing.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tishlar salomatligi uchun zararli va foydali mahsulotlar