Samarqandda ikki kun davom etgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Forumning yakuniy sessiyasida xorijdan taklif etilgan moderator Rayan Chilkot bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga quyidagicha savol berdi:
“Tasavvur qilaylik, men potensial investorman. Ikkinchi marta O‘zbekiston iqtisodiy forumiga keldim va hammasi ajoyib o‘tdi, ayniqsa palov juda zo‘r bo‘libdi. Lekin men O‘zbekistonga investitsiya kiritishim kerakmi-yo‘qmi degan masalada hali ham bir qarorga kela olmayapman. Siz hozir O‘zbekistonga sarmoya kiritishning ayni vaqti ekaniga bu investorni ishontirish uchun, keyingi 5 yilda mamlakatda nimalar bo‘lishi haqida nima degan bo‘lardingiz?”.
Jamshid Qo‘chqorov savolga javob berishga shoshilmay, biroz o‘ylab turgan mahal moderator hazilomuz qo‘shimcha qildi: “Qiyin savollar berayotgan bo‘lsam, bu forumda oxirgi marta qatnashishim bo‘lsa kerak”.
Rayan Chilkot / Foto: O‘zbekiston iqtisodiy forumi
Zalda kulgi ko‘tarilgach, Qo‘chqorov so‘z oldi va nutqining orasida moderatorning haziliga ham hazil bilan javob qaytarib o‘tdi.
“Savolingizga javob beraman, lekin iltimos yodingizda tuting, aytadiganlarimni va’da deb qabul qilmang. Avvalo, umid qilamizki, O‘zbekiston ancha yashilroq bo‘ladi – o‘sha vaqtga borib biz hamma eski elektr stansiyalarini yangilagan bo‘lamiz.
Ikkinchidan, davlatga qarashli faqat bitta bank bo‘ladi. Ehtimol uning ham muayyan miqdordagi aksiyalari muomalada bo‘lar. Qolaversa... Bilasizmi, Rayan, keyingi safar sizni taklif qilmaymiz...” – dedi vazir. Uning bu hazili ham zalda kulgi va qarsak bilan qarshi olindi.
Foto: O‘zbekiston iqtisodiy forumi
“Siz oson savol berganingiz uchun zerikib qoldim”, – deya qo‘shimcha qildi Jamshid Qo‘chqorov.
“Birinchi savolimda, esingizda bo‘lsa, keyingi yil qanday o‘zgarishlar bo‘lishiga kafolat bera olasiz, deb so‘ragandim. Bunga javobni oldik: men keyingi forumda bo‘lmas ekanman”, – deya kulgi bilan ta’kidladi moderator.
Shundan keyin bosh vazir o‘rinbosari 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyaning iqtisodiy maqsadlariga to‘xtaldi.
“O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasidan ko‘p narsalar o‘rin olgan. U deyarli hamma yo‘nalishlarni qamrab olgan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha muayyan maqsadlar qo‘yilgan. Biz – iqtisodchilarmiz, shunday ekan, birinchi e’tibor qaratadiganimiz – YAIM. [5 yil ichida] YAIMni 100 milliard dollarga yetkazish maqsadidamiz va bu amalga oshadi degan umiddamiz.
Shuningdek, kambag‘al insonlar soni 2 barobarga kamayadi. Aholi jon boshiga YAIM 2800 dollar bo‘ladi. Bu yerda o‘tirgan hamma bu nimani anglatishini yaxshi tushunadi: gap shunchaki 100 milliard dollarning chiroyli raqam ekanligida emas.
Bilasizmi, bu yil jon boshiga YAIM 2 ming dollardan oshishiga umid qilyapmiz. Bu – xalqimizning uzoq yillik qattiq mehnatlari samarasi. O‘ylaymanki, buni 2800 dollarga chiqarish yaxshi natija bo‘ladi. Shundan keyingi mo‘ljalimiz – 4 ming dollar”, – dedi O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy kompleksi rahbari.
Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda mazkur forumda qatnashayotgan xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan, ularning tavsiyalari va hisobotlari inobatga olingan. “Shunday ekan, bu – bizning birgalikdagi strategiyamiz, degan bo‘lardim. Biz shu yo‘nalishda harakat qilamiz”, – deya javobini yakunladi u.
Foto: O‘zbekiston iqtisodiy forumi
Eslatib o‘tamiz, strategiyada belgilangan maqsadga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha O‘zbekistonning aholi jon boshiga YAIMni 1,6 baravarga oshirish, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish uchun zamin yaratish” ko‘zda tutilgan. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi