HIVE Digital Technologies Kanadada 320 MW quvvatli sunʼiy intellekt markazini quradi

HIVE Digital Technologies kompaniyasining BUZZ HPC shoʻba korxonasi Toronto yaqinida 320 megavatt quvvatga ega sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazini qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha toʻliq ishga tushgach, 100 mingdan ortiq GPU (grafik protsessor) quvvatini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatiga ega boʻladi. Kompaniya ushbu loyihaga taxminan 3,5 milliard Kanada dollari miqdorida investitsiya kiritishni va uni 2027-yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirishni koʻzlamoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
BUZZ kompaniyasi Toronto-Vaterloo texnologik koridorida 320 MW elektr energiyasi ajratilgan 25 gektar yer maydonini xarid qildi. Hozirgi kunda HIVE sunʼiy intellekt hisob-kitoblari uchun 5,5 mingga yaqin GPU boshqaradi va uning infratuzilmasi kelajakda 130 minggacha GPUʼni sigʻdira oladi. Kompaniya Kanada, Shvetsiya va Paragvayda jami 850 MW dan ortiq global quvvatga ega.
Yangi majmua Ontario elektr tarmogʻidan foydalanadi va suv sarfini kamaytirish uchun yopiq tsiklli sovutish tizimlari bilan jihozlanadi. Loyiha 800 dan ortiq qurilish ish oʻrinlarini yaratishi kutilmoqda. Ushbu xabarlar fonida HIVE aksiyalari dushanba kuni 27 foizdan koʻproqqa oʻsdi va yil boshidan buyon umumiy oʻsish 33 foizni tashkil etdi.
Soʻnggi haftalarda Bitcoin narxining pasayishi va xalvingdan keyingi iqtisodiy qiyinchiliklar sababli CleanSpark va MARA Holdings kabi yirik maynerlar choraklik zarar koʻrdi. Shunga qaramay, TeraWulf kabi kompaniyalar Bitcoin mayningidan tushadigan daromad kamayganiga qaramay, yuqori unumli hisoblash (HPC) operatsiyalari orqali daromadlarini oshirmoqda. Bu esa kripto-kompaniyalar uchun sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi investitsiya strategiyalari qanchalik muhimligini koʻrsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!