Vashington ma’muriyatining hisob-kitoblariga ko‘ra, federal hukumatning qisman yopilishi (shatdaun) mamlakat yalpi ichki mahsulotiga haftasiga kamida 15 milliard dollar zarar keltirishi ehtimol qilinmoqda.
Oq uy tayyorlagan va respublikachi qonunchilarga taqdim etilishi rejalashtirilgan hujjatlarda ushbu raqamlar qayd etilgan. Ma’lumotga ko‘ra, “Prezident Donald Trampning iqtisodiy maslahatchilari uzoq davom etadigan yopilish jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin” deb ogohlantirgan.
Hisoblarga ko‘ra, agar shatdaun bir oy mobaynida saqlansa, ishsizlar soni 43 mingga oshishi mumkin. Shuningdek, taxminan 1,9 million federal xizmatchi vaqtincha ishdan chetlatilishi yoki maoshsiz ishga jalb qilinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, bir oylik yopilish natijasida iste’mol xarajatlari 30 milliard dollargacha qisqarishi mumkinligi ham aytilgan.
Ma’lumki, 1 oktyabr kuni yarim tunda AQSH federal hukumati mablag‘ yetishmasligi sabab qisman yopildi. Bunga Kongressdagi Respublikachilar va Demokratlar sog‘liqni saqlash hamda boshqa xarajat moddalari bo‘yicha kelisha olmagani sabab bo‘ldi. Tomonlar bir-birini shatdaunni sun’iy ravishda keltirib chiqarish va uni siyosiy maqsadlarda uzaytirishda ayblamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!