JCH–2026 fojiasi: Bangladeshda kamida 12 kishi halok bo‘ldi

Bangladeshda Jahon chempionati bayrami qator fojialar soyasida qoldi. Mamlakat bo‘ylab muxlislar o‘rtasidagi janjallar, pichoqli hujumlar, elektr tokidan zararlanish va yo‘l-transport hodisalari oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Messining penaltisidan keyin boshlangan janjal
Eng ko‘p muhokama qilingan voqea Argentina va Misr o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida Kumilla shahrida sodir bo‘ldi.
38 yoshli Muhammad Shariful Islom mahalliy choyxonada boshqa fuqarolar bilan birga o‘yinni tomosha qilayotgandi. Guvohlarning aytishicha, Lionel Messi penaltini aniq amalga oshira olmagach, Braziliya muxlisi bo‘lgan Shariful Argentina tarafdorlaridan birining ustidan kulgan.
Shundan keyin boshlangan tortishuv mushtlashuvga aylangan. Sharifulga bir necha kishi hujum qilgani, u olgan jarohatlari oqibatida shifoxonaga yetkazilmasdan vafot etgani aytilmoqda. Politsiya hodisaga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha surishtiruv olib borgan.
Ikki qiz otasiz qoldi
Shariful oilasini elektr riksha haydash orqali ta’minlab kelgan. Uning rafiqasi va maktab yoshidagi ikki nafar qizi bor edi.
«Futbol deb insonni qanday qilib o‘ldirish mumkin? Mening ikki nafar qizim bor. Endi ular kimni dada deb chaqirishadi? Turmush o‘rtog‘imni o‘ldirganlar eng qattiq jazoga tortilishini istayman», — dedi uning rafiqasi Byuti Begum.
Oila a’zolarining aytishicha, Shariful qizlarini yaxshiroq maktabda o‘qitish maqsadida Kumillaga ish izlab kelgan va oilaning yagona daromad manbai bo‘lgan.
Boshqa hududlarda ham fojialar kuzatildi
Jahon chempionati bilan bog‘liq o‘lim holatlari Bangladeshning turli hududlarida qayd etilgan.
Fayaz Tajrian Argentina — Misr o‘yinini tomosha qilish uchun ketayotganida mototsikldagi avariyada halok bo‘ldi. Mustafo Kazi futbol haqidagi tortishuv ortidan sodir etilgan hujum qurboniga aylangan.
Chittagongda Maxidul Islom bayram paytida ustiga metall futbol darvozasi qulab tushishi oqibatida vafot etdi. Xokon Karmakar esa muxlislar tashkil qilgan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan hushini yo‘qotib, hayotdan ko‘z yumgan.
Habiganj hududida Braziliya va Argentina muxlislari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘nlab kishilar jarohatlangani ham xabar qilindi.
Barcha o‘limlar janjal oqibati emas
Qayd etilgan fojialarning barchasi muxlislar o‘rtasidagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq emas. Ayrim fuqarolar jamoa bayroqlarini o‘rnatish paytida elektr tokidan zararlangan, boshqalar bayram tadbirlari yoki mototsikl kolonnalaridagi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lgan.
Shuningdek, futbol o‘yinlari paytidagi kuchli hissiy zo‘riqish bilan bog‘liq salomatlik holatlari ham o‘limlarga sabab bo‘lgani aytilmoqda.
2022 yilda ham 23 kishi halok bo‘lgan
Bangladeshda futbol muxlislari o‘rtasidagi keskin raqobat avvalgi mundiallarda ham og‘ir oqibatlarga olib kelgan.
2024 yilda e’lon qilingan ilmiy tadqiqotda 2022 yilgi Jahon chempionati davrida mamlakatda futbol bilan bog‘liq 23 ta o‘lim, 35 ta shifoxonaga yotqizish va 45 ta jarohatlanish holati qayd etilgani keltirilgan. Fojialar orasida muxlislar janjali bilan birga bayroq o‘rnatish paytida balandlikdan qulash va elektr toki urishi kabi hodisalar ham bo‘lgan.
Futbol bayram bo‘lib qolishi kerak
Bangladesh Jahon chempionatida ishtirok etmasa-da, mamlakatda Argentina va Braziliyaning millionlab tarafdorlari bor. Ammo sportga bo‘lgan muhabbat zo‘ravonlik, adovat va inson hayotiga xavf tug‘diruvchi harakatlarga aylanmasligi kerak.
Sizningcha, katta futbol turnirlari paytida bunday fojialarning oldini olish uchun qanday choralar kuchaytirilishi lozim?































Izohlar 0
…