Gulistonda avtomoykada yong‘in chiqib, Cobalt ham yonib ketdi

Kecha, 15 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan avtomashina yuvish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida avtomoyka binosining bir qismi hamda u yerda turgan Cobalt rusumli yengil avtomobil to‘liq yonib ketdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yong‘in haqidagi xabar FVBga soat 18:31 da kelib tushgan. Hodisa Guliston shahridagi “Obod yurt” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan avtomashina yuvish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Yong‘in natijasida shoxobchaning taxminan 80 kvadrat metr maydondagi tom va shift qismi, shuningdek, Cobalt rusumli avtomashina to‘liq yongan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Natijada yong‘in soat 19:02 da to‘liq bartaraf etilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olgan yoki kuyganlar yo‘q. Shuningdek, qutqaruvchilarning tezkor harakati tufayli avtomashina yuvish shoxobchasining taxminan 220 kvadrat metr qismi hamda unga yaqin joylashgan 80 kvadrat metrlik ovqatlanish kafesi yong‘indan saqlab qolingan.






























Izohlar 0
…