48
Shavkat Mirziyoyev Kelesdagi o‘zgarishlar, Zangiota va Yangiyo‘ldagi loyihalar bilan tanishdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabr kuni Toshkent viloyatida bo‘lib, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishdi. Davlat rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.
Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, ilgari bu tumanning markazi yo‘q edi. Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab yangi bino va majmualar qad ko‘targach, hududning qiyofasi tamoman o‘zgardi. Xususan, Keles yo‘li ko‘chasi kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi ko‘rkam inshootlar barpo etildi.
Eski, pastqam uylar o‘rnida 41 ta ko‘p qavatli turar joy qurildi. Endi ulardagi 2 536 ta xonadonda 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu uylarning yerto‘la va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 270 ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli bo‘ladi.
Davlat rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Renovatsiya loyihasida ijtimoiy infratuzilmaga katta e’tibor qaratildi. Markaziy shifoxona, tumanlararo perinatal markaz, bolalar bog‘chasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman tarixi muzeyi ishga tushirildi. O‘zgarishlar faqat tuman markazida emas. Hududda yaqin-yaqingacha ichimlik suvi muammo edi. Osiyo taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 4 ta havza qurilib, 365 kilometr quvur tortildi. Natijada 36 ta mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Oxirgi uch yilda tumanda 218 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, asfalt yotqizildi. Bunday ishlar yana davom etmoqda, deyiladi xabarda.
Shu yerda Toshkent tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish masalalari yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi. Joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz o‘sgan. Yangi qurilishlar va ulardagi korxonalar negizida soliq manbasi ko‘paygan. Toshkent tumanida 70 ta mahalla, 62 mingta oila bor. Ahvoli og‘ir bo‘lgan 372 ta oilaga ko‘maklashish uchun mas’ullar va choralar belgilangan.
Rejadagi loyihalar, bandlik hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 34 ming 443 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Prezident xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambag‘al oila vakillarini ishga olishini rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Toshkent tumani poytaxtimizning yonginasida. Bu yerda uy-joy, ishlab chiqarish, tijorat, xizmat bo‘yicha juda katta imkoniyatlar bor. Ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, o‘zi bu tumanda kambag‘alchilik bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun iqtisodiy kompleksga, mahallalarga berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kambag‘allikdan farovonlik sari yurish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga sanoatda o‘sish sur’ati 9 foiz, xizmat ko‘rsatishda 13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shavkat Mirziyoyevning keyingi manzili – Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” O‘zbekiston–Singapur qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Bu yerda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda. Modernizatsiya qilingan korxonadagi 12 ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va AQSHdan keltirilgan uskunalar o‘rnatilgan.
“Ko‘p detallar mahalliylashtirilgani hozircha ma’qul. Mutaxassislar zo‘r bo‘lsa, sifat ham, eksport ham oshadi”, – dedi prezident.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Mahsulotlar buyurtma asosida O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi. Xususan, UzAuto Motors'ning ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.
Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazish uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Korxona mahsulotlari IATF 16949:2016, ISO 9001:2015, ISO 45001:2020 hamda “Jeneral Motors”ning BIOS xalqaro sifat sertifikatlariga ega. Shu bois ularga xorijda ham talab bor. Xususan, o‘tgan yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, BAAga 3 mln dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida 2 mln dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.
Korxonada 220 ta ish o‘rni yaratilgan. Xodimlar shu yerdagi kurslarda o‘qitilib, keyin ishga qabul qilinadi.
Davlat rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2025 yilda 1,15 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely avto, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Loyiha samarasida 43 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan, 280 ming donaga yetkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev Yangiyo‘l tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasida ham bo‘lib, qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Bu sanoat zonasi 4 yil oldin 36 gektar maydonda tashkil etilgan edi. Muhandislik infratuzilmasi, ichki yo‘llar va binolar qurilib, ishlab chiqarish uchun qulay sharoit yaratildi.
Bu yerga qurilish materiallari, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmoqlarida 15 loyiha joylashtirilgan, shundan 10 ta ishga tushirilgan. Ularda o‘tgan yili 295 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Joriy yil yakunlari bo‘yicha bu raqamni qariyb ikki baravarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Hozircha bu korxonalarda 1 500 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Barcha loyihalar ishga tushsa, bandlik yana ortadi.
“Enter Steel” korxonasida metall konstruksiyalar, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, yuk ko‘taruvchi kranlar, burg‘ulash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshik, elektr qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu loyihaning qiymati 40 mln dollar bo‘lib, unga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilgan. Bu yerga Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlardan uskunalar keltirilgan. Bu esa mahsulotlar sifati va ish unumdorligi yuqori bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Prezident korxonaning ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Mutasaddilarga korxona mahsulotlari zarur bo‘lgan tarmoqlar bilan kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident “Tinchlik” KSZga tashrifida quyosh panellari va turli kabellar ishlab chiqarayotgan “Enter Green Solar” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
“Bunday yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy korxonalarimizni qo‘llab-quvvatlab, faoliyatini kengaytirishiga yanada ko‘proq sharoit yaratishimiz kerak", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 7 mln dollar bo‘lgan mazkur korxonaga Italiyaning “Ecoprogetti” kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan. Ular asosida yiliga 377 ming dona yuqori sifatli quyosh paneli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning o‘zida ham quvvati 125 kilovatt bo‘lgan panellar qo‘yilgan. Bu yerda 100 kishi mehnat qilmoqda.
Yangiyo‘l tumanidagi loyihalardan yana biri – “Mesal Water Technologies” bo‘lib, bu korxona suv tozalash inshootlari uchun 30 dan ortiq maxsus qurilma va uskunalar ishlab chiqarmoqda.
Loyihaga 1,7 mln dollar mablag‘ yo‘naltirilib, Xitoy, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatilgan. Korxona xalqaro sertifikatlarga ega. 50 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bunday korxonalar faoliyatining kengayishi aholi farovonligi va salomatligiga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Prezident Toshkent viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, investorlar bilan suhbatlashdi. Ma’lum qilinishicha, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Olmaliq shahrida “Buyuk ipak yo‘li” industrial texnoparki tashkil etiladi. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Zangiota tumanida esa Janubiy Koreya investorlari bilan birgalikda jigar, bo‘g‘im, ko‘z va miya faoliyatini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etiladi. U yerda 200 kishining bandligi ta’minlanadi.
Shavkat Mirziyoyev investorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, loyihalarning har bir bosqichini nazorat qilib, masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev, Kelesdagi o‘zgarishlar, Zangiota, Yangiyo‘ldagi loyihalar, Tanishdi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi