21:03 / 31.05.2022
1 516

Elektr va gaz: o‘zgarayotgan narxlar va ijtimoiy norma

Elektr va gaz: o‘zgarayotgan narxlar va ijtimoiy norma
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Quvonchbek Mustafoyev va Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Jo‘rayev «Daryo» nashri uchun bergan intervyusida mazkur hujjatda belgilangan vazifalar haqida batafsil to‘xtaldi.

Qaror loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini ijtimoiy norma asosida belgilash va oshirish nazarda tutilmoqda. Hujjatga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, O‘zbekistondagi yoqilg‘i-energetika resurslari iste’moli uchun narxlar yangi tizim asosida o‘zgaradi. Xususan, aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m etib belgilanmoqda.

1 kub metr tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 ming 200 so‘m bo‘ladi. Isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 ming 200 so‘mni tashkil qiladi. Suyultirilgan gaz har kubi uchun 1 ming 600 so‘mdan sotiladi.

Quvonchbek Mustafoyevning aytishicha, narxlarni o‘zgartirishga bir necha sabablar bor.

Quvonchbek Mustafoyev
«Narxlarni o‘zgartirishni taqozo qilayotgan asosiy sabab elektr energiya ishlab chiqarish, tabiiy gaz qazib chiqarish korxonalari va yetkazib berish tarmoqlarining eskirgani bilan bog‘liq. Ularni yangilash kerak. Shu bilan birga, issiqlik elektr stansiyalarida foydali ish koeffitsiyenti 25-30 foiz. Ya’ni bu juda past ko‘rsatkich va mahsulot tannarxining oshishiga olib keladigan omil. Yana bir muammo – ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi yo‘qotilishlar ko‘pligida. Tabiiyki, bunda ham tannarx oshadi», – dedi vazirlik vakili.

Bahodir Jo‘rayev ijtimoiy me’yordan ortiq iste’mol qilingan tabiiy gaz narxi elektr energiyasidan ko‘proq oshirilayotganiga izoh berdi.

Bahodir Jo‘rayev
«Elektr energiyasining amaldagi ta’riflari sohadagi xarajatlarning bor-yo‘g‘i 66 foizini qoplamoqda. Masalan, to ishlab chiqarishdan yetkazib berishgacha 100 so‘m xarajat qilinsa, iste’molchidan shuning 66 so‘migina qaytarib olinmoqda. O‘rtadagi farq shartli subsidiya sifatida davlat tomondan qoplab berilyapti. Tabiiy gazdagi ko‘rsatkich esa bundan ham yomonroq – 46 foizni tashkil qiladi. Bunda 100 so‘m xarajat qilinsa, shuning 46 so‘mi qaytmoqda, qolganini davlat to‘lamoqda. Ko‘rinib turibdiki, tabiiy gazdan ko‘rilayotgan zarar ko‘proq bo‘lmoqda. Shuning uchun ijtimoiy me’yordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi narxi 2 barobar, tabiiy gazniki 3 barobar baland bo‘ladi», – dedi mutaxassis.

Ma’lum qilinishicha, har bir abonent uchun oylik ijtimoiy me’yor maxsus o‘rganishlar natijasiga ko‘ra belgilangan.

«Iste’mol me’yori degan tushuncha, bu chegara degani emas. Ya’ni iste’mol uchun chegara o‘rnatilgani yo‘q. Faqat ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun davlat tomonidan ajratilgan subsidiyaga chegara o‘rnatiladi. Aynan nima uchun elektr energiyasiga ijtimoiy me’yor 250 kVt soat, tabiiy gazga isitish mavsumida 700, undan tashqari davrda 200 kub metr belgilandi. Chunki respublikada 7,3 milionta elektr energiya iste’mol qiladigan abonent bo‘lsa, shundan 80 foizi bir oyda 200 kVt soatgacha tok ishlatadi. Qolgan 20 foizi esa jami iste’molning 70 foizini iste’mol qiladi.

Bu yerda tengsizlik mavjud. Kam sonli aholi juda katta hajmdagi elektrni iste’mol qilyapti. Tabiiy gazda ham xuddi shunday holat – 85 foiz iste’molchi umumiy iste’molning 15 foizini, qolgan 15 foiz abonent 65 foizini iste’mol qilyapti. Bu davlat tomonidan berilayotgan subsidiyalarning noto‘g‘ri yetib borayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni subsidiya unga muhtoj bo‘lamagan odamga yetib boryapti
», – dedi Quvonchbek Mustafoyev.

Shuningdek, qaror loyihasida yirik korxonalar va yuridik shaxslar uchun ham yoqilg‘i energetika resurslarining narxlari oshirilishi belgilangan. Xususan, 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy kon-metallurgiya kombinati (KMK), Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 800 so‘mdan, qolgan yuridik shaxslar uchun 600 so‘mdan sotiladi. Navoiy KMK va Olmaliq KMK uchun 1 kub metr tabiiy gaz narxi – 1 ming 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 ming 200 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 ming 150 so‘m etib belgilanmoqda.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Elektr va gaz: o‘zgarayotgan narxlar va ijtimoiy norma