Tramp JCH-2026 finalida chempionga kubokni shaxsan topshiradi

Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi JCH–2026 finali yuqori martabali mehmon ishtirokida o‘tadi. AQSH prezidenti Donald Tramp hal qiluvchi bahsni stadiondan kuzatadi va g‘olib jamoaga Jahon kubogini topshirish marosimida qatnashadi.
Oq uy Trampning ishtirokini tasdiqladi
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Donald Tramp 19 iyul kuni o‘tkaziladigan Jahon chempionati finaliga tashrif buyurishini ma’lum qildi.
«Prezident final o‘yinida ishtirok etishni intiqlik bilan kutmoqda», — dedi Levitt matbuot anjumanida. U Trampning finalda qaysi jamoani qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lumot bermadi.
Finaldan oldin Tramp Nyu-Yorkdagi Trump Tower binosida tashkil etiladigan FIFA qabul marosimida ham ishtirok etadi.
Kubokni Tramp topshiradi
FIFA prezidenti Janni Infantino avvalroq AQSH prezidenti chempion jamoaga Jahon kubogini topshirishda ishtirok etishini bildirgan edi.
Shu tariqa, finaldan keyingi taqdirlash marosimida Tramp va FIFA rahbari birgalikda maydonga chiqishi kutilmoqda.
Final Nyu-Yorkda emas, Nyu-Jersida o‘tadi
Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi hal qiluvchi uchrashuv FIFA taqvimida New York New Jersey Stadium nomi bilan ko‘rsatilgan «Metlayf» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Arena Nyu-York shahrida emas, unga yaqin joylashgan Nyu-Jersi shtatidagi Ist-Raterford shahrida joylashgan. Final 19 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da boshlanadi.
Tramp bu stadionda avval ham kubok topshirgan
AQSH prezidenti 2025 yilda xuddi shu stadionda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga ham tashrif buyurgan edi.
O‘sha bahsda «Chelsi» «Pari Sen-Jermen»ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan. Tramp taqdirlash marosimida ishtirok etib, FIFA prezidenti bilan birga g‘oliblarga sovrinlarni topshirgan.
Kubok Messiga yoki Rodriga topshiriladi
Argentina amaldagi chempion sifatida tarixidagi to‘rtinchi Jahon kubogi uchun kurashadi. Ispaniya esa 2010 yildan keyin ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lish imkoniyatiga ega.
Final yakunlangach, Donald Tramp kubokni Lionel Messi yoki Ispaniya sardori Rodri qo‘liga topshiradi.
Sizningcha, Tramp Jahon kubogini qaysi jamoa sardoriga topshiradi?































Izohlar 0
…