date
views 5 505

Oltin-valyuta zahiralari nima degani va uning davlatga qanday foydasi bor?

Oltin-valyuta zahiralari nima degani va uning davlatga qanday foydasi bor?
Markaziy bankning respublika oltin-valyuta zahiralari toʻgʻrisida bergan oxirgi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zahiralari kamaydi.

Yalpi oltin-valyuta zahiralari 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi (sentyabrda 26,8 mlrd dollar edi). Ulardan xorijiy valyutadagi aktivlar - 12,4 mlrd dollar (bir oy avval 12,9 mlrd dollar boʻlgan), monetar oltin - 13,9 mlrd dollar (sentyabrda 13,9 mlrd dollar boʻlgan).

Sof oltin-valyuta zahiralari 25,4 mlrd dollarga teng boʻlib turibdi (bir oy avval 25,9 mlrd dollar boʻlgan).

Markaziy bank izohiga koʻra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida oltin-valyuta zagʻiralarining pasayishi oltin narxining 1296,50dan 1183,50 doll/tr. unsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi.

Xoʻsh, oltin-valyuta zahiralari oʻzi nima va uning mamlakat iqtisodiyotida tutgan oʻrni qanday?

Davlatning rasmiy zahirasi

Oltin-valyuta zahiralari davlatning yuqori likvidligi bilan ajralib turuvchi aktivlaridir. Ular maxsus davlat strukturalari (davlat gʻaznasi va markaziy banklari, AQSHda Federal zaxira tizimi) tomonidan nazorat qilinadi.

Oddiy soʻz bilan aytganda, oltin-valyuta zahiralari davlatning oltin va boshqa mamlakatlar valyutalaridagi rasmiy zahirasidir.

Oltin-valyuta zahiralari nimalardan tashkil topadi?

- Oltin-valyuta zahiralari qimmatbaho metallar (quyma oltin, tanga, platina, palladiy, kumush) va qimmatbaho toshlardan;

- davlatlaro miqyosda zahira valyutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSH dollari, yevro, shveysar franki yapon iyenasi, funt-sterling);

- XVJ (Xalqaro valyuta jamgʻarmasi) chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Bu pul birliklari moddiy jihatdan mavjud boʻlmaydi. Bu vositalar hukumatning maxsus hisoblarida yozilgan boʻladi. Ulardan xalqaro qarzlarni uzishda, milliy valyuta kursini toʻgʻrilashda, XVJ bilan hisob-kitoblarda foydalaniladi.

Shuningdek, XVJdagi zahira pozitsiyasi ham mavjud boʻlib, bu zaxira miqdori mamlakatning XVJga kirayotganida toʻlagan badal puli miqdoriga teng boʻladi. Agarda XVJning biror aʼzosi pulga muhtoj boʻlib qolsa, XVJ unga moliyaviy yordam sifatida oʻsha badal pulini qaytarib beradi.

Oltin-valyuta zahiralarini nimalarga sarflash mumkin?

Mamlakatlarning oltin-valyuta zahiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

- mamlakatning toʻlov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;

- inflyatsiyani ushlab turish, milliy valyutani moliya bozorida qoʻllab-quvvatlash uchun valyuta sotib olishga;

- davlatning tashqi qarzlarini toʻlash uchun;

- davlatlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar va boshqalar uchun.

Oltin-valyuta zaxiralari qanday shakllantiriladi?

Har bir mamlakatning oltin-valyuta zahiralari oʻziga xos sugʻurtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois, oltin-valyuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati boʻlishi kerak. Oltin-valyuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakat oltin-valyuta zahiralari muomaladagi pul miqdoridan sezilarli darajada koʻproq boʻlishi kerak. Bu zaxiralar tashqi qarzlarni qaytarishga va uch oy davomida import mahsulotlarni olib kirishga yetishi lozim.

Katta miqdordagi oltin-valyuta zahiralariga ega boʻlgan yirik davlatlar deyarli hech narsani xorijiy banklar hisob raqamlarida saqlamaydi. Ular pul vositalari mamlakat ichida boʻlishini va ishlashini maʼqul koʻrishadi.

Oltin-valyuta zahiralaridan foydalanish va boshqarish uch xil tarzda amalga oshirilishi mumkin.

Zaxiralarning egasi Gʻazna yoki Moliya vazirligi hisoblanadi. Oltin-valyuta zahiralaridan qanday foydalanishni ular hal qiladi. Markaziy bank ularning topshirigʻini bajaradi xolos. Bunday mexanizm Buyuk Britaniyada yoʻlga qoʻyilgan.

Markaziy bank oltin-valyuta zahiralarining yagona egasi boʻladi. Zahiralarni shakllantirish va undan qanday foydalanishni Markaziy bank belgilaydi. Germaniya va Fransiyada mana shu model amal qiladi.

Oltin-valyuta zahiralariga egalik qilish va boshqarish vakolatlari Markaziy bank va Gʻazna/Moliya vazirligi oʻrtasida taqsimlanadi. Bunday tizim Rossiya, Yaponiya, AQSHda joriy etilgan.

Qaysi davlatlar eng koʻp oltin-valyuta zaxiralariga ega?

Dunyoda oltin-valyuta zahiralari miqdori boʻyicha Xitoy birinchi oʻrinda turadi. 2018 yil sentyabr oyi holatiga koʻra, bu davlatning oltin-valyuta zahiralari miqdori 3087 mlrd dollarni tashkil etadi. Ikkinchi oʻrinda Yaponiya (1259,6 mlrd dollar), uchinchi oʻrinda Shveysariya (800,4 mlrd dollar) turadi. Keyingi oʻrinlarda Yevropa ittifoqi (786,3 mlrd dollar), Saudiya Arabistoni (504,5 mlrd dollar), Tayvan (460,4 mlrd dollar), Rossiya (459,2) mlrd dollar, Hongkong (426,4 mlrd dollar), Janubiy Koreya (403 mlrd dollar), Hindiston (399,6 mlrd dollar), Braziliya (380,6 mlrd dollar) va Singapur (291,3 mlrd dollar) joylashgan.

Bu davlatlar butun dunyodagi oltin-valyuta zahiralarining qariyb 75 foizini saqlaydi.

Oltin-valyuta zahiralari davlatga nima beradi?

Davlatning oltin-valyuta zahiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishini kafolatlaydi.

Davlat zahiralari bilan taʼminlash qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi. Ular jumlasiga mamlakat valyutasini qoʻllab-quvvatlash, davlat siyosatiga ishonchni saqlab turish, pul-kredit vositalarini boshqarish, inqirozli vaziyatlarda karaxtlikka tushib qolmaslik, mamlakatning ishonchlilik reytingini ushlab turish kabilar kiradi.

Milliy valyutasi devalvatsiyaga uchrashi xavfi yuqori boʻlgan mamlakatlar oltin-valyuta zahiralarini barqaror darajada ushlab turishi lozim. Davlatning oltin va valyuta zahiralari keskin kamayishi iqtisodiy pasayishni keltirib chiqarishi mumkin.

Manba: Kun.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Oltin-valyuta zahiralari nima degani va uning davlatga qanday foydasi bor?