Foto: Dunyo
O‘zbekiston elchisi Mansur Qilichev Misrning shakar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalaridan biri - Nile Sugar ijrochi direktori Emad Farid bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Suhbat davomida kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi investitsiyaviy loyihalarga sarmoya kiritish, Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishning to‘liq sikli loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Emad Farid O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangani, yerlar unumdorligi, suv ta’minoti yaxshiligi, xususiy fermerlarni birlashtiradigan yagona davlat tizimi mavjudligidan xabardorligini bildirdi.
«Ushbu omillar Nile Sugar kompaniyasi tomonidan mamlakatda shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga oshirishga turtki bo‘lmoqda. Kompaniya uchun Jizzax viloyati hududida ajratilishi rejalashtirilgan 52 ming gektar yer maydonida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng yirik investitsiyaviy loyihani amalga oshirishga tayyormiz», - dedi Emad Farid.
Misrdagi diplomatik missiya ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda biznes boshlash imkoniyatlari bilan tanishish, Jizzax viloyatidagi yerlar unumdorligini o‘rganish uchun 17-21 iyul kunlari Nile Sugar kompaniyasi delegatsiyasi biznes missiya bilan mamlakatda bo‘lib turibdi.
Nile Sugar 2006 yilda misrlik milliarder Savirislar oilasi tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning shakar zavodi Iskandariya portidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 2010 yilda foydalanishga topshirilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring