Dunyoning eng qimmat shaharlari: Toshkent Markaziy Osiyoda nechinchi o‘rinda?

Mashhur Numbeo portali yashash uchun jahondagi eng qimmat shaharlarning navbatdagi global reytingini e’lon qildi. Dunyoning 549 ta yirik shahri kiritilgan ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston poytaxti — Toshkent shahri ham qayd etildi. Zamin.uz reyting tafsilotlari va poytaxtimizdagi yashash qiymatini boshqa davlatlar bilan taqqosladi.
Toshkent dunyo va Osiyo reytingida
Reyting natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri 549 ta shahar ichida 488-o‘rinda qayd etildi. Poytaxtimiz 31,2 ball to‘plagan holda, Osiyo qit’asi shaharlari orasida 74-o‘rindan joy oldi.
Markaziy Osiyodagi vaziyat qanday?
Markaziy Osiyo mintaqasida yashash qiymati bo‘yicha Qozog‘iston shaharlari yetakchilik qilmoqda. Toshkent esa quyidagi ko‘rsatkichlar bilan mintaqada uchinchi o‘rinni egallagan:
Mintaqa shaharlari | Mintaqadagi o‘rni | To‘plagan balli |
Olmaota (Qozog‘iston) | 1-o‘rin | 40,1 ball |
Ostona (Qozog‘iston) | 2-o‘rin | 34,5 ball |
Toshkent (O‘zbekiston) | 3-o‘rin | 31,2 ball |
Dushanbe (Tojikiston) | 4-o‘rin | 29,9 ball |
Bishkek (Qirg‘iziston) | 5-o‘rin | 29,7 ball |
Dunyoning eng qimmat va eng arzon shaharlari
Reytingga ko‘ra, sayyoramizning eng qimmat hududlari Yevropa va Karib havzasida joylashgan bo‘lsa, eng hamyonbop shaharlar Osiyo qit’asi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Eng qimmat shaharlar: Shveysariyaning Syurix (123,4 ball) va Bazel (111,9 ball) shaharlari hamda Kayman orollari poytaxti Jorjtaun dunyoda yashash eng qimmat bo‘lgan hududlar deb e’tirof etildi.
Eng arzon shaharlar: Hindistonning o‘ndan ortiq shaharlari 17,3–18,8 ball o‘rtasidagi ko‘rsatkich bilan dunyoning eng arzon shaharlari sifatida qayd etilgan.
Reyting qanday hisoblanadi?
Taqqoslash mezoni: Indeksni tuzishda AQSHning Nyu-York shahridagi yashash qiymati asos sifatida olingan bo‘lib, unga 100 ball berilgan. Undan yuqori bo‘lgan har bir ball yashash narxi Nyu-Yorkdagidan bir foizga qimmatligini, undan past ball esa tegishlicha arzonligini bildiradi.
Masalan, Syurixda yashash narxi Nyu-Yorkdagidan 23,4 foizga qimmatroq. Toshkentda esa yashash narxi Nyu-Yorkka qaraganda 68,6 foizga arzonroqdir.
Mazkur nufuzli indeksni shakllantirishda mutaxassislar tomonidan quyidagi asosiy omillar hisobga olingan:
Uy-joy ijarasi narxi;
Oziq-ovqat mahsulotlari qiymati;
Restoranlardagi narx-navolar;
Aholining xarid qilish salohiyati.































Izohlar 0
…