date
views 59

Mirziyoyev: Qurilish sanoatida sifat va eksport birinchi o‘rinda bo‘lishi shart

Mirziyoyev: Qurilish sanoatida sifat va eksport birinchi o‘rinda bo‘lishi shart
2025 yil 19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatida olib borilayotgan ishlar va sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Prezidentga ma’lum qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar sohada 2,4 milliard dollarlik 312 ta yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa 16 ming nafar yuqori daromadli yangi ish o‘rinlarini yaratish, umumiy ishlab chiqarish hajmini 53 trillion so‘mga, eksport ko‘rsatkichini esa 1,2 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.

Sifat, tannarx va qurilish madaniyati – eng muhim mezon

Mutasaddilar Prezidentga belgilangan ko‘rsatkichlarga qanday erishish rejalashtirilayotgani, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar haqida axborot berdi.

Shavkat Mirziyoyev sohada sifat, tannarx va qurilish madaniyati asosiy mezonlardan biri ekanini ta’kidladi. Qurilishda mahalliy materiallardan samarali foydalanish va zamonaviy standartlarga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Energiyani tejash va innovatsiya – asosiy yo‘nalishlardan

Taqdimotda ta’kidlanishicha, o‘tgan yili yirik korxonalarda o‘tkazilgan energiya auditi natijasida 300 million kilovatt soat energiyani tejash imkoniyati aniqlangan. Prezident bu borada texnologik yangilanish, ishlab chiqarish jarayonini oqilona tashkil etish orqali xarajatlarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi.

Ishonchli nazorat va “Shaffof qurilish”

Davlat rahbari “Shaffof qurilish” platformasi orqali qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestrini shakllantirish, ular faoliyatini ochiq va sifatli nazorat qilish zarurligini qayd etdi.

Zamin.uz tahririyatidan:
Qurilish sanoati — iqtisodiyotning “drayver” sohasi sifatida innovatsiya, sifat va eksportbop mahsulotga tayanmog‘i shart. Prezident tomonidan belgilangan strategik vazifalar soha rivojini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mirziyoyev: Qurilish sanoatida sifat va eksport birinchi o‘rinda bo‘lishi shart