22:56 / 26.06.2017
11 226

Qayta moliyalash stavkasi oshirildi: bu turmushimizga qanday ta’sir qiladi?

Qayta moliyalash stavkasi oshirildi: bu turmushimizga qanday ta’sir qiladi?
24 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining boshqarmasi yig‘ilishida Markaziy Bankning qayta moliyalash foizini 14 foizgacha ko‘tarish haqida qarori chiqdi. Ushbu qarorgacha bizda qayta moliyalash stavkasi 9 foizga teng edi. Xo‘sh, qayta moliyalash stavkasi bu nima degani? Nima uchun stavka foizlari oshirildi? Bu biz uchun nimani o‘zgartiradi? Keling, savollarga javob topishga harakat qilib ko‘ramiz.

Qayta moliyalash stavkasi nima o‘zi?


Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bu Markaziy bankning Respublikadagi boshqa banklarga taqdim qiladigan puliga qo‘yilgan to‘lov foizidir. Masalan, sodda tilda aytilsa, Markaziy bank bizdagi banklarga kredit beradi, banklar o‘z navbatida ushbu kreditni jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz qilib qayta tarqatadi. Bunda Markaziy bankdan ma’lum bir foizga olingan kreditni ustiga o‘z foizini qo‘shib tijorat banki aholiga kredit tarqatadi. Masalan, Markaziy bankdan tijorat banki bir million so‘m olsa, endilikda yangi stavkaga binoan ushbu summaga 14 foiz qo‘shib ya’ni 1 140 000 so‘m qilib qaytarish kerak. Ushbu summadan tijorat banki o‘z daromadini qo‘shib aholiga qarz yoki kredit beradi. Tijorat banki Markaziy bankdan 14 foizlik stavkada olgan bo‘lsa, aholiga uni 20 yoki 22 foizlik stavkada sotadi va o‘rtadagi foizlar bu tijorat bankining daromadidir.

Nima uchun Markaziy bank aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit bermaydi?

Markaziy bank faqat yirik miqdordagi summalar bilan ishlaydi. Bu erda gap bir necha milliarddan tortib bir necha 100 milliard haqida ketmoqda. Mana shu holatda tijorat banklari aholi va Markaziy bank o‘rtasiga vositachi rolini o‘ynaydi va bundan, albatta o‘z daromadini oladi. Boshqa tomondan, Markaziy bankda Respublikaning hamma nuqtasida minglab filiallarni ochib, aholi bilan ishlash imkoniyati mavjud emas.

Tijorat banki Markaziy bankdan olgan summasiga noinsoflik qilib juda katta foiz qo‘yishi mumkinmi?

Ha, mumkin. Deylik, Markaziy bankdan 14 foizlik ctavka bilan olib, aholiga 30 foizdan sotishi mumkin. Lekin, bu holatda bank o‘z mijozlarini yo‘qotadi. Banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lgan taqdirda mijoz foizi kamroq bankka borishni ma’qul ko‘radi.

Qayta moliyalash stavkasi nima asosida belgilanadi?


Qayta moliyalash stavkasi foizlari mamlakat iqtisodiyotining umumiy ahvoli va mamlakatdagi inflasiya darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Markaziy bank bir necha yil davomida sun’iy tarzda stavkani 9 foiz atrofida ushlab turdi. Aslida, iqtisodiyot ancha achinarli ahvolda ekanligi, inflasiya rasmiy foizlardan ancha ko‘pligi ko‘pchilikka ma’lum edi. Mamlakatda agar inflasiya darajasi oshib borsa, Markaziy bank ham qayta moliyalash stavkasini oshirib boradi. Agar inflasiya darajasi pasayib borsa, unda qayta moliyalash foizi ham pasayib boradi. Dunyoda hatto manfiy qayta moliyalash stavkasiga ega mamlakatlar ham bor. Masalan, Daniyada hozirgi kunda qayta moliyalash stavkasi – 0,5 foizdan iborat.

Agar faqat raqamlar bilan oladigan bo‘lsak, bu holat bizda inflasiyaning oshib borayotganligini ko‘rsatadi va bu iqtisodiy vaziyat unchalik ham yaxshi emasligini anglatadi. Lekin, bizda amalda inflasiya bir necha yildan beri baland edi va rasmiy raqamlar sun’iy tarzda ushlab turilgandi. Hozirgi holarda Maraziy Bank muammoni tan olib, vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qila boshlagani juda ham quvonarli holat. Muammoni borligini tan olmasdan turib uni echib bo‘lmasligi hammamizga ma’lum.

Xo‘sh, bu real hayotda nimani o‘zgartiradi?

– Bu birinchi navbatda kredit foizlarini oshishiga sabab bo‘ladi. Endi siz ipoteka, biror buyum xarid qilish uchun yoki boshqa maqsadda kredit oladigan bo‘lsangiz, ushbu kredit foizlari hozirgiga nisbatan oshib boradi. Stavkaning oshishi hozirgacha olingan kreditlarga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, bu haqida hali ma’lumot berilmadi va manimcha yaqin kunlarda tijorat banklari orqali buni bilib olsak kerak.
– Boshqa tomondan bu omonat foizlarining oshishiga xizmat qiladi. Siz o‘z omonatingizni bankka qo‘ygan taqdirda, bank sizga ma’lum bir foiz va qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqib foiz qo‘shib beradi.
– Keyin, bu davlat oldida turli xil qarzi bor shaxslarga ta’sir qiladi. Masalan, siz jarima yoki bir necha yildan qolib kelayotgan bank yoki davlat oldidagi qarzingizni to‘lamoqchisiz, kechiktirilgan muddatga qayta moliyalashtirish stavkasi foizlari umumiy summaning ustiga qo‘shiladi.
– Bizda qonunchilikni bilmadimu, ko‘plab davlatlarda, masalan Qozog‘istonda agar ish beruvchi xodimning maoshini kechiktirsa, unga qayta moliyalashtirish foizlarini ham qo‘shib to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu borada biror huquqshunoslikni yaxshi biladigan hamyurtimiz ma’lumot bersa tashakkur izhor etardim.
– Bu omonat foizlari oshgandan so‘ng aholini o‘z pulini banklarda saqlashga chorlashi mumkin. Endilikda, siz bankda omonat saqlab, hech bo‘lmaganda yillik 14 foiz daromad olish kafolatiga ega bo‘lasiz. Hozirda fuqarolarimiz asosan o‘z pullarini AQSh dollarida saqlab turadilar va katta miqdordagi pul qora bozor orqali yoki ikkilamchi iqtisodiyotda ayblanadi. Agar banklar kafolat bersa va erkin konvertasiya evaziga AQSh dollarining kursi stabillashsa bu aholining o‘z pulini banklarga qo‘yishga chorlashi mumkin.
Mamlakatdagi banklar orqali mablag‘larning aylanishi bank tizimining rivojlanishiga, bank xizmatlari yaxshilanishiga olib keladi va bundan umumiy tarzda mamlakat iqtisodiyoti yutadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu biz uchun qilinishi kerak bo‘lgan qadam edi va endilikda Markaziy Bank muammoni tan olib, harakatlarni boshlab yubordi. Umid qilamizki, bu mamlakat iqtisodiyoti, inflasiyaning pasayishi, so‘mning qurbini oshishi uchun ijobiy rol o‘ynaydi.

Agar bu borada qo‘shimcha ma’lumot bera oladiganlar bo‘lsa, kommentariyalarda ma’lumotlaringizni kutib qolaman.

Biroz wikipediadagi ma’lumotlar asosida qayta moliyalashtirish stavkalirini solishtirib chiqdim:

– AQSh: 0.75 %
– Evropa Ittifoqi: 0.00 %
– Rossiya: 10 %
– Daniya: -0.5 %
– Yaponiya: -0.1 %
– Ukraina: 12.5 %
– Belorussiya: 13 %
– Uzbekiston: 14 %

Manba: tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qayta moliyalash stavkasi oshirildi: bu turmushimizga qanday ta’sir qiladi?