11:55 / 07.03.2021
2 740

Tibbiy psixolog kim? (video)

Tibbiy psixolog kim? (video)
Ruhiy salomatligi joyida bo‘lgan shaxs o‘z salohiyati (jismoniy va aqliy imkoniyatlari)dan to‘laqonli foydalana olishi, kundalik yengil stresslarni yengib o‘ta olishi, mahsuldor ish tarzini olib borishga qodir bo‘lishi, jamiyat uchun foydali bo‘la olishi lozim. Shu xususiyatlarga ega bo‘lgan shaxslarning ruhiy salomatligi barqaror hisoblanadi.

Statistikaga ko‘ra, Yer sayyorasi aholisining har beshinchisi qaysidir ko‘rinishidagi ruhiy xastalikdan aziyat chekadi. Har ikkinchi odamda esa xastalik bilan umri davomida duch kelish ehtimoli bor. Shu bois, ruhiy beqarorlik holati, uni bartaraf etish, ruhiy xastalar bilan muloqot qila olish haqida tushunchaga ega bo‘lish lozim.

Qandli diabet, saraton, yurak-qon tomir kasalliklari, OIV kabi jiddiy asoratlarga olib keladigan xastaliklarning negizida asab va ruhiyatdagi buzilishlar yotadi. Butun dunyo hamjamiyati izchil kurash olib borayotgan suitsid ham depressiya asosida rivojlanadi. Suitsidlarning 5 foizi aynan tushkun kayfiyat ta’sirida amalga oshiriladi. Shu bois depressiyaga befarq bo‘lmaslik, unga qarshi kerakli choralarni qo‘llay olish lozim.

Psixolog xizmati nima uchun zarur?
Psixolog qabuliga borish sizni «jinni»ga chiqarmaydi. Ruhshunosga faqatgina nosog‘lom odamlar boradi, degan fikrdan xalos bo‘lish lozim.

Ruhshunos inson psixologiyasi haqida oliy gumanitar ta’limga ega bo‘lgan shaxs. Deyarli barcha muammolarni boshlang‘ich bosqichda ruhshunos bilan birgina suhbat orqali hal qilish mumkin. Depressiya va jismoniy muammolarni keltirib chiqaradigan oilaviy muammolar, ishdagi g‘alvalar, qo‘rquv kabi muammolarni hal qilish, ichki muvozanati tiklashda psixolog yordam beradi.

Meni eshitib, maslahat beradigan do‘stlarim turganda pul sarflab ruhshunosga boramanmi, deb o‘ylaydiganlar bo‘lishi mumkin. Ruhshunos inson psixologiyasi haqida professional darajada bilimga ega bo‘ladi. So‘zlarni to‘g‘ri qo‘llay olish, masalaning o‘ylanmagan tomonidan yondashish, inson o‘zi bilmagan, lekin unga azob berayotgan omillarni aniqlay olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.

Shu maqsadda saytimiz orqali insonlarga ruhiy salomatlik ulashish, uni qanday tiklash, mustahkamlash kabi maqsadlar yo‘lida mutaxassis maslahatini berib borish uchun "Tibbiy psixolog maslahatlari" rukni ostida loyihaga qo‘l urdik. Mazkur loyiha asosida tayyorlangan ko‘rsatuvlar bilan Siz saytimiz orqali, saytimizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali, Yutub kanali orqali tanishib borishingiz mumkin. Ushbu xayrli ishni "Asab va Ruxiyat" ilmiy-tibbiy markazi xodimi, tibbiy-psixolog, psixoterapevt Yunusxodjayeva Xilola Sayfutdinxujayevna bilan birgalikda olib boramiz.

"Tibbiy psixolog maslahatlari" deb nomlangan loyihamizning ilk ko‘rsatuvi bilan quyidagi video orqali tanishish imkoniga egasiz. Mazkur ko‘rsatuv haqidagi xulosalaringiz, o‘zingizni qiziqtirgan savollar bilan video ostida fikr qoldirsangiz keyingi ko‘rsatuvlarimiz orqali javob olasiz.

Ma’lumot o‘rnida: Yunusxodjayeva Xilola Sayfutdinxujayevna 1990 yil Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan, 2009-2017 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi, 2017-2020 yillarda tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha magistraturani tamomlagan. Hozirgi vaqtda o‘z sohasi bo‘yicha PhD doktorant.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tibbiy psixolog kim? (video)