08:00 / 05.09.2021
2 122

Mavsumiy mahsulot: qovoqchaning qanday foydali xususiyatlari bor?

Mavsumiy mahsulot: qovoqchaning qanday foydali xususiyatlari bor?
Foto: Harper’s Bazaar
Qovoqcha kuzda pishib yetilishi yangilik emas. Do‘konlardan yilning istalgan faslida topish mumkinligiga qaramay, mutaxassislar ushbu mahsulotni aynan o‘z mavsumida iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Qovoqcha pishib yetilishining tabiiy jarayoni ozuqa moddalarining to‘planishi, mavsum, harorat, namlik va yorug‘lik darajasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Issiqxona sharoitida yetishtirilgan variantlar esa u tabiiy yo‘l bilan yetishtirilgani qadar vitamin va minerallarga boy bo‘lmasligi mumkin. Nima uchun qovoqchani ratsionga kiritish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Bir necha asr davomida qovoqcha o‘ziga xos rangi sabab qadrlangan va dekorativ o‘simlik sifatida yetishtirilgan. Ko‘rinishi baqlajonga o‘xshagani bilan, ushbu mahsulot qovoqdoshlar oilasiga mansub sanaladi. Tarkibida suv bisyor ekani, kaloriyasi kamligi hamda vitaminlarga boyligi bilan o‘ziga xosdir. Qovoqcha tabiiy antioksidant hisoblangan C vitaminining koni. U organizmni shikastlanishdan himoya qiladi, yallig‘lanish va erta qarish jarayonlari rivojlanishining oldini oladi.

C vitamini teri uchun, darhaqiqat, foydali: u hujayralardagi tabiiy kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, yuzni tiniqlashtiradi, teri rangini yaxshilaydi. Qolaversa, organizmdagi bir qancha tizimlar, ayniqsa, asab hamda yurak-qon tomir faoliyati uchun ahamiyatli bo‘lgan B guruhi vitaminlarini o‘zida mujassam qiladi.

Kaliy miqdorining ko‘p ekani bois qovoqcha qon bosimi va suv balansining me’yorda bo‘lishi uchun muhim sanaladi. Shu sabab ham shishlar bilan bog‘liq muammo bezovta qilganda uni kanda qilmaslik tavsiya qilinadi. Qovoqcha — lyutein karotinoidlari va zeaksantinning manbai. Bu birikmalar ko‘z salomatligi uchun foydali hisoblanadi, doimiy ravishda iste’mol qilinganda yosh o‘tishi bilan namoyon bo‘ladigan ko‘z bilan bog‘liq muammolar va katarakta xavfi kamayadi. Karotinoidlar qovoqchaning ichi emas, po‘stida ko‘proq bo‘ladi.

Shu sabab ham artilgan qovoqcha iste’mol qilinganda ushbu ozuqa moddalari yetarlicha miqdorda qabul qilinmaydi. Parhezshunoslar kaloriyasi kamligi, kletchatka serob ekani sabab uni foydali hisoblaydi. Uzoq vaqt davomida to‘q tutadi, shuningdek, oshqozon-ichak trakti salomatligi uchun foydali. Ushbu mahsulotni iste’mol qilish uchun qarshi ko‘rsatmalar yo‘q, ammo organizmning individualligini inobatga olish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mavsumiy mahsulot: qovoqchaning qanday foydali xususiyatlari bor?