O‘zbekistonda ommaviy soliq keshbegi bekor qilinishi mumkin

O‘zbekistonda ommaviy soliq keshbegi bekor qilinishi mumkin

O‘zbekistonda xarid cheklari uchun beriladigan 1 foizli soliq keshbegini bekor qilish taklif etilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi institut ommaviy to‘lovlar o‘rniga manzilli qo‘llab-quvvatlash choralariga o‘tishni maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda.

Mutaxassislar fikricha, keshbek mexanizmi fuqarolarni xarid cheki talab qilishga o‘rgatdi. Biroq hozirgi bosqichda u budjet uchun katta xarajatga aylanmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026 yilga borib keshbek to‘lovlari uchun sarflanadigan mablag‘ 1,8 trln so‘mga yetishi mumkin. Bu maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi uchun ajratiladigan budjetdan ikki baravar ko‘p ekani aytilmoqda.

Taklif mualliflari amaldagi tizim samaradorligi pasayganini ham ta’kidlamoqda. Chunki budjet mablag‘lari yirik savdo tarmoqlaridagi xaridlar uchun ham to‘lanyapti. Bu tarmoqlar esa allaqachon qonuniy va ochiq ishlaydi.

Yana bir muammo, cheklarni haqiqiy savdosiz rasmiylashtirish holatlari bilan bog‘liq. Ayrim shaxslar keshbek olish uchun amalda mahsulot sotilmagan bo‘lsa ham chek chiqargani aniqlangan.

Onlayn nazorat-kassa mashinalari va tovarlarni markirovkalash tizimi kengaygani sabab soliq nazorati uchun ommaviy keshbekka ehtiyoj kamaygani aytilmoqda.

Shu bilan birga, islohot ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar uchun QQSni qaytarish tartibiga ta’sir qilmaydi. Bu mexanizm ijtimoiy yordam maqsadida ishlaydi va aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Keshbek o‘rniga umumiy ovqatlanish va kichik chakana savdo kabi xavf yuqori bo‘lgan sohalarda davlat lotereyalarini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu budjet xarajatlarini taxminan 20 baravar kamaytirib, yiliga 100 mlrd so‘m atrofida ushlab turishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar