14:27 / 20.08.2024
98

Prezident: «Sizlarga yanada qulay sharoitlar yaratib berishga doim tayyorman»

Prezident: «Sizlarga yanada qulay sharoitlar yaratib berishga doim tayyorman»
Foto: Prezident matbuot xizmati
Nukus shahrida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Butun mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni Qoraqalpog‘iston misolida yaqqol ko‘rish mumkinligi ta’kidlandi.

Bugungi tahlikali va murakkab zamonga qaramasdan, iqtisodiyot barqaror o‘sib borayotgani, dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari buni e’tirof etayotgani qayd etildi.

Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqladi.

Shunday yuksak marraga erishishda ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan azm-u shijoatli tadbirkorlarning hissasi beqiyos ekani e’tirof etildi.

Prezident rivojlangan davlatlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, katta-katta natijalari bilan yurtimiz nomini chet elliklarga tanitayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz borligini qayd etdi.

Bugungi uchrashuvda 40 dan ziyod ana shunday vatanparvar, ishbilarmon biznes vakillari ishtirok etmoqda.

Kuni kecha ilg‘or biznes vakillaridan 37 nafari orden va medallar bilan, 104 nafari «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Fursatdan foydalanib, davlat rahbari ularni chin dildan tabriklab, fidokorona mehnati uchun o‘z nomidan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!» - dedi prezident.

Prezidentdan boshlab bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman – barcha-barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘ldi.

Tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Eng muhimi – mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz «tekshir-tekshirlar» sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolar edi.

Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.

Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi.

Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi.

Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p bo‘ldi.

Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi «mahallabay» va «mijozbay» ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so‘m foydaga chiqdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident: «Sizlarga yanada qulay sharoitlar yaratib berishga doim tayyorman»