13:23 / 15.09.2022
1 047

O‘zbekiston va Xitoy 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi

O‘zbekiston va Xitoy 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘nalishlari belgilab olindi.

15 sentabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Jinpingning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Prezident Si Jinpingni uning tashrif arafasida chop etilgan, xalqlar ko‘p asrlik rishtalar bilan bog‘langanini tasdiqlovchi va dasturiy ahamiyatga ega «Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari yorqin kelajagini birgalikda barpo etish» sarlavhali mualliflik maqolasi uchun minnatdorlik bildirdi. Xitoy xalqi Si Jinping rahbarligida erishayotgan yutuqlarni qayd etib, Xitoy Kommunistik partiyasi bo‘lajak 20-yalpi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Xitoy rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar davlat va jamiyat hayoti barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini ta’kidladi.

Yetakchilar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish muhim yo‘nalishlarini atroflicha ko‘rib chiqdi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 8 mlrd dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 30 foizdan ortiq o‘sdi. Oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 mlrd dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyot muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari 1-forumini o‘tkazish taklif etildi.

Mintaqa taraqqiyoti va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Kelgusi yilda o‘zaro do‘stlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yilini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarni, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, “Markaziy Osiyo – Xitoy” mexanizmi doirasida tizimli hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Xitoy yetakchisi O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Tadbir yakunida umumiy qiymati 15 mlrd dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida Si Jinping O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston va Xitoy 15 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi