17:44 / 14.12.2022
1 461

Nimalarning narxi qimmatlashishi mumkin? — Markaziy bank

Nimalarning narxi qimmatlashishi mumkin? — Markaziy bank
Noyabr oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15,3, biznesniki esa 14,3 foizni tashkil qilgan. Aholi vakillari valyuta kursi qadrsizlanishini (51 foiz), tadbirkorlik subyektlari esa yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishini narxlar oshishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillar sifatida ko‘rsatgan.

Markaziy bank noyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik subyektlari inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, aholining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari oktabr oyiga nisbatan 0,2 foizga oshib, 15,3 foizni tashkil qilgan.

Noyabr oyida inflyatsiya kelgusida 13–16 foiz atrofida bo‘lishini kutayotgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
  • valyuta kursi qadrsizlanishi (51 foiz);
  • yoqilg‘i va energiya resurslari narxi qimmatlashishi (38 foiz);
  • asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishi (37 foiz).


Bundan tashqari, narxlar sun’iy oshirilishi (35 foiz), ish haqi va nafaqalar oshishi (28 foiz), turar joy va ijara to‘lovlari qimmatlashishi (22 foiz), supermarket va bozorlardagi narxlar o‘rtasidagi tafovut yuqoriligi (11 foiz) kabi omillar ham aholi inflyatsion kutilmalariga sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari

Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari 14,3 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga oshgan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:
  • yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishi (50 foiz);
  • valyuta kursi qadrsizlanishi (48 foiz);
  • import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (32 foiz).


Shuningdek, ish haqi va nafaqalar oshishi, xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi, iqtisodiy raqobat muhiti yomonlashishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi ham o‘tgan oyga nisbatan sezilarli miqdorda oshgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Nimalarning narxi qimmatlashishi mumkin? — Markaziy bank