
Raqobat qo‘mitasi Pepsi savdo belgisiga egalik qiluvchi «International Beverages Tashkent» kompaniyasiga Baraka market supermarketlar tarmog‘ini sotib olishga ruxsat bergan. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
«Raqobat qo‘mitasi tomonidan «International Beverages Tashkent» MCHJ XKning «Urban Retail» MCHJ XKning 100 foiz ulushlarini olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.
«International Beverages Tashkent» MCHJ XK Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush va Lipton savdo belgilari ostida salqin ichimliklar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot;
«Urban Retail» MCHJ XK Baraka market savdo belgisi ostida supermarketlar tarmog‘i orqali spirtsiz salqin ichimliklar, oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisoblanadi.
Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim korporativ tarkibiy o‘zgartirish hisoblanishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelindi va arizani qanoatlantirish haqida qaror qabul qilindi», deyiladi xabarda.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, «Urban Retail» MCHJ 2020 yilning iyul oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 5 mlrd so‘m. Kompaniyaning 99 foiz ulushi BAAda ro‘yxatdan o‘tgan «Holten Enterprise Holdings Ltd» kompaniyasiga, 1 foiz ulushi «Holten Group Corp»ga tegishli. Rahbari sifatida Nikolay Viktorovich Razumovskiy ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, «Holten Enterprise Holdings Ltd» va «Holten Group Corp» mos ravishda 99,9 foiz va 0,1 foiz ulush bilan «International Beverages Tashkent» ta’sischilari ham hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar