18:53 / 09.06.2023
73

Shavkat Mirziyoyev italiyalik yirik biznesmenlar bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev italiyalik yirik biznesmenlar bilan uchrashdi
Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Milan shahrida ushbu mamlakatning investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
 
Uchrashuvda Italiya tomonidan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, “Italiya - O‘zbekiston” savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi, shuningdek, Eni, Enel, Pietro Fiorentini, Saipem, Energy System, Imagro Group, HT Holding, Danieli, SACE, Ferroli Group, Arsenale Group, Pirelli kabi yetakchi kompaniya va korporatsiyalar, uyushma va moliyaviy institutlarning 25 nafardan ziyod rahbarlari ishtirok etdi.
- Jahon sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri, boy madaniy meros va yuqori texnologiyalar markazi, rassom va shoirlarning bir necha avlodi uchun ilhom manbai bo‘lgan betakror yurtingizga bu mening birinchi tashrifim, - dedi Prezident tadbir avvalida. – Uchrashuvimiz aynan Milanda – faol ishbilarmonlik jarayonlari qizg‘in kechayotgan, innovatsiya va texnologiyalar kashf etilayotgan, sanoatning yangi tarmoqlari rivojlanayotgan zamonaviy iqtisodiy markazda o‘tayotgani ramziy ma’noga ega.
 
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi zamonaviy korxonalar soni ikki karra ko‘paydi. O‘zaro savdo hajmi izchil oshib bormoqda. Elektrotexnika, metallurgiya sohalarida hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qator qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
 
Davlatimiz rahbari kuni kecha Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan o‘tkazilgan muzokaralar sermahsul va konstruktiv bo‘lganini qayd etdi.
 
– Mohiyatan, biz mamlakatlarimiz munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, ularning tarixida yangi bosqichni boshladik. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy etishga, tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yo‘nalishlarni belgilab oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Erishilgan barcha kelishuvlar ijrosiga aynan Italiya biznesi vakillari katta hissa qo‘shishga qodir. Qolaversa, tashrifdan avval ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining qariyb 300 nafar vakili ishtirokida o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forum Italiya sarmoyadorlarining O‘zbekistonga qiziqishini tasdiqladi.
 
Ushbu tadbir yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan bir qator yangi investitsiya kelishuvlari va savdo bitimlari imzolandi. Ular energetika, gaz-kimyo va neft-gaz tarmog‘i, metallurgiya, kimyo, to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligida katta kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari jahon iqtisodiyotidagi jiddiy tebranishlar va global yetkazib berish zanjirlari buzilishi sharoitida ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ochiq muloqot muhimligini qayd etib, O‘zbekiston Italiya biznesiga yurtimizda faoliyat yuritishi uchun keng qo‘llab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
 
Prezidentimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarga alohida to‘xtaldi. Erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, samarali davlat boshqaruvi tizimini joriy etish borasida qilinayotgan izchil ishlar hamda biznes yuritish uchun maksimal qulayliklar yaratishga qaratilgan boshqa ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.
 
- Bugun bizda biznesingiz rivoji va ravnaqi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Barqarorlik, ishonchli kafolatlar, qulay investitsiya muhiti ta’minlangan. Har biringizni Yangi O‘zbekiston – haqiqatan cheksiz imkoniyatlarga ega betakror mamlakat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yurtimizga kelishni taklif qilaman, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
 
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari va malakali kadrlarini Italiyaning texnologik va sanoat salohiyati bilan birlashtirishdan hosil bo‘ladigan sinergiya qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish imkonini beradi.
 
Shu ma’noda, energetika, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va ko‘plab boshqa sohalar hamkorlik uchun istiqbolli ekani ta’kidlandi.
 
Sheriklikni kengaytirish bo‘yicha rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Italiya ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yuqori baholab, ular uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.
 
O‘zbekiston Italiya kompaniyalari uchun istiqbolli Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ishlash imkoniyatlarini ochadigan strategik hamkor ekani qayd etildi.
 
Italiya tadbirkor va sarmoyadorlari O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bunda yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildilar.
 
Misol uchun, Lombardiya viloyati bilan hududlararo hamkorlik dasturlarini kengaytirish, O‘zbekistonda gaz taqsimoti tizimini va Toshkent shahrida elektr taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini texnologik jihatdan qayta jihozlash, bir qator zavodlar qurish, shu jumladan chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, kaliy xlorni tozalash, kaliy gidroksidi, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, za’faron plantatsiyalarini kengaytirish, “O‘zmetkombinat” AJ ishlab chiqarish quvvatini oshirish, Turin politexnika universiteti bilan birgalikda Italiya texnologiya va innovatsiyalari markazini tashkil etish va boshqa loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
 
Bundan tashqari, sanoat uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
 
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yo‘l xaritasi”ga kiritishga ko‘rsatma berdi. O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga italiyalik hamkorlarga mamlakatimizdagi joriy va yangi loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev italiyalik yirik biznesmenlar bilan uchrashdi