Rossiya iqtisodiy holati yuzasidan tashvishli xabarlar kelmoqda. Mutasaddilar fikriga ko‘ra, mamlakat budjeti dastlab rejalashtirilganidan ko‘ra yuqoriroq defitsit bilan yakunlanishi mumkin.
Sabab sifatida YaIM o‘sishi bo‘yicha prognozlarning pasayishi qayd etilmoqda. Bu esa budjet daromadlari bazasini qisqartirib, davlat resurslarini qo‘shimcha safarbar qilish zaruratini keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
«Interfaks» yozishicha, 2025 yil yakuniga qadar Rossiya federal budjeti hozirgi reja qilingan 1,7 foiz YaIMdan ham yuqori taqchillik ko‘rsatkichiga chiqishi mumkin. Jurnalistlarga ma’lumot bergan manba aytishicha, bu xulosa budjet loyihalarini tayyorlash jarayonida kun tartibiga chiqqan.
«Defitsit bo‘yicha, biz bahorda (joriy yilning - IF) ko‘rib chiqdik, u biroz oshdi — 1,7% YaIM. Balki bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Nazarimda, iqtisodiyot sovuqlashmoqda, o‘sish sur’atlari kutilganidan tezroq pasayyapti. Balki u 1,7% dan yuqori bo‘ladi», — dedi u.
Manbaning qayd etishiga ko‘ra, YaIM o‘sishi bo‘yicha pastroq kutilmalar sababli budjet daromadlari bazasi qisqaradi, bu esa resurslarni safardor qilish zaruratini keltirib chiqaradi.
«Iqtisodiyot sekinlashmoqda. Avvalroq biz o‘sish sur’atini 1,5% deb kutgan bo‘lsak, hozir bu raqam 1,2% ga tushdi. Shuningdek, resurs bazasi ham qisqaradi, shu bois joriy yilda resurslarni safardor qilamiz va keyingi yil budjetiga shunga qarab tayyorlaymiz», — deya tushuntirdi u.
Rossiya federal budjeti defitsiti 2025 yilning yanvar-iyul oylarida, Moliya vazirligi dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 4,879 trillion rublni yoki YaIMning 2,2 foizini tashkil etdi va yil uchun prognozdan oshib ketdi.
Dastlab, joriy yil uchun budjet to‘g‘risidagi qonunda 1,173 trillion rubl (YaIMning 0,5%) miqdorida defitsit rejalashtirilgan edi. Biroq bahorda kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3,792 trillion rublgacha (YaIMning 1,7%) oshirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!