13:10 / 30.07.2023
190

MB raisi — so‘mning qadri, kollektorlik faoliyati va uy bozoridagi narx pufagi haqida

MB raisi — so‘mning qadri, kollektorlik faoliyati va uy bozoridagi narx pufagi haqida

27 iyun kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu qaror qabul qilingan yig‘ilishdan keyin an’anaga ko‘ra boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

– So‘mning dollarga nisbatan o‘zgarishi qanday prognoz qilinyapti?

– So‘mning dollarga nisbatan kursi valyuta bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanyapti. Ma’lum darajada import hajmining oshishi milliy valyutaga bosim o‘tkazyapti.

Ko‘plab importchilar yilning ushbu davrida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiradi. O‘tgan yillar bilan solishtirganda, yilning shu davrida shunday mavsumiylik kuzatilgan. Agar 2019, 2020 va 2021 yillarga qarasangiz, aynan shu davrda, ikkinchi chorak oxiri va uchinchi chorak boshida importimiz oshadi. Bu valyuta bozorida ma’lum bosimni yuzaga keltiradi. Biroq bu jarayon milliy valyutaning qadrsizlanishiga olib kelmaydi. Chunki tijorat banklari va korporativ mijozlar xorijiy valyutani erkin sotish va sotib olish uchun tegishli likvidlikka ega. Bugungi valyuta kursi tashqi savdo operatsiyalarining haqiqiy aksidir.

– Budjet defitsiti narxlar barqarorligiga ta’sir qiladi. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qanchalik yaqin aloqada? Vazirlik davlat budjeti bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmay qo‘ydi. Hukumat budjet defitsiti bo‘yicha qonunda belgilangan 3 foizlik cheklovga rioya qila olyaptimi?

– Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqin aloqadamiz. Biz tomonimizdan xizmat ko‘rsatiladigan yagona g‘aznachilik hisobi orqali budjet bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib bora olamiz. Boshqa yillar bilan solishtirganda bu yil birinchi yarim yillikda xarajatlarning ortishi bo‘lgani rost, bu birinchi navbatda gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq.

Gazning jahon bozoridagi, ya’ni shartnomalarda ko‘rsatilgan narxi bilan ichki narx o‘rtasidagi tafovut budjet hisobidan qoplanadi. Shunday obyektiv shartlar tufayli birinchi yarim yillikdagi xarajatlar avvalgi yillardan ko‘ra biroz yuqori bo‘ldi.

Koordinatsiyaga kelsak, biz har oy vazirlikka inflyatsiya, budjet ijrosi va boshqa masalalardagi o‘z qarashlarimiz yuzasidan hisobot berib boramiz.

– Rossiya rublining qadrsizlanishi bizning iqtisodiyotimizga qanday ta’sir qiladi?

– Doimiy ikkinchi yirik iqtisodiy hamkorimizda pulning qadrsizlanishi bizga ham ta’sir qiladi. Qaysi ma’noda? Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalarining kamayishiga ta’sir qiladi. Men hali ta’kidladimki, dastlabki 6 oyda davomida pul o‘tkazmalari 5,1 mlrd dollar atrofida bo‘ldi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 6,5 mlrd edi. Bu kamayish o‘tgan yilgi o‘tkazmalar hajmi noodatiy ravishda yuqori bo‘lgani bilan bog‘liq.

Iqtisodiy aloqalarga ham ta’siri bor, chunki eksportyorlarimiz tovarni Rossiyaga olib chiqib sotganda, tovarning narxini belgilaydigan narsa Rossiya bozoridagi narxlar bo‘ladi. Rossiya bozoridagi narxlar kurs o‘zgarishi hisobiga eksportyorlarimiz uchun dollarda hisoblaganda tushumlari kamayishiga ta’sir qiladi.

– O‘zbekistonda kreditorlarning moliyaviy savodxonligi va to‘lov intizomi to‘liq shakllanmaganini inobatga olib, qattiq usulda kreditlarni undirishga talab bormi? Buning uchun kollektorlik faoliyatiga ruxsat berish kerakmi? Muammoli kreditlar ham kamaymayapti, 15 trln so‘m atrofida bo‘lib turibdi.

– Muammoli kreditlarga nisbiy qarashimiz kerak, kreditlar qoldig‘ining o‘sish darajasi yuqori bo‘lib turganda 3 foizlik norma bizning bu kundagi sharoitimizda normal deb qaraladi. Xalqaro amaliyotga ko‘ra, umumiy kredit portfelida muammoli kreditlar 4 foizgacha bo‘ladigan bo‘lsa, bu normal deb qaraladi. O‘zgarish bo‘lmayapti deyishimiz noto‘g‘ri, chunki buning ustida biz doim ishlaymiz. Muammoli kreditlarning ma’lum qismi o‘z yechimini topishi bilan boshqalari bo‘yicha yangi muammoli kreditlar chiqib, o‘rin almashadi.

Bugungi kundagi holat ma’lum ma’noda bizni qoniqtiradi degan gapimning mohiyati shuki, 3 foiz biz uchun ma’qul. Lekin qaysi banklarda muammoli kreditlar 7-8 foiz bo‘ladigan bo‘lsa, biz Markaziy bank sifatida ularga nisbatan makroprudensial talablarni kuchaytirib, ayrim banklarga kreditlar ajratishni cheklaymiz. Ayrim banklarga depozitlar jalb qilishdagi talablarimizni qo‘yib boryapmiz.

Kollektorlik xizmati qay holda keng rivojlanib o‘zining samarasini berishi mumkin? Agar jamiyatda xususiy mulkning ulushi yuqori bo‘lsa. shundagina uning samaradorligi yuqori bo‘ladi. Bu boradagi o‘rganishlarimiz davom etyapti, yakuniy xulosani aytishga erta deb o‘ylaymiz. O‘rganishlarimiz oxiriga yetganidan keyin biz bu axborotni beramiz.

– Markaziy bank may oyi oxirida Toshkent ko‘chmas mulk bozorida narx pufagi yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi. Bu ipoteka kreditlarini ajratadigan banklar uchun juda xavfli bo‘lib, ularni bankrotlikka olib kelishi mumkin. Bu borada qanday ishlar qilinyapti?

– E’tibor bergan bo‘lsangiz, ipoteka kreditlari ajratishda uyning qiymati qancha bo‘lishidan qat’i nazar kreditning maksimal chegarasini belgilab qo‘yganmiz. Bundan maqsad, pufaklar yorilgan paytda banklarga bo‘ladigan salbiy ta’sir juda katta bo‘lishining oldini olishdir. Ya’ni uy 1 mlrd so‘m bo‘ladigan bo‘lsa ham, bank ajratadigan kredit Toshkent shahrida 416 mln so‘mdan oshmaydi. Bu o‘z-o‘zidan pufak xavfini kamaytiradi.

Ikkinchi tomondan, hozirgi kundagi vaziyat qanday degan savolingizga javob sifatida ayta olamanki, biz bu boradagi o‘rganishlarni yakunlayapmiz, sentyabr oyida narxlarning shakllanishi haqida tahliliy ma’lumotlarni e’lon qilamiz.

– Fitch O‘zbekistonda banklarning xususiylashtirilishi kechikishini ma’lum qildi. Haqiqatan ham, bir necha yil oldingi rejalarga ko‘ra, hozir allaqachon bir necha banklar sotib bo‘lingan bo‘lishi kerak. Kechikishga sabab nima?

– Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, eng asosiy narsa – xususiylashtirish jarayoni tez bo‘ladigan jarayon emas. Chunki bu nafaqat bizning xohishlarimiz, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq. 2022 yilda geosiyosiy krizis ma’lum jihatdan xorijiy investorlarning postsovet davlatlariga kirishini cheklab qo‘ydi.

Bu jarayonda asosiysi – banklarimizni sotishga tayyorlash jarayoni, ya’ni banklar transformatsiyasi. Buni biz qanchalik tez amalga oshirsak, ularni sotishga shuncha tez tayyor qilamiz. Haqiqatan biz Xalqaro valyuta jag‘armasi, Jahon banki bilan muloqotlarda bu jarayon 1 yildan uzoqroqqa cho‘zilishini muhokama qildik. Bu – tabiiy hol. Global iqtisodiy vaziyatdagi keskinlik bu jarayon sekinlashishiga olib keladi.

– Yil boshidan beri o‘zbek so‘mi qancha qadrsizlandi? Valyuta qudrati oshishi nimalarga bog‘liq?

– So‘mning qadri nima bilan o‘lchanadi? Tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanadiganlar uchun valyuta kursi bilan. Kimdir so‘mni kundalik hayotida ishlatadigan bo‘lsa, u inflyatsiya va narx-navo bilan o‘lchaydi.

So‘m 6 oy davomida dollarga nisbatan 3,12 foizga qadrsizlandi. Asosiy savdo hamkorlarimiz Turkiya, Rossiya, Xitoy bilan solishtirsak, dollarga nisbatan ularning valyutasi so‘mga qaraganda ko‘proq qadrsizlandi. Shu nuqtayi nazardan, ularning milliy puli qadrli, bizniki qadrsiz deb taqqoslash to‘g‘ri emas.

Markaziy bank so‘m qadrini oshirish uchun nima qilyapti degan savolingizga ayta olamanki, butun dunyoda valyuta qadri iqtisodiy o‘sishga bog‘liq. Ya’ni iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, iqtisodiyotning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi inklyuziv rivojlanishi eng asosiy ko‘rsatkichdir.

– Forbes nashri tadqiqotlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dunyodagi eng zaif valyutalar qatorida 7-o‘rinni egalladi, uning qadrini mustahkamlash uchun nima qilish kerak?

– Milliy valyutaning qadrli yoki qadrsizligiga uning kursiga qarab baho berishni yengil qarash deb hisoblaymiz. 2017 yildan beri valyuta bozorini erkinlashtirganimizdan to bugungi kungacha valyuta kursining o‘zgarishi ko‘plab davlatlarning valyutasi qadrsizlanishidan ancha past bo‘ldi. 4 yil davomidagi o‘rtacha yillik qadrsizlanish so‘mda 6-7 foizni tashkil qiladi.

Pulning qadrini mustahkamlaydigan narsa – iqtisodiyotning inklyuziv barqaror o‘sishini ta’minlash. Bu bozor tamoyilida pul qadri barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

– Kutilayotgan energetika tariflarining oshirilishi yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozida aks etganmi?

- Behzod Hamroyev (MB raisi o‘rinbosari): Aks etgan. Bizda elektr energiyasi va gaz tariflaridan tashqari, yana boshqa tartibga solinadigan narxlar – issiq suv, sovuq suv va boshqalar bor. Yaqinda sovuq suv narxi bo‘yicha tariflar oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Hamma viloyatda sovuq suv narxi 100 foiz oshgan taqdirda ham umumiy inflyatsiyamizga 0,3 foiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bunday 0,3-0,5 foiz ta’sirlar bazaviy inflyatsiya prognozida inobatga olingan. Undan yuqori bo‘ladigan bo‘lsa, prognoz qayta ko‘rib chiqiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » MB raisi — so‘mning qadri, kollektorlik faoliyati va uy bozoridagi narx pufagi haqida