Lego kompaniyasi 2025 yilning dastlabki olti oyini ulkan muvaffaqiyat bilan yakunladi. Xabarlarga ko‘ra, kompaniyaning daromadi 12 foizga ortib, o‘zining tarixiy maksimumi — 5,4 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich Lego uchun eng yuqori yarim yillik natija sifatida qayd etildi.
Kompaniyaning o‘yinchoq konstruktorlari qatori ham sezilarli darajada kengaydi. Faqatgina shu davr mobaynida ularning assortimenti rekord darajada — 314 taga ko‘paydi. Shuningdek, yilning birinchi yarmida Lego dunyo bo‘ylab yana 24 ta yangi do‘kon ochishga ulgurdi.
Daromad o‘sishiga ayniqsa gullar va xona o‘simliklari ko‘rinishidagi o‘yinchoqlar, shuningdek Formula-1 miniatyura avtomobil to‘plamlari katta hissa qo‘shdi.
— Bu tariximizdagi eng yaxshi birinchi yarim yillik natija. Daromadda ham rekord, operatsion foydada ham rekord, sof foydada ham rekord… Juda xursandmiz, — dedi Lego bosh direktori Nils Kristiansen CNBC nashriga bergan intervyusida.
Kompaniya so‘nggi yillarda mahsulot turlarini muntazam kengaytirmoqda. Endilikda uy intereri uchun to‘plamlar, devoriy mozaikalar, turli dekoratsiya jihozlari ham Lego assortimentidan joy olgan. Shu bilan birga, kompaniya yangi litsenziya hamkorliklarini yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, “Bluey” bolalar animatsion seriali va “One Piece” animesi asosida to‘plamlar ishlab chiqildi.
Eng yirik qadamlardan biri — Pokemon bilan ko‘p yillik hamkorlikdir. Unga ko‘ra, Pokemon to‘plamlari 2026 yildan boshlab do‘konlarga chiqishi kutilmoqda.
Muttaxassislar fikricha, Lego o‘zining innovatsiya va ijodkorlikka yo‘naltirilgan siyosatini davom ettirar ekan, kompaniyaning kelgusi yillarda ham o‘sishi barqaror bo‘lishi mumkin.
Lego tarixiy rekordga erishdi: yarim yillikda ulkan o‘sish qayd etildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar