20:05 / 29.10.2021
5 860

Xonanda Faridam hozir qayerda va nega san’at yo‘lidan ketishni istamadi? (video, foto)

Xonanda Faridam hozir qayerda va nega san’at yo‘lidan ketishni istamadi? (video, foto)
Foto: Instagram / @faridam_official__fanclub
Sardor Rahimxonning 2016 yilda muxlislar e’tiboriga havola etilgan «Faridam» qo‘shig‘iga ishlangan klipda bosh qahramon — nogironlik aravachasida o‘tiradigan qiz obrazini gavdalantirgan aktrisa qisqa fursat ichida tomoshabinlar e’tiboriga tushdi. Eng qizig‘i esa, ushbu rolni ijro etgan aktrisa, keyinroq Faridam taxallusi bilan qo‘shiqlar ijro eta boshladi. Ketma-ket taqdim etilgan yangi qo‘shiq va kliplar uning serqirra iste’dod sohibasi ekanidan dalolat berardi. Keyinroq Faridam turk estradasi yulduzi Rafet El Romanning nazariga tushib, u bilan birga duet kuylash imkonini qo‘lga kiritdi. Shou-biznesda o‘ziga yarasha yutuqlarga erishib kelayotgan xonanda kutilmaganda san’atni tark etishga qaror qildi.

«O‘rtahol oilaning beshinchi farzandiman»
1999 yili Sirdaryo viloyatida o‘rtahol oilaning beshinchi qiz farzandi bo‘lib dunyoga kelganman. Oilamizda san’atkorlar bo‘lmasa-da, bolaligimdan bu sohaga qiziqqanman. Ammo ota-onam san’at bo‘yicha o‘qishimni istashmagan. Shunda musiqa o‘qituvchim eshitish qobiliyatim yuqorilini aytib, ota-onamga bildirmay musiqa maktabiga olib borgan. Uchinchi sinfdan boshlab musiqa maktabining fortepiano sinfida ham tahsil olishni boshlaganman. Uydagilar bundan xabar topishgach, ranjishgan. Chunki ular san’at haqida eshitishni ham istashmasdi. Shu bois, meni qo‘llab-quvvatlashmadi, yutuqlarimdan ham quvonishmasdi.

«Onam tibbiyot xodimi bo‘lishimni istardi, ammo men bu sohaga qiziqmasdim»
Onam tibbiyot kollejida o‘qishimni istardi. Maktabni bitirgan yilim hujjatlarimni tibbiyot kollejiga topshirib, majburan darslarga qatnashimni talab qildi. Bir oy o‘qib, bu sohaga begona ekanimni angladim. Kollej direktoriga yig‘lab, hujjatlarimni san’at kollejiga o‘tkazib berishlarini so‘raganman. Bu ishim ham ota-onam uchun og‘ir zarba bo‘lgan.

«Kontrakt pulini to‘lay olmaganim uchun konservatoriyani tashlashga majbur edim»
Kollejni bitirgan yilim O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirganman. Ijodiy imtihonlarni Dilorom Omonullayeva qabul bilib, ijromdan ko‘ngli to‘lganini aytgan. Ustozdan bunday e’tiroflarni eshitgach, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ikki hissa oshgan. Afsuski, testdagi natijalarim pastligi uchun shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganman. Bir muddat darslarga qatnadim, ammo ota-onam shartnoma pulini to‘lashmagani uchun o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldim. Ammo tushkunlikka tushganim yo‘q. Aksincha hayotimdagi o‘zgarishlar ijodimga yanada yaxshi ta’sir qildi.

Sardor Rahimxonning klipidagi ishtirok
Mustaqil ijodni boshlashga mablag‘im yo‘q edi. Shu bois bek-vokalda ishlab, xonanda va bastakorlar bilan tanishdim. She’r yozish va qo‘shiq g‘oyasini yaratish qo‘limdan kelgani uchun bir nechta san’atkorga mualliflik qo‘shiqlarini tayyorlab berganman. Ya’ni xonandalar qo‘shiqlarimni o‘zlarining nomidan ommaga taqdim etishardi. Ammo hech qayerda nomim e’lon qilinmasdi.

2016 yili Sardor Rahimxonning «Faridam» qo‘shig‘iga ishlangan klipda suratga tushdim. Aslida qo‘shiqning ismimga aloqasi yo‘q, shunchaki klip g‘oyasi ma’qul kelgani uchun suratga tushishga rozilik berdim.

Rafet El Roman bilan tanishuv
Bir kuni Rafet El Romanning qo‘shig‘ini cover tarzida kuylab Instagram sahifamga joyladim. Bir necha kundan keyin Diyorbek Mahkamov qo‘shiqning o‘zbek tilidagi variantini duet tarzida ijro etishni taklif qildi. Natija yomon bo‘lmadi, ammo u men kutgandek emasdi.

Ikkita opam oilasi bilan Turkiyada yashaydi. Ular sabab onam ikkimiz Istanbulga safar qiladigan bo‘ldik. Samolyotda Rafet El Romanning yangi duet qo‘shig‘i namoyish etildi. Qo‘shiqdan ta’sirlanib, uni cover tarzida ijro etishga qaror qildim. Qo‘shiqni Instgaram sahifamga joylab, Rafet El Romanning sahifasini belgilab qo‘ydim. Oradan hech qancha kun o‘tmay xonandaning menedjeri Instagram orqali aloqaga chiqdi, undan keyin xonandaning o‘zi bilan gaplashdim. «Senga bir qo‘shiq yuboraman, uni ijro etib bizga jo‘natasan», dedi xonanda. Qo‘shiqni ijro etib jo‘natganimdan so‘ng Rafet El Roman fevral oyida bo‘ladigan konsert dasturida birga qo‘shiq kuylashni taklif qildi. «Faqat konsert jonli ijroda bo‘ladi», deb ogohlantirdi. Konsert a’lo darajada o‘tgandan so‘ng hamkorlikni taklif qildi.

Rafet El Roman qachon turmushga chiqish niyatida ekanimga qiziqdi. Chunki ko‘pchilik prodyuserlar qo‘shiqchi qizlarning turmushga chiqib, ijod qilolmasligidan qo‘rqishadi. Hali beri turmushga chiqmayman deganimdan so‘ng 5 yilga prodyuserlik shartnomasi tuzildi. Hamkorlik davomida 3 ta klip yaratdik, qator qo‘shiqlarni ommaga taqdim etdik.

«Mashhurlik hayotimga halovat bag‘ishlamasligini angladim»
Natijalar kutilganidan ham a’lo edi. Ammo mashhurlik hayotimga halovat bag‘ishlamasligini angladim, san’atga bo‘lgan fikrlarim ham o‘zgardi. Balki bunga xonandalar bilan bog‘liq yaxshi xotiralarim yo‘qligi sabab bo‘lgandir. Ilmli odamlar bilan suhbatda bo‘lganimdan so‘ng san’at yo‘lidan qaytishim kerakini angladim. Chunki men bilgan san’at halol kasb emasdi.

Foto: Instagram / @faridam_official
San’atni tark etishga qaror qilganimdan so‘ng ko‘pchilik negativ fikrlar bildirishdi, hatto fikrimdan qaytarishga uringanlar ham bo‘ldi. Ammo men fikrimda qat’iy qolish uchun kurashdim.

Haq yo‘lini tanlaganimdan so‘ng Istanbulga kelib, Rafet El Roman bilan uchrashdim. U meni ro‘molda ko‘rib juda xursand bo‘ldi, hatto shartnoma muddatidan to‘rt yil avval tugatilgan bo‘lishiga qaramay, fikrimni qo‘llab-quvvatladi. «Boshqalardan ajralib turarding, sen shu yo‘lni tanlashingni avvaldan sezgandim», dedi.

Foto: Instagram / @faridam_official
Ilm olishning erta-kechi yo‘q. Shu bois, o‘tmish sahifamni yopib, ilm o‘rganishga qaror qildim. Ayni kunda oilam bilan Turkiyada istiqomat qilamiz. Dadam savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. Ayni kunlarda muslima opa-singillarimiz uchun libos dizaynerligi bo‘yicha o‘qishga tayyorlanyapman.

Nargizaxon Murodova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xonanda Faridam hozir qayerda va nega san’at yo‘lidan ketishni istamadi? (video, foto)