21:53 / 16.09.2022
1 329

O‘zbekiston Hindiston bilan yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston Hindiston bilan yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Samarqandda Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida davlat rahbari oliy martabali mehmonni Hindiston mustaqilligining 75 yilligi bilan tabrikladi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish sur’atlari qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlarda kengaytirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Yetakchilar o‘zaro savdo hajmi oshib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi. 2022 yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga o‘sdi. Keyingi olti yilda qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘paydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
IT, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, fan va ta’lim sohalarida hamkorlik qilish dasturlarini, shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish bitimini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish zarurligi aytildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Hindiston bilan transport aloqalarini, shu jumladan, «Chobahor» portidan foydalangan holda mustahkamlashdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda Hindistonning uchta universiteti ochildi.

Birinchi Hindiston–Markaziy Osiyo onlayn sammitining yakunlari yuksak baholandi, ushbu platforma doirasida qabul qilingan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish muhimligi qayd etildi. Hindiston tomoniga BMT bosh assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Narendra Modi O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlarini olqishladi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston Hindiston bilan yaqin yillarda o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi