Soliq qo‘mitasi keshbek bekor qilinmasligini ma’lum qildi

Soliq qo‘mitasi keshbek bekor qilinmasligini ma’lum qildi

Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda keshbek tizimi haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan izoh berdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, davlat tomonidan joriy etilgan keshbek tizimini bekor qilish yoki uning amal qilishini cheklash maqsadi yo‘q.

05.04.2023 yildagi PQ-113-son qarorga asosan, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan jismoniy shaxslar uchun alohida imtiyozli tartib belgilangan. Unga ko‘ra, qo‘y, mol va parranda go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar xaridi uchun odatdagi 1 foizli keshbek o‘rniga to‘langan QQSning to‘liq miqdori qaytariladi.

Biroq ayrim fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari ushbu mexanizmdan noto‘g‘ri foydalanishga uringani aytilmoqda. Xususan, soxta yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan fiskal cheklarni rasmiylashtirish orqali QQS summalarini asossiz qaytarib olish holatlari aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, may oyining o‘zida respublika bo‘yicha 389 ta korxona cheklari orqali QQSni qaytarib olmoqchi bo‘lgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»dagi 248,5 ming nafar shaxs shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan. Natijada 83,1 mlrd so‘mlik keshbek to‘lovi vaqtincha to‘xtatilgan. Aprel oyida esa 122,1 ming nafar shaxs bo‘yicha 102,5 mlrd so‘mlik to‘lov to‘xtatilgan.

Joriy yil aprel-may oylarida Navoiy viloyatida 13 ta MCHJga tegishli onlayn nazorat-kassa mashinasi cheklari orqali 105 524 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,8 mlrd so‘mlik keshbek to‘liq ushlab qolingan va to‘lab berilmagan.

Farg‘ona viloyatida 5 ta MCHJ cheklari orqali 95 ming nafar fuqaro 38,3 mlrd so‘mlik keshbekni ro‘yxatdan o‘tkazgan. Shundan 3,9 mlrd so‘mi to‘lovga tasdiqlangan, 34,4 mlrd so‘mi esa ushlab qolingan.

Andijon viloyatida 100 458 nafar fuqaro tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 34,1 mlrd so‘mlik keshbek summasidan 5,8 mlrd so‘m to‘lovga tasdiqlangan. 23,8 mlrd so‘mlik qismi ushlab qolingan va fuqarolarga to‘lab berilmagan.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, aniqlangan holatlar keshbek tizimining o‘ziga emas, balki undan noqonuniy manfaat ko‘rishga uringan ayrim shaxslar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli. Maqsad tizimni to‘xtatish emas, balki uning adolatli va manzilli ishlashini ta’minlashdir.

Qo‘mita fuqarolarni «Soliq» ilovasida faqat o‘zlari amalga oshirgan xaridlar bo‘yicha berilgan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazishga chaqirdi. Boshqa shaxslar tomonidan taqdim etilgan cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik so‘raldi.

Soxta cheklarni sotish yoki xarid qilish holatlariga duch kelgan fuqarolar Soliq organlarining Komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmalariga murojaat qilishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar