00:10 / 27.08.2023
234

Valyuta kursining o‘zgarishi. Bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

Valyuta kursining o‘zgarishi. Bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

So‘m kursining o‘zgarishiga mamlakat ichki valyuta bozoridagi talab va taklif dinamikasi, asosiy savdo hamkor-davlatlar milliy valyuta kursidagi tebranishlar muhim ta’sir ko‘rsatadi. Milliy valyuta kursining o‘zgarishi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar shakllanishida qanday rol o‘ynaydi?

Valyuta kursi muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, inflyatsiya darajasi, to‘lov balansi holati va davlat budjetining ko‘rsatkichlariga hamda mamlakat pul bozoridagi talab va taklif shakllanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazadi. Bunda valyuta kursi rejimining qaysi turi tanlab olingani alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda O‘zbekistonda rasman «erkin suzuvchi» valyuta kursi rejimi amal qiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan e’lon qilingan tadqiqotchi Marat Jo‘rayevning maqolasida valyuta kursining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilingan.

Ichki narx-navolar va inflyatsion kutilmalarga ta’siri

2022 yil yakunlari bo‘yicha aholi tomonidan asosiy iste’mol qilinadigan tovarlar importi qariyb 9,2 mlrd dollarni tashkil etib, ularning jami importdagi ulushi 33 foizga to‘g‘ri keldi. Shundan 2,5 mlrd dollari oziq-ovqat va 1,8 mlrd dollari farmatsevtika mahsulotlari importi bo‘ldi. Oziq-ovqatlar importida shakar xomashyosining ulushi juda katta. 2022 yilda shakar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan shakar xomashyosi importi 460 mln dollarni tashkil etdi.

Bunday sharoitda milliy valyuta kursining AQSH dollariga nisbatan pasayishi shakarning ichki bozordagi narxini oshirib, inflyatsion kutilmalarga bosimni kuchaytiradi. Xususan, Markaziy bankning tahliliga ko‘ra, almashuv kursining 1 foiz bandga qadrsizlanishi uzoq muddatda bazaviy inflyatsiyaning 0,28 foiz bandga tezlashishiga sabab bo‘ladi.

Inflyatsiya komponentlari bo‘yicha tahlil qilinganda, ushbu ta’sir oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishi 0,42 foiz bandni, nooziq-ovqat mahsulotlari o‘sishi – 0,18 foiz bandni va xizmatlarda narxlarning o‘sishi – 0,16 foiz bandni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat narxlariga ta’siri yuqoriligi uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlari tarkibida ularning ulushi o‘rtacha 40-50 foizni tashkil etishi bilan izohlangan.

Ushbu o‘zgarishlarni 2022 yilda tashqi bozorlarda vaziyatning murakkablashishi, asosiy savdo hamkorlarning valyuta kurslari keskin tebranishi fonida kuzatilgan holat misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Jumladan, 2022 yilning mart oyida tashqi murakkab vaziyat fonida milliy valyuta kursining 6,6 foizga tushishi, inflyatsion kutilmalarning oshishi hamda jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi Markaziy bank tomonidan asosiy stavka 14 foizdan 17 foizgacha oshirilishiga sabab bo‘ldi.

To‘lov balansiga ta’siri

Valyuta kursining tushishi eksport ko‘rsatkichlarining oshishi, import hajmlarining pasayishi va tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan xo‘jalik subyektlarining qarz yuki oshishiga olib keladi.

Xususan, eksportga yo‘naltirilgan va import bilan raqobatlashadigan tarmoqlarda milliy valyuta devalvatsiyasi daromadlilikni oshiradi.

Shu bois, ushbu tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmining oshishini kuzatish mumkin.

2017 yilda valyuta bozorining erkinlashishi natijasida milliy valyuta kursi AQSH dollariga nisbatan 48 foizga tushib, ushbu holat to‘lov balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, eksport 15 foizga o‘sib, import 3 foizga qisqargan bo‘lsa, kapital harakatida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan (respublikaga xorijiy investitsiyalar oqimi 17 foizga oshib, rezidentlar mablag‘lari chiqib ketishi 19 foizga kamaygan).

Budjet daromadlariga ta’siri

Yuqorida keltirib o‘tilgan omillar bilvosita va bevosita budjetga keladigan tushumlarning hajmiga ta’sir o‘tkazadi. Jumladan, valyuta kursining mustahkamlanishi import narxlarini arzonlashtirgan holda uning hajmi oshishiga va oqibatda import bojlaridan to‘lovlarning ko‘payishi hamda inflyatsiya oshishiga ta’sir o‘tkazib, aholining haqiqiy to‘lov qobiliyati tushishi orqali budjet daromadlari kamayishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minlashda ishtirok etadi.

Shu bilan birga, valyuta kursi tushishi tashqi bozorlarda eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirib, korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari ko‘payishi orqali ular tomondan budjetga to‘lanadigan soliqlar miqdorini ko‘paytiradi.

Bunda valyuta kurslari o‘zgarishi, birinchi navbatda, advalor bojlardan tushumlarga ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun, valyuta kursining

1 foizlik devalvatsiyasi bojxona bojlaridan tushumlarni aynan shuncha miqdorga oshishiga olib keladi.

Shuningdek, valyuta kursi o‘zgarishi ichki narxlar darajasiga ta’sir qilishi orqali bilvosita soliqlar hajmini o‘zgartiradi. 

Tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish

Milliy valyuta kursining qadrsizlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishiga olib keladi. O‘z navbatida, tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlar miqdori tashqi qarz tarkibida xorijiy valyutaning ulushi, qarz mablag‘larini so‘ndirish muddati va foiz stavkalariga bog‘liq bo‘ladi.

Agar tashqi qarz tarkibida xorijiy valyutada nominallangan qarzning ulushi 100 foiz bo‘lsa, milliy valyuta kursining 10 foizga tushishi tashqi qarz bo‘yicha xarajatlarni 10 foizga oshiradi.

Xususan, 2022 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 29,2 mlrd dollarni tashkil etib, bunda davlat tashqi qarzi 25,9 mlrd dollarga va ichki qarzi 3,3 mlrd dollarga to‘g‘ri kelgan. Davlat tashqi qarzi tarkibida xorijiy valyutada jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 98,4 foizni tashkil etgan. Jumladan, qarz mablag‘larining 75,7 foizi (19,6 mlrd dollar) AQSH dollariga to‘g‘ri keldi.

2022 yilda AQSH dollari indeksi 8,5 foizga – 95,7 banddan 103,9 bandgacha o‘sgan bo‘lib, bunda so‘m kursining AQSH dollariga nisbatan tushishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha budjetga qo‘shimcha yuklama keltirib chiqargan. Shu bilan birga, davlat tashqi qarzi tarkibidagi boshqa valyuta kurslarining AQSH dollariga nisbatan oshishi budjet uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishiga olib keladi.

Xususan, xorijiy valyutalarning davlat tashqi qarzi tarkibidagi amaldagi ulushini inobatga olgan holda Yaponiya iyenasining AQSH dollariga nisbatan 1 foizga oshishi davlat tashqi qarzi to‘lovlarini o‘rtacha 21,1 mln dollarga, maxsus qarz olish huquqini (SDR) – 18,8 mln dollarga, yevroni – 12,3 mln dollarga, Xitoy yuanini – 2,1 mln dollarga, Koreya vonini – 1,7 mln dollarga, Saudiya Arabistoni realini – 1 mln dollarga va Quvayt dinorini – 1,4 mln dollarga teng qo‘shimcha xarajatlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Tashqi qarz bo‘yicha to‘lovlar hajmining oshishi, o‘z navbatida, mamlakatning ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish kabi ichki ehtiyojlarini moliyalashtirish imkoniyatlari cheklanishiga olib keladi.

 Mutaxassis O‘zbekiston sharoitida valyuta bozori barqarorligini ta’minlash va valyuta kursining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini mo‘tadil darajada saqlash maqsadida quyidagi choralarni amalga oshirish tavsiya etgan:

  • xalqaro valyuta jamg‘armasi ko‘magida kapital harakatini bosqichma-bosqich yanada erkinlashtirish choralarini ishlab chiqish va bu orqali moliya bozoriga o‘rta va uzoq muddatli xorijiy kapital oqimini keng jalb qilish;
  • kapital bozori sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish orqali uning jahon moliya bozorlariga integratsiyasini jadallashtirish, mahalliy fond bozoriga xorijiy investorlarni jalb qilish va pirovardida ichki bozorda valyuta taklifini oshirish. Xususan, yaqin istiqbolda mahalliy fond bozori xalqaro depozitariylar va kastodian banklar bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish;
  • narxlar barqarorligi va bank tizimida likvidlilik mo‘tadil darajada bo‘lishini ta’minlash maqsadida pul-kredit siyosatini takomillashtirish. Jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, depozit auksionlari, overnayt depozitlar kabi pul-kredit operatsiyalari instrumentlarini rivojlantirish;
  • tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish orqali eksport va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish, jahon bozorlariga mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish;
  • O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini izchil davom ettirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni jadallashtirish, mamlakatning xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirokini faollashtirish, mahalliy mahsulotlarning asosiy bozori bo‘lgan xorijiy mamlakatlar bilan erkin savdo bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalarni imzolash.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Valyuta kursining o‘zgarishi. Bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?