
O‘zbekistonda xorijiy valyutalar bo‘yicha ichki bozor faolligi keskin oshdi. Markaziy bank e’lon qilgan “Ichki valyuta bozori sharhi”ga ko‘ra, 2025-yil yanvar–oktyabr oylarida valyutaga bo‘lgan talab 24 foizga, taklif esa 26 foizga ko‘tarilgan.
Eng diqqatga sazovor holat shundaki, aholi tijorat banklariga 10 oy davomida 17,4 milliard dollar sotgan. Bu – 2024-yilning mos davridagidan qariyb bir yarim barobar yuqori ko‘rsatkich. Mazkur raqam mamlakatda valyutani rasmiy kanallar orqali sotishga bo‘lgan ishonch va faollik ancha oshganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2024-yil davomida aholi banklarga 13,2 milliard dollar sotgan edi. 2025-yilning uch choragidayoq bu ko‘rsatkich 15,2 milliard dollarga yetib, yillik rekordning qay darajada ortganini yanada yaqqol namoyon qildi.

Hisobot davrida banklar jismoniy shaxslardan 9,6 milliard dollar sotib oldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foiz ko‘p. E’tiborlisi, aholi taklifi talabdan 7,8 milliard dollarga ortiq bo‘lgan — bu ham o‘tgan yilga taqqoslaganda 1,4 barobar o‘sish demakdir.
Markaziy bank ta’kidlashicha, valyuta taklifining asosiy qismi xalqaro pul o‘tkazmalari hisobiga shakllangan. Joriy yil yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonga migrantlar tomonidan 15,8 milliard dollar yuborilgan — bu 2024-yilga qaraganda 3,2 milliard dollarga ko‘p. O‘sish sur’ati 25 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan 2,2 milliard dollar chiqib ketgan. Bu o‘tgan yilga qaraganda 147 million dollarga kam.
Ham talab, ham taklifdagi katta o‘sish O‘zbekiston valyutasavdo bozorida faollik, shaffoflik va bank tizimiga ishonch ortayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.