20 dan ortiq bank chalg‘ituvchi reklama uchun jarimaga tortildi

Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligi talablarini buzgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘lladi.
Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi. Olib borilgan monitoring va tahlillar davomida OAV, internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda qonun talablariga zid reklamalar joylashtirilayotgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, bunday holatlarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar reklamasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim reklamalarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar berilgan.
Amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasiga ko‘ra, moliyaviy xizmatlarga oid reklama boshqa axborotdan aniq ajralib turishi kerak. U iste’molchilar ishonchini suiiste’mol qilmasligi, ularning tajribasi yoki bilim yetishmasligidan foydalanishga qaratilmasligi lozim.
Bundan tashqari, reklama qilinayotgan moliyaviy xizmatga bevosita aloqasi bo‘lmagan ma’lumotlar berilishi mumkin emas. Shartnoma tuzishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shartlar esa to‘liq ochib berilishi shart.
Qo‘mita o‘rganishlarida ayrim reklamalarda omonatlar va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sug‘urta to‘lovlari kabi muhim ma’lumotlar umuman ko‘rsatilmagani ma’lum bo‘lgan.
Ba’zi hollarda esa bu ma’lumotlar juda qisqa, noaniq yoki iste’molchi tushunishi qiyin bo‘lgan shaklda berilgan. Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamasida ikki ma’noli iboralardan foydalanish, shartlarni bo‘rttirib ko‘rsatish va boshqa tashkilotlar nomi yoki tovar belgilariga oid kalit so‘zlardan foydalanish orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari ham kuzatilgan.
Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamasida ma’lumotlar aniq, to‘liq va iste’molchilar uchun tushunarli shaklda berilishi kerakligini eslatdi. Ma’lumotlar o‘qilishi qiyin bo‘lgan mayda shriftda, fon bilan qo‘shilib ketadigan yoki yashirin matn ko‘rinishida taqdim etilmasligi shart.
Qo‘mita noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi axborot joylashtirish holatlari aniqlansa, qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini ma’lum qildi.


























Izohlar 0
…